O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qaroriga ShARH

0
76
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qarori sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini rivojlantirishni har tomonlama davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlagan holda yanada rag‘batlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmlarini kengaytirish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalarni yanada jalb qilish maqsadida qabul qilindi, deya xabar beriladi UZA saytida.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2863-sonli qaroriga muvofiq, sog‘liqni saqlash tizimi xususiy sektorini yanada rivojlantirish bo‘yicha xususiy tibbiyot tashkilotlarining faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimini takomillashtirish, sog‘liqni saqlashning xususiy sektorida ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va turlarini oshirishni nazarda tutuvchi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 

O‘tgan davr ichida sog‘liqni saqlashning xususiy sektori tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlari kengaydi, ularning soni 50 tadan 126 tagacha oshdi. Xususiy tibbiyot tashkilotlari stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari, 2022 yilning 1 yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan, olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari va materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan. 

Ta’kidlash joizki, qishloq joylarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yangidan tashkil etiladigan mikrofirmalar va kichik korxonalarning davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etilishi qishloq va olis tumanlarda xususiy tibbiyotni rivojlantirishni tezlashtirish imkonini berdi. 

Natijada xususiy tibbiyot muassasalarining soni 440 taga ko‘payib, ularning umumiy soni 4 mingdan oshdi. Ikki mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 

Shu bilan birga, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, davlat tibbiyot muassasalarining alohida funksiyalarini sog‘liqni saqlashning xususiy sektoriga berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, sog‘liqni saqlash sohasida tibbiy turizm va davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, tibbiy kadrlar malakasini respublikada va chet elda oshirish, xususiy sog‘liqni saqlash sektorini yagona axborot-kommunikatsiya tizimiga integratsiyalash, shuningdek, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash tizimini joriy etish masalalari dolzarb bo‘lib qolmoqda. 

Aynan shu masalalarni hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qarorning muhim ahamiyatga egaligi shu bilan tasdiqlanadiki, unda davlat tibbiyot tashkilotlarining yordamchi bo‘linmalarini (oziq-ovqat bloklari, kir yuvish xonalari, tibbiy chiqindilarni yo‘q qilish va h.k.) xususiy sektor vakillariga berish orqali davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, xususiy tibbiyot tashkilotlariga shartnoma asosida davlat tibbiyot tashkilotlarining ba’zi bir tibbiy xizmat turlari (laboratoriya, gemodializ, sterilizatsiya va boshqalar) ham o‘tkaziladi. Ularning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi. 

Qaror bilan 2018-2019 yillarda xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish bo‘yicha loyihalarning tibbiy ixtisoslik turlari, moliyalashtirish manbalari va hajmlari ko‘rsatilgan manzilli ro‘yxati tasdiqlangan. 

Qo‘yilgan masalalarning muhimligi bois, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga O‘zbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qo‘mitasi bilan birgalikda manzilli ro‘yxat loyihalari tashabbuskorlari zarur hujjatlarni taqdim etganda qurilishni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda yer maydonlari ajratish, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda, istisno tariqasida, davlat mulkidagi foydalanilmasdan turgan ob’ektlarni “nol” xarid qiymatida berish bo‘yicha vazifalarni hal etish topshirilgan. 

Qarorning ahamiyatliligi yana shu bilan ifodalanadiki, unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va “AKFA MEDLINE” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Toshkent shahrida Koreya Respublikasi yetakchi oliy tibbiy ta’lim muassasalaridan birining faoliyatini, Koreya Respublikasining tibbiyot markazlari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “AKFA MEDLINE” MChJ xususiy klinikasi negizida xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish va mahalliy tibbiyot kadrlari malakasini oshirish Markazini tashkil etish to‘g‘risidagi hamda Koreya Respublikasining ilg‘or klinikalari va tibbiyot markazlari bilan, ularning diagnostika, davolash, servis va menejment masalalari bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatishdagi tajribasini o‘rganish va maxalliy tibbiyotga joriy etish va “AKFA MEDLINE” mas’uliyati cheklangan jamiyatining xududiy filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanmoqda. 

Bildirilgan takliflarni hayotga tatbiq etish maqsadida ularni amalga oshirish yuzasidan bir oy muddatda “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish yuzasidan vazifa topshirilgan. 

Ta’kidlash joizki, qishloq va olis tumanlardagi shifokorlarning ta’minlanganligini yaxshilash maqsadida qarorda tibbiyot tashkilotlarida mehnat qilayotgan shifokor-pensionerlarga pensiyani to‘liq miqdorda to‘lash nazarda tutilgan. 

Qarorda xususiy tibbiyot tashkilotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berilgan. Xususan, “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki qoshida tashkil etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasiga har bir hudud uchun hajmi 1 million AQSh dollari miqdorida bo‘lgan navbatdagi 14 million AQSh dollari hajmidagi transh kredit mablag‘larini ajratish nazarda tutilgan. 

Bunda nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, xususiy tibbiyot tashkilotlari shifokorlarini malaka oshirish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborishga hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga qaratiladi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklariga xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kreditlar berish tavsiya etilgan. 

Qarorda tibbiyot kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashga katta e’tibor berilgan. Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ikki oy muddatda “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki qoshida tashkil etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xususiy tibbiyot tashkilotlari mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun xorijga yuborish tartibini tasdiqlash yuzasidan topshiriq berilgan. 

Shuningdek, qarorda yetakchi xususiy tibbiyot tashkilotlarining kadrlar va moddiy-texnik salohiyatidan oqilona foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor berilgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda shartnoma asosida xususiy tibbiyot muassasalaridan tibbiy kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari talabalari, malakasini oshirayotgan amaliyotchi shifokorlar uchun o‘quv baza sifatida foydalanishni nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqib, tasdiqlash va uni 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab joriy etish bo‘yicha vazifa yuklatilgan. 

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiyot tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash maqsadida tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish konsepsiyasini hamda tibbiy turizmni yanada rivojlantirish, xorijiy fuqarolarning tibbiy xizmat olish uchun respublikaga kirishi uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi. 

Sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini yanada rivojlantirish uning respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishdagi salmog‘ini so‘zsiz oshiradi. Bu esa, o‘z navbatida, ishonchli statistika ma’lumotlarini shakllantirish uchun yagona axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga bo‘lgan extiyojni keltirib chiqaradi. Sog‘liqni saqlashning davlat va xususiy sektorlari o‘rtasidagi izchillikni ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirlik va idorlar bilan birgalikda xususiy tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini “Sog‘liqni saqlash” kompleks axborot tizimiga ulash, kelgusida esa ularni Yagona interfaol davlat xizmatlari portaliga integratsiyalash bo‘yicha takliflarni tayyorlash vazifasi topshirildi. 

Umuman, mazkur qarorning amalga oshirilishi sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini jadal rivojlantirish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, aholining yuqori malakali tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.