Ularning turar-joyi uchun to‘langan boshlang‘ich badallar qaytarilmaslik sharti bilan to‘lab berilishi mumkin
2018 yil 14 martda Vazirlar Mahkamasining «Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorning mohiyati haqida @huquqiyaxborot kanalida batafsil ma’lumot berildi.
Jamoat fondining mablag‘lari Vasiylik kengashining qaroriga muvofiq xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltiriladi.
Xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda; mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashishga; xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda imtiyozli kreditlar berishga sarflanadi.
Onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash bo‘yicha vazifalarning amalga oshirilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga; yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning ma’naviy-axloqiy negizlari va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilishiga ko‘maklashishga qaratiladi.
Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarni turar-joy bilan ta’minlashda boshlang‘ich badallarini qaytarilmaslik sharti bilan to‘lab beriladi.
Ma’lumot uchun: Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari har yili 300 mlrd. so‘mgacha bo‘lgan miqdorda ajratiladigan Davlat byudjeti mablag‘lari; yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari; qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Oila» markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga, ijro etuvchi direksiyani saqlashga ishlatilishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi farmoni bilan tashkil etilgan.
O‘zA