O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi murabbiylar uchun xalqaro seminar o‘tkazmoqda

0
120
marta ko‘rilgan.

Mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi 21-23 dekabr kunlari poytaxtimizdagi “Miran” mehmonxonasining anjumanlar zalida sportning ushbu turi murabbiy va mutaxassislari uchun xalqaro seminar o‘tkazmoqda. Unga xalqaro ekspertlar ham taklif etilgan bo‘lib, ular og‘ir atletikaga oid turli mavzularda nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazishmoqda, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati. 
 
Jumladan, serbiyalik Milan Mixaylovich “Milliy federatsiyalarda sport administratsiyasi” va “Og‘ir atletika bo‘yicha texnik qoidalar” mavzularida seminar tinglovchilariga saboq berayotgan bo‘lsa, rossiyalik Vladimir Saltikov asosan hakamlar bilan ishlamoqda. Shuningdek, Mintaqaviy antidoping agentligi (MADA) vakili, qozog‘istonlik  Kulman Nisanbayeva ham seminarga taklif etilgan. U bugungi kunning dolzarb masalalaridan bo‘lgan “Sportda dopingga qarshi kurash” mavzusida ma’ruza qiladi. 
 
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Iskandar Djurayev ishtirok etdi. Seminar boshlanishidan avval O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov 2017 yil yakunlari bo‘yicha hisobot berdi. 

Tan olish lozim, yakuniga yetib borayotgan yil atletlarimiz uchun anchagina muvaffaqiyatli keldi. Yil davomida sportchilarimiz turli yosh toifalarida 9 ta xalqaro musobaqada ishtirok etib, 161 ta medalga sazovor bo‘lishdi. Ularning 54 tasi oltin, 51 tasi kumush, 56 tasi bronza medallaridir. Ayniqsa terma jamoamiz a’zolari Bokuda bo‘lib o‘tgan IV “Islom birdamligi o‘yinlari”, Ashxabod shahri mezbonlik qilgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari hamda yaqindagina AQShning Anaxaym shahrida yakuniga yetgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati kabi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi. 
 
E’tiborlisi, okean ortida bo‘lib o‘tgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida terma jamoamiz a’zolari 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan umujamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallashdi. Demak, mamlakatimiz sport tarixida birinchi marta O‘zbekiston terma jamoasi kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatini kuchli uchlikda yakunladi. 
 
Shuningdek, joriy yilning 3-10 aprel kunlari Bangkok (Tailand) shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida terma jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, 2018 yil Argentida bo‘lib o‘tadigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga 3 ta yo‘llanma qo‘lga kiritishdi. Buenos–Ayres mezbonlik qiladigan Olimpiya o‘yinlariga xozirgi kunda 4 nafardan eng kuchli qizlar va o‘smirlar tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Ular orasida eng munosiblari o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi. Shunday ekan shak shubhasiz 2017 yilgi mavsumni O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi uchun omadli keldi deb aytish mumkin. 
 
Seminarning ikkinchi kunida unga taklif etilgan xalqaro ekspertlar murabbiylar uchun nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi. Ertaga, 23 dekabr kuni endi Milliy olimpiya qo‘mitasining majlislar zalida “Sportda dopingga qarshi kurash” mavzusida seminar bo‘lib o‘tadi. Unda nafaqat og‘ir atletika, balki olimpiya oilasiga a’zo  boshqa sport federatsiya va assotsiatsiyalar bosh kotiblari, terma jamoa bosh murabbiylari va jamoa shifokorlari ishtirok etishadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.