Mamlakatimizda Navro‘z sayillari bo‘lib o‘tmoqda

0
125
marta ko‘rilgan.

Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Elimizning ko‘p asrlik urf-odatlari, orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha mazmun-mohiyat kasb etdi, mamlakatimizda yashayotgan barcha millatlar orziqib kutadigan umumxalq bayramiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda bu ayyomga katta tayyorgarlik ko‘rildi.

Navro‘z bayrami hamma joyda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahridagi asosiy bayram tadbirlari “O‘zekspomarkaz” bog‘ida bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

“O‘zekspomarkaz” hududi bayramona bezatilgan. Mehmonlar uchun ayvonchalar, san’atkorlar uchun sahnalar tashkil etilgan.

Bu yerda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hukumat a’zolari, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari jam bo‘lgan.

Bu yilgi bayram har galgidan boshqacha bo‘ldi. Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston va har bir viloyat uchun alohida joy ajratildi. Unda har bir hududning o‘ziga xos san’ati, an’analari, hunarmandchiligi, taomlari namoyish etildi.

Falklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, milliy o‘yinlar, odamlarning o‘yin-kulgulari barchaga zavq-shavq ulashdi.

Shavkat Mirziyoyev odamlar bilan ko‘rishib, suhbatlashdi. Bog‘ bo‘ylab har bir hududning badiiy chiqishlarini tomosha qildi. Barchani Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Yurtimizga qut-baraka, xalqimizga tinchlik-farovonlik tiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.