Navoiy viloyati iqtisodiyotining yangi imkoniyatlari ochilmoqda

0
121
marta ko‘rilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Karmana tumanida iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi.

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida yaqin ikki yilda 32 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularning natijasida 1 ming 660 ga yaqin ish o‘rni yaratilib, 138 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Qiyos uchun: 2010-2016 yillarda 22 loyiha bajarilib, 904 ta ish o‘rni yaratilgan va 20 million dollarlik eksport qilingan. 

Prezidentimiz erkin iqtisodiy zonaga bo‘sh turgan binolar va qo‘shimcha yer maydoni ajratish taklifini ma’qulladi. 

Ushbu erkin iqtisodiy zonada amalga oshiriladigan loyihalardan biri G‘azg‘on marmari va granit bo‘laklaridan kompozit tosh mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasidir. Bunday material juda noyob va eksportbop bo‘lib, mazkur korxona shu yo‘nalishdagi dunyodagi beshinchi zavod bo‘ladi. Loyiha natijasida yiliga 12 million dollarlik materiallar eksport qilinadi.   

Prezidentimiz shisha mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Umumiy qiymati 97 million yevrodan ortiq bo‘lgan mazkur korxonaga Germaniya, Fransiya va Xitoy texnologiyalari o‘rnatiladi. Qurilish va sanoat uchun oynalar, shisha idishlar ishlab chiqariladi. 

Bu korxona mamlakatimizdagi qurilishlarga oyna yetkazib berish va import o‘rnini bosishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. 

Navoiy viloyatida cho‘l va tog‘ hududi ko‘pligi, suv tanqisligi bois sug‘orishda gidrogellardan foydalanish rejalashtirilmoqda. Bunday mahsulotning 10 grammi 3-4 litrgacha yomg‘ir suvini shimib oladi va o‘zida saqlaydi. Bu  o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, avtomobil va temiryo‘llar  atrofini obodonlashtirishda qo‘l keladi. 

Prezidentimiz bu loyihaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish, uni qo‘llashni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.  

Qishloq xo‘jaligi loyihalari bilan tanishar ekan, davlatimiz rahbari parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Bu aholi farovonligini oshirish, go‘sht, baliq, tovuq va tuxum narxini arzonlashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Masalan, tomorqalarda kichik suv havzalari tashkil etib, Xitoy tajribasi asosida intensiv usulda baliq yetishtirish juda qulay va samarali. Tomorqada 2 sotixlik havzada bir yilda 12 tonnagacha baliq yetishtirish mumkin. 

Shavkat Mirziyoyev bu loyihani Navoiy viloyati tajribasi sifatida yo‘lga qo‘yish, uylarda shunday havzalar tashkil etib, ularni chavoq va ozuqa bilan ta’minlash tizimini hududning o‘zida yaratish zarurligini ta’kidladi. 

Bog‘ va zamonaviy issiqxonalarni ko‘paytirish orqali meva-sabzavotlarni eksport qilish, yaylovlardan samarali foydalanish, qorako‘lchilik markazini tashkil etish, echkichilikni kengaytirish, junni qayta ishlash, paxta-to‘qimachilik klasterini rivojlantirish va boshqa loyihalar namoyish etildi.

Prezidentimiz loyihalarni ishga tushirish muddatini tezlashtirish va quvvatini oshirish, mahalliy xomashyodan foydalanib, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Markaziy telekanallarda Navoiy viloyati imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, yurtimiz tadbirkorlari va chet ellik investorlarni jalb etgan holda biznes-forum o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.