O‘zbek sporti yulduzlari 30-mehribonlik uyiga tashrif buyurishdi

0
105
marta ko‘rilgan.

Bugun, 15 mart kuni poytaxtimizdagi 30-mehribonlik uyida “Navro‘z sayli” tadbiri tashkil etildi. 

Ushbu tadbir O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining faol talabalari tashabbusi bilan tashkil qilingandi. Unga Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari va bir qator sportimiz yulduzlari ham tashrif buyurishdi. Jumladan, boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Shahobiddin Zoirov, Olimpiya o‘yinlari kumush medal sohibi Bektemir Meliqo‘ziyev, jahon chempionati sovrindorlari Sanjar Tursunov va Bahodir Jalolov, taekvondo bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Jasur Boyqo‘ziyev, stol tennisi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Saida Mahmudova va futbol bo‘yicha Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Rustam Ashurmatov, Islomjon Qobilov va Akrom Komilovlar ushbu tadbirda qatnashdilar.

Umuman, MOQ Prezidenti Umid Ahmadjonovning tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi so‘nggi paytlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun muntazam ravishda mana shunday tadbirlar tashkil etib kelmoqda. Bundan bir necha hafta avval shunga o‘xshash tadbirlar poytaxtimizdagi 100-jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatida hamda ko‘zi ojizlar maktabida o‘tkazilgan edi. Bugun esa sportimiz yulduzlari O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda 30-mehribonlik uyiga tashrif buyurishdi. Tadbir davomida yosh bolajonlarga institut talabalari ishtirokida ko‘razmali chiqishlar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha kayfiyat ulashdi. 

Tantanali tadbirda 30-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘zbek sportining yorqin yulduzlari qo‘lidan Milliy olimpiya qo‘mitasining esdalik sovg‘alari va sport anjomlarini qabul qilib olishdi. Bunday e’tibor va qiziqarli tadbirdan ko‘ngli yarimta bolajonlarning kayfiyati juda ko‘tarildi. Ular hayajonlarini yashira olmadilar. Tadbir yakunida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘zbek sporti yulduzlari bilan esdalik uchun suratga tushish va ulardan dastxat olish imkoniga ega bo‘lishdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi ishlab chiqilgan rejaga asosan maxsus maktab-internatlar, ko‘zi ojizlar maktablari, mehribonlik, qariyalar va muruvvat uylarida yana ko‘plab tadbirlar tashkil etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

“Bugungi tadbirda ishtirok etib, ochig‘i bir olam taassurot oldim. Bolajonlar bilan uchrashuv sportdagi faoliyatimizda yanada ko‘proq mehnat qilib, yurtimiz bayrog‘ini bundan-da yuqorilarga ko‘tarishga chorladi. Bu yerdagi bolalarni ko‘rib juda xursand bo‘ldik. Shunga amin bo‘ldikki, ular bu yerda yolg‘iz emas. Ularni orqasida eng avvalo davlatimiz rahbari, biz sportchilar va Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti turibdi. Ular uchun juda xursandmiz. 

O‘zbek sportida kattagina islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi rahbariyat bunday tadbirlarga alohida e’tibor bilan qaramoqda. Mehribonlik uyi, maxsus maktab internatlarida tashkil etilayotgan bunday tadbirlar ko‘ngli yarimta bolajonlar uchun katta yordam bo‘ladi. Ularning kayfiyatini ko‘taradi.  Shuning uchun, bunday aksiyalarni yana ko‘p marotaba uyushtirishimiz kerak deb o‘ylayman”, – dedi tadbir ishtirokchilaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, taekvondochi Jasur Boyqo‘ziyev. 

Shuningdek, yaqinda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritgan futbolchi Rustam Ashurmatov ham bunday tadbirda ishtirok etayotganidan xursand ekanligini bildirdi:”Bugungi kunda bu kabi tadbirlar ko‘p tashkil etilmoqda. MOQ va O‘FA hamkorlikda bunday xayrli ishlarga jiddiy e’tibor qaratgan. Yoshlarni, sportga endi qadam qo‘yayotgan bolakaylarni qo‘llab-quvvatlash natijasida, ular sportimiz yulduzlariga intilib, kelajakda o‘z kasbining mohir ustalari bo‘lib yetishishlari uchun bunday voqyeliklar katta turtki bo‘ladi deb hisoblayman. Oldinda bizni ko‘plab musobaqalar kutib turibdi. Ularda bizdan faqat va faqat g‘alabalarni kutishadi. Buni biz ham his qilib turibmiz. Xususan, Osiyo o‘yinlarida ham oldimizga maksimum vazifa qo‘yilgan”.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.