Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov: Muhimi, hamkor tanlashda adashmadik

0
125
marta ko‘rilgan.

Men bir ijodkor, o‘zbek qizi, jumladan Xorazm farzandi bo‘lganim uchun Jaloliddin Manguberdi haqidagi tarixiy serial yaratilayotganidan benihoya xursandman.

Ijtimoiy tarmoqlarda bosh rolni kim ijro etishi haqida turli xil munozaralar ham bo‘ldi. Ushbu sevimli tarixiy obrazni kim ijro etishi emas, eng asosiysi,  tariximiz to‘g‘ri talqin qilinishi muhim. Jaloliddin Manguberdi kabi Vatan uchun jon berib, qon kechgan buyuk shaxsni butun jahon ahli bilsa bas, degan fikrlar kechgan ko‘nglimdan.Axir bu yoshlarimiz, farzandlarimiz qalbida Vatan tuyg‘usini yuksaltiradi.

Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Turkiyaga safarini ijodkor, jurnalist sifatida  madaniyat.uz sayti orqali qiziqish bilan kuzatdim. Xalqimizning milliy qahramoni obrazi yaratilayotgan ushbu serial “Muhtasham yuz yil” va “Ertug‘rul” serialidek  sevilib tomosha qilinishini istayman.  Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning madaniyat.uz saytidagi quyidagi fikrlari ham film ijodkorlariga  bo‘lgan   ishonchimizni yanada  oshiradi:

–  Mana, nafaqat turkiy xalqlar, balki butun dunyoga ma’lumu mashhur, barchaning hurmatini qozongan «Tekden film» va «Bo‘zdag‘film» boshqaruv kengashi raisi Mehmet Bo‘zdag‘ bilan tanishib, hamkorlik qilayotganimizga ham ikki yil bo‘libdi.

Bu insonga hurmatim, ayniqsa, uning ssenariysi va prodyuserligida yaratilgan “Ertug‘rul” serialini tomosha qilganimdan so‘ng yanada oshdi. Ushbu kinoasar juda mukammal yaratilgani uchun ham butun tarixga bo‘lgan munosabatim tubdan o‘zgardi. Va o‘shanda Prezidentimiz topshirig‘i bilan, ya’ni O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi yo‘lida belgilangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq millatimizning asl qahramoni Jaloliddin Manguberdi haqidagi tarixiy serialni suratga olish ishlarini aynan shu inson ko‘magida amalga oshirishimiz mumkinligini tushundim.

Do‘stimizga hamkorlik taklifini berganimda, bildirgan fikrlaridan tanlov borasida adashmaganimni angladim. Tarixni yaxshi ko‘radigan, bunda har bir detalni nazardan chetda qoldirmaydigan, asosiysi, o‘zbek millatini sevadigan, unga bildirilgan ishonchni oqlash yo‘lida butun tarixiy asarlarimizni, adabiyotlarimizni katta qiziqish bilan o‘qib-o‘rgangan inson, o‘z kasbining haqiqiy ustasi bilan hamkorlikda ishlayotganimdan xursandman.

Biz ushbu film orqali o‘zbek millatini butun dunyoga olib chiqishimizga, hammaga asl tariximizni ko‘rsata olishimizga ishonamiz. Buning uchun har birimiz bor kuchimizni ishga solamiz.

Nasib etsa, yaqin kunlarda, avvalo, xalqimizga “Mendirman Jaloliddin” teleserialini taqdim etamiz.

Ozodbek Nazarbekov ta’kidlaganidek, mening ham film ijodkorlariga “Ertug‘rul” serialining yaratuvchilari ekanligini bilganimdan keyin yanada ishonchim ortdi. Tug‘ qadimiy turkiycha so‘z bo‘lib, bugungi tilda bayroq degan ma’noni bildiradi. Buvim rahmatlik bayroqni tug‘ deb ishlatar edi. Bu so‘z bizning tilimizda yaqin – yaqinlarda ham qo‘llanilardi. Er-o‘g‘lon demak. Ertug‘rul so‘zi- yurt bayrog‘ini baland ko‘targan o‘g‘lon degan ma’noni anglatadi, menimcha.

– “Ertug‘rul”  serialida davlat muhri haqida gap boradi. U kimning muhri edi? – deya dugonam so‘rab qoldi.

– Bizning hududimizda qadimda milliy davlatchilikka asos solgan tarixiy shaxs – O‘g‘izxon! Bu haqida temuriyzoda, alloma Mirzo Ulug‘bekning  “To‘rt ulus haqida”gi kitobida, shuningdek, Xorazmshoh Abulg‘ozi Baxodirxonning “Shajarai turk”asarlarida ushbu manba haqida fikrlar mavjud. O‘qib ko‘rishingizni tavsiya qilaman, – deya javob berdim.

Go‘zal tariximizni, fidoyi ajdodlarimizni “Mendirman Jaloliddin” teleseriali, Jaloliddin Manguberdi obrazi  orqali jahon ahliga tanishtirishlarida film ijodkorlariga omadlar tilab qolaman.

Ra’no ZARIPOVA, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.