“Mendirman Jaloliddin” serialida hamkorlikda ijod qilayotgan o‘zbek san’atkorlari

0
97
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev  2020 yil 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimidagi nutqida  Istanbulda Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet borligini, Turkiya kitob fondlarida Alisher Navoiy asarlarining 100 dan ortiq qo‘lyozmalari saqlanib kelinayotganligini faxr bilan ta’kidlagan edi:

– O‘zbek va turk xalqlarining ildizi bir, ma’naviyati mushtarak. Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Alisher Navoiy merosi xalqlarimizning milliy yuksalishiga katta hissa qo‘shgan. Qozizoda Rumiy Samarqandda mudarrislik qilgan. Ali Qushchi hayotining so‘nggi yillarini Istanbulda o‘tkazgan. Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif So‘fizoda, Said Ahroriy kabi ko‘plab jadid bobolarimiz Turkiyada tahsil olgan.

 Oliy darajadagi uchrashuvdan keyin madaniyat va san’at sohasidagi hamkorliklar  yanada  yuksaldi. Ozodbek Nazarbekov  xushovoz xonanda sifatida elimizning nazariga tushgan, mehrini  qozongan edi. Endilikda tashabbuskor va salohiyatli tashkilotchi ekanligini ham ko‘rsatdi. Turkiya va O‘zbekiston hamkorligida suratga olingan “Beruniy” nomli hujjatli film namoyishi hamda turk va ingliz tillarida chop etilgan “Beruniy” kitobining taqdimoti ham buni isbotlab turibdi.

Shuningdek, ayni kunda “Mendirman Jaloliddin” serialida hamkorlikda ijod qilayotgan o‘zbek akterlari barchani qiziqtirmoqda. Serialda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Saida Rametova, Tohir Saidov, Botir Xolmirzayev, Ra’no Shodiyeva, aktyorlar Javohir Zokirov, Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Akbarxo‘ja Rasulov, Akmaljon Mirzayev, Rayhon Ulasenova, Yulduz Rajabova, Feruza Normatova, Farhod Badalov, Nurmuhammad Husniddinov, Jamshid Sagatov, Yahyo Po‘latov, Jahongir Abdumalikovlar ham suratga tushmoqda. Ular ot minish va qilichbozlik bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tishdi. Shu bilan birga turk tilini mukammal o‘rganib, tarix fani bo‘yicha ham bilimlarini boyitishdi. Ha ular xalqimiz mehnatkash, g‘ayratchan, tashabbuskorligini yana bir karra isbotlashdi.

“Bozdag‘ film” kinokompaniyasi rahbari Mehmet Bo‘zdag‘ yurtimiz aktyorlari haqida ezgu fikr bildirib shunday dedi: Ular endi dunyo miqiyosidagi filmlarda ham rol o‘ynashga tayyor. Shaxsan o‘zim keyingi filmlarimga ham aynan o‘zbek akterlarini jalb etmoqchiman, chunki keyingi serialimiz Mirzo Ulug‘bek haqida bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos, tarjimon va noshir Boboxon Muhammad Sharif serial bosh maslahatchisi sifatida qatnashmoqda. Liboslar bo‘yicha   Sevara Zunnunova va Sharofat Hasanxo‘jayeva dizayner sifatida faoliyat yuritishmoqda.

 O‘zbek va turk  xalqlari bilan birga butun jahon ahli ushbu serialni sevib tomosha qiladi, degan umiddamiz.

Gujum.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.