O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasiga keldi 

0
142
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Emomali Rahmonning taklifiga binoan 9 mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasiga keldi.   

Dushanbe xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.

O‘zbekiston Prezidenti sharafiga butun shahar bo‘ylab davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilgani, ko‘chalarga chiqqan minglab tojikistonliklarning yuz-ko‘zidagi xursandchilik ushbu tashrif ular uchun orziqib kutilgan voqyea ekanidan dalolat berdi. 

Darhaqiqat, bu tashrif o‘zaro munosabatlar tarixida  O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga ilk davlat tashrifidir. Tomonlar ushbu muzokaralarga mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uni amaliy mazmun bilan boyitish uchun imkoniyat sifatida qaramoqda.


Dushanbe shahridagi «Qasri Millat» qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat madhiyalari yangradi.

Marosimdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon yakkama-yakka muzokara o‘tkazdi. 

Prezidentimiz taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimiz ushbu uchrashuvni uzoq kutganini qayd etdi.

2017 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 240 million dollarni tashkil etdi. Bu oxirgi 20 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘zaro tovar yetkazib berish hajmi, xizmatlarni hisobga olmaganda, keyingi ikki yilda 10 marotabadan ortiq ko‘paydi.

O‘tgan yili mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasidagi aviatashuvlar, temir yo‘l qatnovi qayta tiklandi. Samarqand-Panjikent oralig‘ida A-377 xalqaro avtomobil yo‘li ochildi. O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasida o‘tkazish punktlari o‘z ishini tikladi.

O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilagan. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli qisqa muddatda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston bilan munosabatlardagi dolzarb masalalar hal etildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi davlat chegarasi chizig‘ini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Tashrif doirasida shunga oid shartnomaning imzolanishi nafaqat mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, balki butun mintaqa hayotida tarixiy voqyea bo‘ladi.

Fuqarolar bordi-keldisi uchun o‘ttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilgani, chegaradan o‘tkazish punktlari faoliyatining qayta tiklangani, Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnov ochilgani ham hamkorlikning muhim amaliy natijalaridir.

Oliy darajadagi muzokaralarda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar ko‘rib chiqildi. 

Muzokaralardan so‘ng erishilgan kelishuvlar bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan jami 27 ta hujjat imzolandi. 

Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yangicha huquqiy asos yaratadi. 

Matbuot anjumanida Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon muzokaralar do‘stona, ochiq va amaliy ruhda o‘tganini, muloqotlar natijasidan mamnunligini ta’kidladilar.

“Biz O‘zbekiston va Tojikistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi munosabatlarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Buning natijasi sifatida muhim hujjatlar – Davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma va Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risida bitim imzolandi. Bugun erishilgan tarixiy kelishuvlar nafaqat xalqlarimiz, balki butun mintaqa uchun ulkan ahamiyatga ega”, dedi davlatimiz rahbari.

 O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini davlat rahbarlarining samarali muzokaralari, ishbilarmon doiralarning bevosita muloqoti natijasida bu ko‘rsatkich 1 milliard dollarga olib chiqiladigan bo‘ldi.  

Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar qolmaganini ta’kidladi. Prezident Emomali Rahmon bu fikrni to‘la qo‘llab-quvvatladi. 

Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik asosida yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.

Dushanbeda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Abdurahmon Jomiyning yaqinda o‘zbek tiliga tarjima qilingan, “Muhabbat maxzani” kitobini Emomali Rahmonga tuhfa qildi. Prezidentimiz so‘zboshisi bilan nashr qilingan ushbu kitob Tojikiston rahbariga katta mamnuniyat bag‘ishladi.

Ma’lumki, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy zamondosh bo‘lgan.  Xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari ularning ijodida kuchli ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan. Samarqandda o‘zbek va tojik adabiyotining buyuk namoyandalari bo‘lgan bu ikki shoirga haykal o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Dushanbe shahrida ochilgan mamlakatimiz sanoat korxonalari milliy ko‘rgazma-yarmarkasiga tashrif buyurdi. 

Dastlab bu yerda G‘alaba – Amuzang – Xushadi temir yo‘l tarmog‘ining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Prezidentlar poezd harakatini boshlash uchun ramziy tugmani bosdi. 
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan tanishdi. 

Ko‘rgazma ikki qismda tashkil etilgan. 1500 metr kvadrat yopiq manejda  “O‘zeltexsanoat”, “O‘zkimyosanoat”,  “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zbekipaksanoat”, “O‘zbekcharmpoyabzali”, “O‘zbekneftegaz”, “O‘zfarmsanoat”, “O‘zqurilishmateriallari”, “O‘zbekoziqovqatxolding”, O‘zsharobsanoat”, “O‘zmetkombinat” kabi yirik kompaniya va assotsiatsiyalar mahsulotlari namoyish etilmoqda.

500 metr kvadrat ochiq maydonda avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuk mashinalari, avtobuslar va boshqa mahsulotlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. 

Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Tojikiston Prezidentida katta taassurot qoldirdi. Ularning sifati va narxi barchaga ma’qul bo‘lishini ta’kidladi. Ko‘rgazma-yarmarkani yana ko‘proq vaqt davom ettirish, O‘zbekiston mahsulotlarini sotish va hamkorlikda ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Samarali muzokaralardan so‘ng Dushanbe shahrining “Koxi Borbad” san’at saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xalqlarimiz do‘stligining shonli an’analari bugun suv va havodek zarurligi, ushbu bebaho merosni asrab-avaylash va rivojlantirish kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz ekanini ta’kidladi.

Biz o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash bo‘yicha astoydil harakat boshladik. Niyatimiz yor bo‘lib, ezgu maqsadlarimizga erishamiz, inshoolloh.

Biz do‘stlik va insoniylik nuqtai nazaridan qo‘shnilarimiz bilan, avvalo, qardosh Tojikiston bilan hamisha do‘st va birodar, hamkor va hamjihat bo‘lamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Darhaqiqat, keyingi paytlarda madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. O‘tgan yili ikki mamlakatda O‘zbekiston va Tojikiston madaniyati va san’ati kunlari, ko‘rgazmalar, ijodiy safarlar va ko‘plab boshqa tadbirlar tashkil etildi. Xalqlarimiz madaniy hayotida muhim voqyea bo‘lgan ushbu anjumanlar odamlarga katta quvonch bag‘ishladi.

Tojikistonlik ijodiy jamoalar Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy ishtirokchilaridir. O‘zbekiston estradasining taniqli namoyandalari va Toshkent sirki ijodkorlari gastrollari bilan tojikistonlik san’at muxlislarini xushnud etib kelmoqda.

Bu galgi konsert ham O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari o‘rtasidagi madaniy yaqinlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarining navbatdagi namoyishi bo‘ldi.


Do‘stona tashrifning birinchi kuni  samarali va qizg‘in kechdi.

Prezident.uz sayti materiallari asosida R. Zaripova tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.