Oqar daryo

0
857
marta ko‘rilgan.

Urganchdagi “Ziyokor” kitob do‘koni sohibasi To‘xtajon Abduraxmonova Xorazm viloyatida o‘tkazilgan “Namunali kitob do‘koni” ko‘rik-tanlovida I-darajali diplom va kompyuter jamlanmasi bilan taqdirlandi.

Viloyatda bo‘lib o‘tgan kitob bayrami doirasidagi tanlovda 21 ta kitob do‘koni chuqur o‘rganildi. Urganch shahridagi “Xorazm ma’rifati” xususiy korxonasiga qarashli “Ziyokor” kitob do‘koni mudiri To‘xtajon Abduraxmonova birinchi o‘rinni olganida tantana ishtirokchilari mehnat faxriylari mustaqil yurtimiz faxri ekanligini ta’kidlashdi.

Bu ayolning g‘ayratiga, shijoatiga qarab uni mehnat nafaqasida deb o‘ylamaysiz. “Inson uchun birinchi baxt uning sog‘ligi, ikkinchisi go‘zallikdir” degan edi donishmand Aflotun. Go‘zallik deganida, albatta tashqi qiyofa emas, qalb go‘zalligi, ezgu harakatlarning chiroyliligi nazarda tutiladi. To‘xtajonning ana shunday orzulari ezgu, harakatu amallari ezgu!

Allomalar nafaqaga chiqqan davrni ikkinchi hayotning boshlanishi, insonning aqliy to‘lishgan davri deyishadi… Zero, yoshlikda odam oila, ro‘zg‘or, bola-chaqa parvarishi, xizmatchilik deb yelib-yugiradi. Vaqtni, hayotni shamoldek o‘tyotganini sezmay qoladi, biroq, bu jarayonida tajriba to‘playdi. Mutaxassis bo‘lib yetishadi. Bola tarbiyasida ham o‘z fikriga ega bo‘ladi. Shuning uchun xalqimiz dono qariyani oqar daryoga qiyoslaydi. To‘xtajon Abduraxmonova uzun hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Hozir esa ta’bir joiz bo‘lsa, keksalikning gul davrida. Uning nafaqaga chiqqaniga o‘n yilga yaqinlashdi. O‘tgan o‘n yil uning uchun hayotining eng go‘zal davri – yuksalishlar davri bo‘ldi. Allomalarning”axmoq uchun keksalik jabru jafo, johil uchun umrning qishi, donishmand uchun-oltin kuz”degan so‘zlarini ishlatsak, keksalik uning uchun oltin kuz bo‘ldi.

U bir umr kitob magazinida ishlab keldi. Mehnat faoliyatini o‘n sakkiz yoshida kitob do‘konida oddiygina sotuvchilikdan boshlagan To‘xtajon Abduraxmonova bu kasbga bir umrga bog‘lanib qoldi. Keyinchalik kitob magazinining mudiri bo‘ldi. Bu orada to‘rt farzandni tarbiyalab er-xotin qo‘sh qanot bo‘lib voyaga yetkazishdi. Mamlakat istiqloli uning hayotini yanada nurga to‘ldirdi. Magazinni xususiylashtirib olishdi.

Magazin Urganch shahrining qoq markazida Partov ko‘chasida joylashgan edi. Torgina ko‘chada pastqam uylar turnadek tizilgan bo‘lib, ko‘rimsizgina bu yerni kitob magazini nurga to‘ldirib turardi. Ziyo maskani hamisha gavjum bo‘lib, el odamlariga nur ulashardi. Yoshu qari u yerni “To‘xtajon opaning magazini” derdi. Shaharliklarning bari bu joyni yaxshi bilardi. Chunki, hammaning uyida farzandi bor, ular kitob o‘qiydi. Hayot ana shunday bir tekis oqardi. Ertalab eri ishga tashlab ketadi. Kechqurun olib ketadi. Ertalab bolalarini bog‘chaga, maktabga berishadi Kechqurun yig‘ib chiqishadi.

Ishxonada esa kuni bilan odamlar orasida, biri u kitobni biri bu kitobni so‘rab keladi. Odamlarning tabiatiga qarab kitob tavsiya qiladi. Buning uchun kitob olamidagi yangiliklarni avvalo o‘zi bilib olardi. U kitoblarni mutolla qilgan sari bu olamga qattiq bog‘lanib borardi.

Nafaqaga chiqsa ham sevimli faoliyatini davom qildirib. yurganida boshida qora bulut paydo bo‘ldi. Ham erini yo‘qotdi ham butun umriga, hayotiga guvoh bo‘lgan do‘koni yer bilan tekis qilindi. Bu yo‘qotish uning qalbini larzaga soldi. Dunyo ko‘ziga qarong‘u bo‘lib ko‘rindi. Axir uning butun umri shu maskan bilan bog‘lik. Bu yerda baxtini topdi, bu yerda kasbga bo‘lgan muhabbatni ko‘ngliga tugdi. Axir, qirq uch yil bo‘libdi-ki, bu maskan uning ikkinchi uyiga aylangan edi… Mamlakatimiz mustaqqil bo‘lib xususiy mulkchilikka yo‘l ochilgach, o‘zi ishlagan magazinni xususiylashtirib olganida bir quvondi. Kitob savdosi yanada gullab-yashnaganida, istiqlolni alqadi. Elga ziyo ulashib, o‘z oilasi farovonligiga munosib hissa qo‘shib turgan do‘koni buziladigan bo‘lib qolganida, gangib qoldi. Necha-necha tunlarni yig‘lab bedor o‘tkazdi. Kuyindi, og‘rindi, Biroq, qarilik nafaqasida bo‘lsa ham o‘zini, qaddini tiklashga va do‘konni qayta gullatishga kuch topa oldi. “Nima-ki bo‘lsa, yaxshilikka yo‘ymoq kerak ekan. Davlatimiz eski do‘konimni buzgani uchun evaziga 40 million mablag‘ berdi. Unga qo‘shimcha davlatdan kredit ham oldim va yangi qurilishni boshlab yubordim. Ko‘z qo‘rqoq qo‘l botir degani shu bo‘lsa kerak. Yangi ko‘chada yangi magazinim qaddini ko‘rsatgan sari g‘am – tashvishlarim unitildi” – deydi u. Uning gaplarini tinglab, uning umr yo‘liga qarab, hayotini kuzatib, inson ana shu ulug‘vor olamning bir zarrasi ekanligini, kishi jamiyatdan ayro yashay olmasligini, undagi o‘zgarishlar inson taqldiriga ham ta’sir etishini anglab yetamiz.

“Urganch shahrining bosh rejasini amalga oshirish, obodonlashtirish ishlarini va Xorazm viloyati aholisini ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi mamlakatimizning birinchi prezidenti qarori aslida nur ustiga nur bo‘ldi. Ushbu qaroru farmoyishlar asosida ishchi kommisiyasi tuzildi, viloyatni ijtimoiy iqtisodiy-rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan majmuaviy dasturlar ishlab chiqildi.

Mazkur dasturlar asosida viloyat, jumladan, Urganch shahri ulkan qurilish maydoniga aylantirildi. 2013–2017 yillarda Urganch shahrining ijtimoiy bozor infratuzilmasini rivojlantirish va arxitektura qiyofasini o‘zgartirish bo‘yicha 127 ta chora-tadbirlarning bajarilishi belgilandi. O‘tgan yillar ichida ushbu qadimiy va navqiron shahar butunlay yangi qiyofaga ega bo‘ldi. Ana shu ulug‘vor o‘zgarishlarga To‘xtajon ham munosib hissa qo‘shdi, desak arziydi. Yana qanday paytda qarilik gashtini surib o‘tiradigan bir davrda! “Ancha qiynaldim, biroq, ko‘rib turibsiz zamonaviy kitob do‘koni vujudga keldi. Bu yerda nafaqat ushbu do‘kon qaytadan barpo etildi, balki ushbu ko‘cha qayta qurildi. Har kuni ishga kelayotganimda ravon yo‘llar, shinam va ko‘rkam binolar, go‘zal yoritgichlar qo‘yilgan ko‘chamizni ko‘rganimda quvonaman. Ishxonamga kirib esa yana bir quvonchimga ming quvonch qo‘shiladi. Gavjum do‘konimni, ziyoga intilayotgan xaridorlarni ko‘rib dilim yanada ravshanlashadi. – deydi do‘kon direktori To‘xtajon Abduraxmonova.

Keyingi yillarda shaharning bosh maydoni yonida Yangi Urganch ko‘chasi qad rostladi. Bu yerda dehqon bozori zamonaviy loyiha asosida qaytadan qurildi. Shuningdek, “To‘maris” nomli uch qavatli gipermarket shahar husniga husn qo‘shib turibdi. U ona bolalar uchun juda qulay sharoitlarga ega. Qishda issiq, yozda salqin. Yangi Urganch ko‘chasiga parallel joylashgan shoir Partov nomidagi ko‘cha ham To‘xtajon aytgandek, qaytadan qad rostladi. Bir paytlar bu yer pastqam eski uylardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi loyihaga ko‘ra xalq amaliy san’ati namunalarini xarid qilish mumkin bo‘ladigan zamonaviy va milliy uslubdagi o‘ziga xos savdo-sotiq tarmoqlari ko‘chasiga aylantirildi. Qayta barpo etilgan Partov ko‘chasi To‘xtajon Abduraxmonovaning “Ziyokor” kitob magazinidan boshlanadi. Ushbu do‘kon ham milliy arxitektura uslubidagi ko‘chaga monand ravishda qaytadan barpo etildi.

Bu kitob do‘konining qayta ishga tushgan kunini To‘xtajon hech unitmaydi. O‘sha kuni qaytadan bunyod etilgan Urganch aeroportining ochilishi ham bo‘lgani, magazin ochilishi tantanasida viloyat hokimi o‘rinbosari, senator Sayyora Abdukarimova ham qatnashgani xususida zavq-shavq bilan gapiradi.

Uning so‘zlarini tinglab, men ham qadrdon shahrim Urganchda deyarli har kuni biror inshoatning ochilish tantanalarida qatnashish mumkinligini faxr va zavq-shavq bilan yurakka tuydim.

Zero, men To‘xtajon bilan qayta bunyod etilgan ko‘rkam va so‘lim go‘shalardan biri “Yoshlik” ko‘chasining Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan kitob bayramida tanishdim. Birinchi marta talabalarni qabul qilishga shay turgan bilim dargohida ziyoga yo‘g‘rilgan ilk tadbir – “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor”shiori ostidagi Respublika “Kitob bayrami”ining Xorazm viloyati tadbirlari tantanali tarzda o‘tkazildi. Ushbu bayramda To‘xtajon yangi kitoblarning ko‘rgazmasini ham uyushtirishda qatnashdi.

“Kitob bayrami” tadbirlarining ochilishida viloyat hokimi ham qatnashib, bayram ishtirokchilarini ma’naviyat, ma’rifat, adabiyot va go‘zal qadriyatlar bayrami bilan qutlab, shunday dedi: – Xalqimizning eng yaxshi fazilatlaridan biri uning kitobga bo‘lgan cheksiz muhabbatidir, Zero, millatning millat, xalqning xalq bo‘lib shakllanishida kitobning o‘rni benihoyadir. Kitob – millatning bebaho madaniy va ma’naviy merosi sifatida qadrlanadi va bu meros avlodlardan avlodlarga o‘tib kelmoqda. Ana shu davomiylikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelayotganlar bu elimizning baxtli, fidoyi odamlaridir”.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblariga viloyat hokimining diplomi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Ular safida To‘xtajon ham bor edi.

Bugungi kunda Urganch shahrida va tuman markazlarida zamonaviy me’moriy go‘zallik asosida qad rostlagan namunali kitob do‘konlari kitobsevarlarning sevimli dargohiga aylanmoqda. Bunyod etilayotgan kitob do‘konlari xaridorlar uchun juda qulayligi, yorug‘ va shinamligi, kitoblarning turli xilligi, ko‘pligi hamda sotuvchilarning xoridorlarga xushmuomalasi bilan alohida ajralib turadi.

Biz birinchi o‘rinni egallagan To‘xtajon Abduraxmonovaning do‘konini kuzatamiz. U yer mamlakatimizning birinchi prezidenti portreti, Davlatimiz madhiyasi, gerbi va bayrog‘i aks etgan plakatlar bilan bezatilgan. Albatta, bu ham xoridorlar uchun targ‘ibot-tashviqotning bir yo‘nalishi hisoblanadi. Peshtaxtadagi shiorlar ham e’tiborni tortadi: “Kitob – xazina, aql – boylik”, “Kitob-aql qal’asi!” Ular yana bir go‘zal ko‘rgazmali ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ekanligi bilan bolalarni, yoshlarni, barchani bilimga chorlab turgani bilan afzaldir.

Do‘konda kitoblarga qo‘yilgan narxlar, turkumlashtirish darajasi, tashqi ko‘rinishi, joylashuvi, dizayni, ozodaligi, yorug‘ligi, bolalar adabiyotlariga 10 foiz, kattalar adabiyotlariga 20 foizdan ortiq qo‘shimcha narx belgilanmaganligi bilan ajralib turadi. Savdo xizmati, sotuvchilar madaniyati talab darajasida. Do‘konda 550 nomdagi 20 mingdan ortiq kitob mavjud bo‘lib ular yigirma bo‘limga ajratilgan. Kitoblar sohalar bo‘yicha alohida javonlarga taxlangan. Do‘kondagi mavjud kitoblar “Iqtisodiyot”, “Badiiy adabiyotlar”,”Tibbiyot”, “Bukinist”, “Jahon adabiyotlari”, “Bolalar adabiyoti”, “O‘quv-uslubiy adabiyotlar”, “Kollej adabiyotlari”, “Tilga oid adabiyotlar”, “Ajdodlarimiz merosi”, “She’riyat”, “Detskaya literatura”, “Russkaya literatura” kabi nomlanishlar ostida turkumlashtirilgan.

Kassa uskanasining yonida ikkita diplom osilgan. “Namunali kitob do‘koni” ko‘rik – tanlovida olgan birinchi va ikkinchi darajali diplom edi. Uning yonidagi stolda televizor ishlab turardi. Magazin sohibasi bu diplomga qo‘shib berilgan mukofot ekanligini izohladi.

O‘tgan yili kollejni bitirib bu yerga ishga kelgan Ro‘zagul Raximova shunday deydi:”Ishga kelganimda, bu yerda zerikib o‘tirsam kerak, kim ham kirardi deb o‘ylagan edim. Biroq kelgan-ketganning keti uzilmaydi. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz nurga intilishini shu yerga kelib anglab yetdim”, – deydi samimiylik bilan u.

Biz do‘konga borgan kuni u yerga konditsioner o‘rnatilayotgan ekan. “Erimni yo‘qotganligim ana shunday daqiqalarda juda bilinadi. Meni eng yaqin yordamchim edi. Kitob do‘konimdagi mana bunday texnik ishlarga bosh-qosh edi… – deydi u.

To‘xtajon eri bilan ikki qiz va ikki o‘g‘li – to‘rt farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdi, ularning har biri hayotda o‘z o‘rnini topib ketgan. Dukonda uch kishi ishlasa, biri o‘zining qizi Dilfuzaxon Ibadullayeva. U onasidan do‘kondorlik sirlarini, xoridorlar bilan o‘ta madaniyat bilan gapirisha olish, kitobga mehr qo‘yishda ularga ko‘maklashish mahoratidan saboq olmoqda. “Bu yerda qizim men bilan yonma yon ishlayotgani, ishimni davom ettirayotgani meni juda xursand qiladi. Qolaversa, qizim magazinning hisob-kitob ishlarini ham yuritadi. Oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydik desak ham bo‘laveradi. Mustaqil O‘zbekistonimizning “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonuni bizdek tadbirkorlarning ishini yanada yengillashtirdi”, – deydi To‘xtajon.

To‘xtajon meni yangi Partov ko‘chasi bo‘ylab kuzatib qo‘yar ekan, yonma yon joylashgan do‘konlar bilan bir-bir tanishtirib o‘tadi. “Yonimdagi bu magazinda beshik va uning o‘ziga xos anjomlari sotiladi. Bu magazinda esa kelin liboslarini istab kelganlarning keti uzilmaydi. Bunisida esa Xorazm xalq amaliy san’atini aks ettiruvchi ro‘zg‘orbop buyumlar, bunisida milliy liboslar. Bir so‘z bilan aytsa, bu yerga kelgan kishi zarur ro‘zg‘orbop buyum, libos, esdalikbop narsalarni bemalol xarid qilib ketadi. Bir qarashda bu ko‘chadagi magazinlar muzeyni eslatadi, shunday emasmi?! Ko‘chaning ana shunday qadimiy rastalarga o‘xshatib, tashkil etilgani kitoblarning xaridorgirligini ham ta’minlayapti. Urganchning qaytadan bunyod etilayotganidan, unda bizning ham hissamiz borligidan juda xursandman.” deydi u zavq bilan.

To‘xtajon bilan xayrlashar ekanman, odamlar qalbida ezguliklar borligidan, go‘zal qadriyatlar davom etayotganidan, bularning bari mamlakatimizdagi iqtisodiy-ijtimoiy siyosatning tantanasi ekanligini yurakdan his qilaman.

 

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmai ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.