Ona yer yoshlar qo‘lida

0
170
marta ko‘rilgan.

 Toshkent shahrida O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Respublika Yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi  hamkorligida “Ona yer yoshlar qo‘lida” shiori ostida O‘zbekiston yosh fermerlarining I Respublika forumi o‘tkazildi.

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yosh fermerlarni birlashtirgan holda ularning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, yosh fermerlarning erishgan yutuqlarini ommalashtirish, ular faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish va yechimi yuzasidan aniq maqsadli tadbirlar belgilash, yutuqlarga erishgan ilg‘or fermerlarning tajribasi bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.   

Ayni paytda mamlakatimizda 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan 5847 nafarini ya’ni 3,6 foizini yosh fermerlar tashkil etadi.

Forumda Republikamizning barcha tumanlaridan 700 dan ortiq yosh fermerlar, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Z.Mirzayev, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi B.Yusupov kirish so‘zlari bilan, shuningdek sohaga oid 15 dan ortiq tashkilotlar va tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.

Forumda  Jizzax viloyatidan “Anvar A” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qaxramoni A. Eshmatov, Farg‘ona viloyatidan “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari L.Muratova, Surxondaryo viloyatidan “Abdurahmon-Abdug‘affor Davr” fermer xo‘jaligi rahbari A.Axmedov,  Andijon viloyatidagi sut mahsulotlarini qayta ishlovchi “Rash Milk” korxonasi rahbari R.Mirzayevlar yosh fermerlarga o‘z hayotiy tajribalaridan hikoya qilib mahorat darslarini o‘tkazishdi.

Tadbir doirasida 60 dan ortiq yosh fermerlar tomonidan yetishtirilayotgan va qayta ishlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi, shuningdek Toshkent Davlat agrar universiteti va Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutlari olimlarining  yangi ilmiy ishlanmalari hamda innovatsion g‘oyalari namoyish etildi. Bu jarayonda yosh fermerlar bilan olimlarning o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yildi.

Forumda bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ishtirokchilar tomonidan 100 dan ortiq dolzarb masalalar, taklif va tavsiyalar bildirildi. Ko‘tarilgan dolzarb masalalarning aksariyatiga mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan asoslantirilgan javoblar berildi.

Tadbirda yangi ishlab chiqilayotgan “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi nizom keng muhokama qilinib, yosh fermerlar tomonidan ham bu hujjatga qator takliflar berildi.

Anjuman doirasida AT “Xalqbank” va AT“Ipotekabank” bilan hamkorlikda naslli chorvachilik hamda baliqchilikni rivojlantirish uchun  900 mln so‘mlik imtiyozli kreditlar olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.

Forum ishtirokchilari 4 ta sektorga bo‘lingan holda tajriba almashdilar. Birinchi sektor meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishi bo‘lib, u Yuqori Chirchiq tumanidagi “Marwin Brands” korxonasida o‘tkazildi. Ikkinchi sektor chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishiga bag‘ishlandi, u  Toshkent tumanidagi “To‘xtaniyoz ota” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tdi. Uchinchi sektor  a’zolari bog‘dorchilik va issiqxona yo‘nalishida  Toshkent Davlat agrar universiteti hamda M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tekshirish institutida tajriba almashdilar.

To‘rtinchi sektor  texnika va texnologiyalar yo‘nalishiga bag‘ishlandi va Toshkent traktor zavodiga agrobiznes sayohatlar uyushtirildi.

Tadbirda bildirilgan takliflar, ko‘tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan kelib chiqib, yosh fermerlar faoliyatini yanada rivojlantirish va yoshlarni fermerlik harakatiga yanada keng jalb qilish maqsadidagi takliflar ishlab chiqildi.

ILYOS SAFAROV,

O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi matbuot kotibi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.