Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

0
87
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan 7 dekabr kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning siyosat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdilar. 
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Konstitutsiya – xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri mahsuli, asriy qadriyatlarimizning beqiyos timsolidir» mavzuida ma’ruza qildi. 

Bundan roppa-rosa yigirma besh yil muqaddam umumxalq muhokamasidan keyin har tomonlama va chuqur o‘ylangan, demokratik yo‘l bilan qabul qilingan Konstitutsiyamiz yangi jamiyatning huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi. 

Prezidentimiz ma’ruzasida ta’kidlanganidek, Asosiy qonunimiz xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hyech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashining qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. 

Mamlakatimizda ro‘y berayotgan buyuk o‘zgarishlar, turli sohalardagi islohotlar xalqimiz turmush tarzida tub burilish yasadi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida insonlarning manfaatlari yo‘lida haqiqiy islohotlar konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda amalga oshirildi. Bu yilda «Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘» degan g‘oya amalga to‘liq tatbiq etilib, davlat hokimiyatida mutloqo yangi tizim — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi, aholining eng dolzarb muammolarini hal etishning samarali tizimi yaratildi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarni harakatga keltiruvchi kuchga aylandi. 

Yakuniga yetayotgan yilda Konstitutsiyamizning hayotiy negizi nechog‘li mustahkam ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Konstitutsiyaviy qoidalar fuqarolarimizning kundalik hayotida to‘laroq namoyon bo‘ldi. Chunki Asosiy qonunimizda inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida muhrlab qo‘yilgan. Eng asosiysi, odamlar islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o‘z hayotida his qilish imkoniga ega bo‘ldi. 

Yil davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan da’vat zamiriga qurildi. Bu esa yurtdoshlarimizning qalbida aks-sado berib, Vatan va yurt taqdiriga dahldorlik tuyg‘usi bilan yashashi, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch-g‘ayratini ishga solishiga turtki bo‘ldi. 

Marosim san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.