O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

0
46
marta ko‘rilgan.

2021 yil 6 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.  

Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “O‘zbekiston 24” va “Uzreport” telekanallari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Senat a’zolari tomonidan 5 ta masala, shu jumladan, 3 ta qonun muhokama qilindi.  

Yalpi majlisda senatorlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.  

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda bu yilgi vazifalar to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, 2020 yilda pandemiya va boshqa tabiiy ofatlar sababli yuzaga kelgan murakkab sharoitga qaramasdan, qator xalqaro tashkilotlar bahosiga ko‘ra O‘zbekistonning jahon miqyosida ijobiy o‘sishni saqlab qolgan kamdan-kam davlatlar qatorida joy olgani ahamiyatga molik.  

Shu ma’noda aytish mumkinki, Murojaatnomada Prezidentimiz davlat va jamiyatni yanada  rivojlantirish bilan bog‘liq eng asosiy yo‘nalishlar, barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xususan, Oliy Majlis yuqori palatasining qator ustuvor vazifalarini belgilab berdi.  

Murojaatnomada keltirilgan chora-tadbirlarning huquqiy asoslarini yaratib berish, barcha sohalarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlarning, ayniqsa, byudjet (respublika va mahalliy) bajarilishini joylarda so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha parlament tomonidan samarali nazorat o‘rnatish, ularning to‘liq bajarilishiga erishish asosiy vazifalardan biridir.  

Qayd etilganidek, mazkur vazifalarning joylardagi ijrosi Senatning tegishli qo‘mitalari, qolaversa, hududlardagi har bir senator va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida bo‘lishi kerak.  

Jumladan, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlash hamda Bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish bo‘yicha faol ish olib borish zarur.    

Shu bilan birga, kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etishga alohida e’tibor qaratish, Senatning tegishli qo‘mitasi va Senat devonining mas’ul tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda ushbu vazifani amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish lozim.  

Xususan, mahalliy Kengashlardagi deputatlik korpusi bilan birga aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni manzilli o‘rganib borish maqsadga muvofiq.  

Yana bir jihat. Murojaatnomada Davlat xaridlari sohasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘z o‘rnida, davlat xaridlari ustidan nazoratni olib borishda jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlash, uning fikrini inobatga olish mexanizmlarini joriy qilish kerak. Qolaversa, bu kabi dolzarb masalalar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhim. Mas’ullarning hisobotlarini eshitishda Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratish zarur.  

Bundan tashqari, majlisda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish  masalalari qo‘mitasi parlament nazoratini mahalliy va respublika darajasida olib borishi, jumladan, Jo‘qorg‘i Kenges va Senat Kengashida eshituvlar tashkil qilish, parlament so‘rovlarini yuborish, joylarda deputatlik va senatorlik o‘rganishlarni tashkil qilishi lozimligi ta’kidlandi.  

Shuningdek, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqish, bu boradagi o‘rganishlar va tahlillarni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.  

Majlisda ta’kidlanganidek, joriy yilda Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi komissiyaga raislik qilish Senatga o‘tadi. Shu bois, Komissiya faoliyatini yanada kuchaytirish eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.  

Qolaversa, Senatning tegishli qo‘mitasi mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga ham alohida ahamiyat qaratishi, o‘ziga vazifalarni belgilab olishi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.  

O‘tgan yildan boshlab xalqaro munosabatlar yo‘nalishida Senatda yangi, ya’ni O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyoti joriy etilgan edi. Shundan kelib chiqib, birinchi navbatda joriy yilda O‘zbekistonning Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchilarining faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari eshituvini tashkil qilish lozim. Ushbu mamlakatlar bilan parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, O‘zbekistonga chet el investitsiyalarini jalb etish, turizmni rivojlantirishga oid aniq choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Murojaatnomada mahalliy Kengashlar faoliyatiga doir bir qator masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tilgani, ko‘plab vakolatlar xalq vakillariga berilayotgani ta’kidlandi.  

Shu bois mahalliy Kengashlar joriy yilda bugungi kungacha mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib borish, mahalliy byudjet ijrosiga mas’uliyat bilan yondashish, har bir tuman va shaharda  kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan manzilli dasturning ijrosi bo‘yicha hisobotni eshitib, muhokama qilib borish, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlarining ijrosiga jiddiy e’tibor qaratish, har bir deputat o‘zi saylangan hudud aholisi, saylovchilari bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yishi, muammolarini hal etishga ko‘maklashishi zarurligiga to‘xtalib o‘tildi.  

Yana bir jihat. Murojaatnomada Senat Raisi rahbarligida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish lozimligi belgilangani, mazkur Kengash mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqyeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratishga mas’ul bo‘lishi, Kengashning asosiy vazifasi jamiyatda ayollar mavqyeini oshirish, ularning muammolarini puxta o‘rganish, xotin-qizlarni qiynayotgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topish, ularni “temir daftar” va “ayollar daftari”dan chiqarishga ko‘mak berishi bildirildi.  

Senatning mas’ul qo‘mitasi mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, jumladan, Kengashning nizomi, vazifalari, ishlash  tartibi va ish rejalari shakllantirilishini muvofiqlashtirib borishi lozimligi qayd etildi.

Majlisda Murojaatnomaning mazmun-mohiyati, ahamiyati va dolzarbligidan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Senatning Harakatlar dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.  

Shu ma’noda, Senat Raisi o‘rinbosari rahbarligida Ishchi guruh tuzilib, Harakatlar dasturi loyihasini ishlab chiqishi kerakligi bildirildi.  Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.  

So‘ngra Senat a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildi.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirishda odil sudlov alohida o‘rin tutishini e’tiborga olgan holda so‘nggi to‘rt yilda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sud-huquq sohasida yillar davomida yechim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida Prezidentimizning o‘ndan ortiq farmon va qarorlari hamda parlament tomonidan odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilinib, qator qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qayd etish joizki, mazkur Qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomidir.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.

Mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan Qonunga asosan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko‘rib chiqish tartibini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab: viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

ma’muriy tartib-taomillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.

Shularga asosan sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi sud tizimini boshqarish masalalarining takomillashtirilishi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlashga erishish bilan bir qatorda, eng avvalo, fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lib yurishiga barham berib, ularning muammosining bir joyda hal qilinishi imkonini beradi.  Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.  

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo‘ldi.  

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarining barqarorligini ta’minlash va kuchaytirish, investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, qurilish sohasidagi ishlar holatini o‘rganish ushbu sohada islohotlarni jadal amalga oshirishga va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishda muammolar borligini ko‘rsatdi.

Qayd etish joizki, ushbu muammolar qurilish sohasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qurilish tarmog‘i kadrlarini professional tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining samaradorligiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu bois, “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi Qonun ishlab chiqilgan.

Shaharsozlik kodeksida “aholi punkti”, “shahar”, “shaharcha” va “qishloq (ovul)” ob’ektlar turlari, “o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish”, “urbanizatsiya” tushunchalari, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki va boshqa iboralarga tushunchalar berilmoqda.

Shuningdek, Kodeksda normativ-texnik hujjatlarni joriy etish va ularning hisobini yuritish bo‘yicha yangi normalar mustahkamlanmoqda. Ya’ni:

– shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasida jamoatchilik nazoratining ishtirokini ta’minlash;

– yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan yangi norma;

– pudrat uchun davlat shartnomasini ishlab chiqish va tuzish tartibi va pudrat ishlari qat’iy shartnoma asosida amalga oshirilishi;

– shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda ekspertlarning huquqlari va javobgarligi ko‘rsatilgan.

O‘z o‘rnida, mazkur Kodeksda qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalariga qo‘yiladigan talablar aks ettirilib, ularga asosan shaharsozlik faoliyatining moliyaviy ta’minoti, sug‘urtalash va shaffoflikni ta’minlash, shu jumladan, qurilishda sug‘urtalash, shuningdek, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, mazkur normalarning belgilanishi sohada byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda shahar chegaralarini aniqlashning yangi qonuniy asoslarini yaratadi.

Xususan, shaharsozlik normalari va qoidalari ishlab chiqilishining tartibi, muddatlari va ularning yo‘nalishlari belgilanishi, raqobat muhitini rivojlantirish orqali investitsiya muhiti yaxshilanishi, shaharsozlik sohasida jamoatchilikning keng ishtiroki, atrof-muhit muhofazasi va aholining sog‘lig‘ini asrash, yashash va faoliyat muhitini shakllantirishning kompleks sharoitlarini belgilashga imkon yaratishi ta’minlanadi.

Eng asosiysi, jamiyat va davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini amaliyotda ifodalash va himoya qilish mexanizmi yaratiladi. Aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va aholining turmush darajasini ko‘tarish imkoniyati vujudga keladi.  

Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, mazkur Kodeks qurilish faoliyatini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan. Senat a’zolari ushbu Qonunni ma’qulladi.  

Shundan so‘ng “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.  Ta’kidlanganidek, bugunga qadar madaniyat sohasidagi huquqiy munosabatlar “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi, “Muzeylar to‘g‘risida”gi, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator farmon va qarorlari, qolaversa, boshqa ko‘plab qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinayotgan edi.

Madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, madaniyat va san’at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagani turli e’tirozlarga sabab bo‘layotgandi. Bunga javoban “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonun sohadagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiladi.

Qonunda madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy munosabat ishtirokchilarini aniqlash va ularning vakolatlarini belgilash, iste’dod egalari va madaniyat muassasalarining huquqiy maqomini belgilash, madaniyat tashkilotlarini davlat hokimiyati organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqa va hamkorligini takomillashtirish, madaniyat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish va boshqa qator muhim masalalar qamrab olinmoqda.  

Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlar sifatida ko‘rsatilib, ularning vakolatlari belgilanmoqda.  

Qonunning qabul qilinishi madaniyat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshiradi hamda xalqaro huquq normalarini milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinishini ta’minlaydi.

Shuningdek, xalqaro maydonda O‘zbekiston Respublikasining imijini oshirish bilan bir qatorda xalqlar va mintaqalar o‘rtasidagi madaniy aloqalarning yanada rivojlanishi va mustahkamlanishiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.  

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi  Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.