“Muslim traveler”: Bir kunni o‘zida ham qor, ham sakura gullari, ham dunyodagi eng qadimgi Qur’on mus’hafini yana qaerda uchratish mumkin?!

0
224
marta ko‘rilgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Indoneziyaning “Net TV” telekanali bilan hamkorlikdagi loyihasi “Muslim traveler” ko‘rsatuvi ijodkorlari yurtimizning eng go‘zal manzillarini kashf etishda davom etmoqda.

Ijodkorlar dastlabki kunni ziyoratgohlarga sayrdan boshlagan bo‘lsa, keyingi kun erta tongdan tabiat qo‘yniga sayohat zavqi bilan Chimyon tog‘lariga yo‘l olishdi. Indonez sayyohlariga jonu dili bo‘lgan qor va chang‘i uchish majmuasi mehmonlarni bir necha soat e’tibori va fotokameralarini band etdi. Tasvirga olish ishlarida Toshkent viloyati hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari yaqindan ko‘mak berdi.

Kunning ikkinchi yarmida shaharga qaytib, indonez mehmonlar ta’rifi bilan aytganda, “juda keng va ozoda ko‘chalar” bo‘ylab sayr uchun Toshkentning ko‘zga ko‘ringan saylgoh va madaniy hordiq markazlariga yo‘l olishdi. Sayyohlarning eng sevimli saylgohlaridan biri sanalgan Amir Temur hiyoboni va Sohibqiron haykali orqali yurtimizning tarixiga nazar tashlandi, shaharsozlikning yuksak na’munalarini yaratgan bobomiz davomchilari yangi avlodlar bunyod etayotgan ko‘rkam binolar namoyish etildi.

Saylgohda boshlovchi Shaza Belladona mahalliy badiiy san’at ustalari ishlarini kuzatib, o‘zining portretini chizdirishga jazm qildi. Natijadan ko‘ngli to‘lib, Indonez sayyohlariga albatta ushbu manzilda bir to‘xtab, mahalliy musavvirlar xizmatidan foydalanishga tavsiya berishini aytib o‘tdi.

Yurtimizda sayyohlarga gid xizmatlari ko‘rsatish sohasida ham katta ishlar qilinayotgani, yoshlarning turli xorijiy tillarni mukammal egallayotgani haqida gapirib, boshlovchi Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti o‘qituvchisi Sanjar Turdiyevni suhbatga tortdi. Aynan Sanjar bilan suhbat orqali yurtimizda 2004 yildan beri Indonez tiliga bo‘lgan qiziqish, sayyohlar uchun yurtimizda yaratilayotgan qator sharoitlar haqida Indonez tilida ma’lumotga ega bo‘lishdi. Keyingi manzil esa, poytaxtimiz mehmonlarini befarq qoldirmaydigan Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatri bo‘ldi. U yerda yurtimizda opera va balet san’atiga bo‘lgan qiziqish ham yuqori darajada ekanligini va san’atsevar o‘zbek xalqini yana bir karra kashf etishdi.

“Net TV” telekanalining yurtimizga tashrifi va tasvirga olish ishlarining qizg‘in jarayoni haqida “Dunyo bo‘ylab” telekanalida maxsus ko‘rsatuv tayyorlanmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va “Dunyo bo‘ylab” telekanali ijodiy jamoasi bilan birgalikda amalga oshiriladigan bu singari loyihalar yurtimizda tashqi va ichki turizmni rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.