Milliy kutubxonada besh kun

0
332
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yoshligimiz o‘tgan qutlug‘ maskan. O‘sha paytda ulug‘vor ko‘ringan bu ilm maskani ikkita o‘quv zalidan iborat edi. Birida bizdek talabalar va barcha mushtariylar mutola qilsa ikkinchisida olimlar ilm bilan mashg‘ul bo‘lishardi. Qadrdon kutubxona qirq besh yil ichida to‘rt joyga ko‘chdi. Bugungi muhtasham ziyo maskani bilan qiyoslasangiz oldingilari mo‘jazgina bo‘lib ko‘rinadi. Milliy kutubxona besh qavatli qasrdan iborat bo‘lib, barcha shart-sharoitlarga ega o‘n beshta o‘quv zali, katta-kichik majlislar zali, ko‘rgazmalar zali, hatto bolalar xonasi mavjud. Kutubxonaga a’zo bo‘lish tartibi juda qulay. Ikki daqiqada rasmingiz tushirilgan a’zolik xujjatini qo‘lingizga tutqazishadi. O‘quv zallari kompyuterlashtirilgan va ular internetga ulangan. Ayvonlari ulug‘vor. Birinchi qavatning ayvonida an’anaga aylangan INFOLIB – Axbort – kutubxona haftaligining tantanali ochilishi bo‘ladi. Chor-atrof sharlar bilan bezatiladi. Orkestr go‘zal kuy ijro etib turadi. O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining chiqishlarini xuddi teatrlardagidek ikkinchi qavatning ayvonidan ham tomosha qilish mumkin. Bularning bari Vatanimiz mustaqilligining, mamlakatimizdagi ulug‘vor islohatu bunyodkorlikning sharofati, albatta. Ushbu ziyo maskanida o‘sha muhtashamlikka yarasha dillarga ziyo ulashadigan o‘ttizdan ortiq tadbir bo‘lib o‘tdi. Haftanoma keng qamrovligi, ayniqsa yosh mutaxassislar, bolalar, umuman yoshlarning ishtiroki hisobga olinganligi bilan ham o‘ziga xos bo‘lib, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Haftanomaning har bir kuni o‘ziga alohida nomlanadi.

Birinchi kun – ochiq eshiklar kuni. Tantanali ochilish bo‘lib o‘tgandan so‘ng mutaxassislar uchun “Foydalanuvchilarning axborot madaniyati va mediasavodxonligini shakllantirishda axborot – kutubxona muassasalarining o‘rni” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Milliy kutubxona rahbariyati davra suhbatini qisqa kirish so‘zi bilan ochib, haftanomaning maqsad – muddaosi bilan tanishtiradi. Yana men qatnashgan tadbirda Toshkent shahar “Bilim” kutubxonasi direktori Hofiza Karimova kutubxonadan foydalanish, biblografik xizmatni samarali yo‘lga qo‘yishdagi ish uslublari, Chilanzar tumanidagi 195-maktab bolalari bilan mediasavodxonlikni yuksaltirishda olib borgan tajribalari xususida gapirdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi kutubxonasi direktori Zuhra Berdiyeva Koreya respublikasining kitobxonlik borasidagi ilg‘or tajribalari xususida hikoya qildi.

Axborotlashgan jamiyatning taraqqiy etishi axborot-kutubxona tizimining rivojlanishiga va aholiga xizmat ko‘rsatilishining tubdan o‘zgarishiga olib kelganligi tufayli ma’ruzalarning ahamiyati katta bo‘ldi… Kutubxona mutaxassislari bir-birining tajribasini o‘rganishdi, fikr almashishdi. Davra suhbati doirasida mahorat darslari ham bo‘lib o‘tdi.

O‘sha paytda kichik zalda esa navoiyxonlik soatlari o‘tkazildi… Alisher Navoiyning “Hamsat ul – mutaxayyiriyn” asarining navoiyshunos Aziz Qayumov va filologiya fanlari doktori Dinara Azimovaning sa’y-harakatlari bilan rus tiliga o‘grilgan ”Pyateritsa izumleniy” kitobining taqdimoti bo‘ldi. Tarjima Navoiy va Jomiy asarlarining jahon maydoniga olib chiqilishida samarali faoliyat bo‘ldi.

Markaziy Osiyoning ilk ovozsiz filmlari foto ko‘rgazmasi tashkil etilib, ovozsiz filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi. San’atshunoslik fanlari nomzodi Nigora Karimovaning “Muqaddima” loyihasi asosida tayyorlangan tadbirning qimmatli tomoni shundaki, butun dunyoga kino san’ati endi kirib kelayotgan bir paytda bizning yurtimizda ham kino sohasi rivojlanganidan dalolat beradi.

Ikkinchi kun-mutaxassislar kuni. Axborot kutubxona sohasi mutaxassislari mahoratini yuksaltirish, kasb nufuzi va ahamiyatini oshirish maqsadida o‘tkazilgan”Axborot kutubxona muassasaining eng yaxshi mutaxassisi” tanlovining respublika bosqichidagi ikki kun davom qildi. U O‘zbekiston Respublikasi Axborot tenologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlntirish vazirligi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta-maxsus va kasb-hunar ta’limi, Xalq ta’limi vazirligi tassarufidagi axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari o‘rtasida o‘tkazildi. Mutaxassislar to‘rt yo‘nalishda o‘z iqtidorlarini namoyish etdilar. Innovatsion texnologiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvi ayniqsa qiziqarli kechdi. Har bir komanda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdilar. Masalan, Toshkent shahrining “Olmas” komandasi Uztelekom korxonasi bilan hamkorlikda “SMS-xabarnomasi tashkil etish”g‘oyasini ilgari surdi. Aholini yangi adabiyotlar, tadbirlar, mahorat darslari kabi mavzularda muntazam yangiliklar bilan tanishtirib borish kitobga bo‘lgan mehrni kuchaytiriini ifoda etdilar. Andijon viloyati komandasi esa bolalar uchun tayyorlangan “Kitoblar qasri-orzular ro‘yobi” innovatsion tenologiyasini namoyish etdi. Kutubxona qoshida kichkintoylarni kitoblar olamiga yetaklovchi kitoblar qasri bunyod etish lozimligini ta’kidlab, qasrning qo‘lda chizilgan loyihasini ko‘rsatib, uning ahamiyatini aks ettirdi.

Bellashuvda farg‘onaliklar birinchi, andijonliklar ikkinchi, Toshkent shahri komandasi uchunchi o‘rinni egalladi. Shuninggdek, Buxoro va Toshkent viloyatlariga ham keyigni o‘rinlar ajratildi. Har bir ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ayni kunda axborot resurslarini tushinadigan, jahon va milliy madaniy boyliklarni qidirish va amalga oshirish yo‘llarini amalga oshira oladigan bilimdon foydalanuvchilarga ehtiyoj o‘sib bormoqda. KADATA avtomatlashgan axborot kutubxona tizimi bo‘yicha treningda Be Pro kompaniyasi mutaxassisi ushbu tizim haqida so‘zlab berdi. Tizimga a’zo bo‘lgan va a’zo bo‘lmagan foydalanuvchilarning kirish qoidalari ya’ni oddiy, kengaytirilgan, mufassal va lug‘at bo‘yicha amalga oshiriladigan qidiruv bilan tanishtirdi. Mutaxassis mazkur tizimda ishlash tajribasi bor kutubxona foydalanuvchilari bilan muloqat ham olib bordi. Sohani yanada rivojlantirishda ularning fikrlari asqatishini ta’kidladi.

Kun yakunida O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi va O‘zbekistondagi Italiya elchixonasi hamkorligida musiqa kechasi bo‘ldi. Italyan tili asoschisi, buyuk shoir Dante Aligyeri tavalludining 750 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda yosh ijrochilar ”Ilohiy komediya” asaridan musiqalar ijro etdilar.

Uchinchi kun – ijod kuni. Bu kun asosan yosh ijodkorlar bilan ishlash soatlari bo‘ldi. Butun e’tibor kutubxonaning yosh o‘quvchilariga qaratildi. Bu bejiz emas albatta. Zero, mamlakat kelajagi va ilmiy salohiyati ular qo‘lida bo‘ladi. Kutubxonaning “Tafakkur”zalida 41-maktabning 6-7-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Adabiyot bilimdoni” tanlovida klassik va hozirgi zamon milliy va jahon adabiyoti namoyondalarining eng yaxshi bilimdonini aniqlandi.

“Ijod” zalida esa Toshkent shahar musiqa kollej va litseylari o‘quvchilari uchun musiqiy qobiliyatlarini yuksaltirishga ko‘iaklashish maqsadida “Musiqa bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi.

Kinomarkazda esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun axborot madaniyati va mediasavodxonlik bo‘yicha ko‘plab mahorat darslari o‘tkazildi. U YUNESKOning “Axborot-kutubxona muassasasi mutaxassislarining axborot madaniyatini va mediasavodxonligini shakllantirish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Darslarni kutubxonaning yetakchi mutaxassislari olib bordilar.

Rus madaniyat markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahar maktablarining 3-4-sinf o‘quvchilari orasida “Biz kitobni sevamiz” nomli bolalar chizgan suvratlarining ko‘rgazmasi uyushtirilib, tanlov o‘tkazildi.

Kun yakunida “Barkamol avlod” bolalar markazining musiqiy chiqishi hamda O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron bilan ijodiy uchrashuv ishtirokchilarga olam zavq bag‘ishladi.

To‘rtinchi kun-xorijiy tillar kuni Mamlakatimizda bolalarning til o‘rganishiga alohida e’tibor berilyapti. Bu borada mamlakatimiz Prezilenti I. Karimovning maxsus qarori ham bor. Xalqimiz “til bilgan dil biladi” deydi Shuning uchun ushbu kun talabalarning til egallashishiga ko‘maklashishga bag‘ishlandi.

Kutubxonaning“Jahon” zalida AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda “AQSHda ta’lim” mavzuida suhbat uyushtirildi. AQSHda ta’lim tizimi, abituriyentlarga qo‘yiladigan talablar, kerakli hujjatlar va ularni topshirish muddatlari, ta’lim olish narxlari, talabalik hayoti va o‘quv davrida ishlash imkoniyatlari, talabalik vizasini rasmiylashtirish va ta’lim olgandan keyingi istiqbollar xususida suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Yana AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda xat va insho yozish ko‘nikmalari bo‘yicha trening o‘tkazildi va mavzuni mustahkamlovchi viktorina uyushtirildi.

Kichik majlislar zalida esa Britaniya kengashi bilan hamkorlikda “Ingliz tili bilimlari bo‘yicha xalqaro IELTS testlari: amaliy savollar” mavzuida suhbat bo‘ldi. Unda ishtirokchilarIELTS testlariga tayyorgarlik va uni topshirishga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Britaniya kengashi bilan hamkorlikda uyushtirilgan ikkinchi bir tadbirda Buyuk Britaniyadagi oliy ta’lim muassasalari xususida ma’lumot berildi.

Toshkentdagi Gyote instituti bilan hamkorlikda nemis tilini o‘rganuvchilar bilan amaliy mashg‘ulotlar uyushtirildi. Ishtirokchilar nemis tilini o‘rganishga yordam beradigan internet resurslari bilan tanishib, ular bilan ishlashni amalda sinab ko‘rdilar.

Koreya elchixonasi va ”Maragi” klubi bilan hamkorlikda koreyscha so‘zlashish klubining faoliyati bilan tanishdilar. Koreya ta’limi tizimi va koreys tili bilimlarini aniqlash bo‘yicha xalqaro TOPIS testi haqida ma’lumot oldilar. Tadbir so‘ngida Koreya Respublikasi madaniyati va tarixi borasidagi bilimlarni baholovchi tanlov bo‘lib o‘tdi.

Kun davomida “Jahon adabiyoti” jurnali jamoasi va xalqaro musiqa tanlovlari g‘oliblari Sardor Milano va Sabina Musayevalar bilan ijodiy uchrashuv bo‘ldi.

Beshinchi kun-madaniyatlar xilma xilligi kuni. Mamlakatimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat vakillari do‘stona va tinch yashab, bir-biridan o‘rganadi va o‘rgatadi. Bu kun tashkil etilgan ko‘rgazmalar, konsertlar do‘stona hamkorlikni, osoyishta hayotimizning ramzi bo‘ldi. Turli-tuman ko‘rgazmalar esa yurtimizda turfa millat hunarmandchiligi ardoqlanayotganini ifodaladi. Turli zallarda xalq amaliy san’ati, badiiy o‘ymakorlik, gilamdo‘zlik, kashtachilik bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi. Zargarlik buyumlar ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlarini namoyish etayotgan Fotima Yusupova shunday deydi: “Men Nizomiy nomidagi pedogogika institutining kasb ta’limi fakultetini bitkazib, ota-bobolarimning kasbini davom qildirayapman. Zargarlik bilan shug‘ullanayotgan to‘rtinchi avlodman. Ustozim otam bo‘ladi”. Uning shaxsiy ko‘rgazmasi juda nozik ishlangan yuzdan ortiq mahsulot milliy va o‘zga millatlarning zargarlik usullari mavjudligi bilan ajralib turardi.

Pskentlik tadbirkor Dilnoza Rahmonqulova milliy mato adrasdan tayyorlangan, chapon, kostyum, nimcha, ko‘ylak, so‘mka, hamyon kabi mahsulotlari bilan qatnashdi.”Pskent tuman hunarmandlar uyushmamizda 70ta kasanachi va 8ta tadbirkorimiz bor, ular xalq amaliy san’ati va iste’mol buyumlari ishlab chiqarishning 42 xil yo‘nalish bo‘yicha ishlashadi. Ayni kunda yangi bir yo‘nalishni toshga ishlov berib turli mo‘nchoqlar, edalik buyumlar iyasashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Xalqimiz orasida is’tedod egalari juda ko‘p. Ularning faoliyatini to‘g‘ri o‘zanga sola bilish kerak, faqat. Bu esa ularning oilasiga ham yurtimizga ham qut-baraka keltiradi”.-deydi u

Tadbirkor Jahongir Umarov hamkorlikda yaratgan o‘quv dasturi bo‘yicha Toshkent shahridagi Olmazor yengil sanoat kasb-hunar kollejida gilamchilik mahoratidan dars berilmoqda. “Bunday ko‘rgazmalar, mahorat darslari bizni tajriba almashishga va ijodkorlikka chorlaydi. – deydi u.

Tadbirning oxirgi kunida ozarbayjon yozuvchisi Yunus O‘g‘izning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Malika va jodugar” tarixiy romanining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston baynalminal madaniyati markazi qoshidagi azarbayjon, koreys, rus, uyg‘ur palyak, tatar, qozoq madaniyat markazlarining badiiy chiqishlari bo‘ldi. Bularning bari osoyishta yurtga to‘ylar, bayramlar yarashishini ifodalab turibdi. Eng asosiysi bu tadbirlar har yili o‘tkazilishi an’anaga aylanganligi bilan go‘zaldir!

 

Ra’no Zaripova

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.