O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Islom Karimov tavalludining 80 yilligi arafasida ko‘rgazma zali ochildi

0
174
marta ko‘rilgan.

Unda xalqimizning aziz farzandi xotirasiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi ish boshladi.

Ko‘rgazma ochilishiga bag‘ishlangan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Birinchi Prezidentimizning rafiqasi T.Karimova, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov va boshqalar mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirganini ta’kidlab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimiz qahramonining yorqin xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi va 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Marosim ishtirokchilari Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazma eksponatlari bilan tanishdi. Ko‘rgazma 2 zalga bo‘lingan. Birinchi zalda rassomlarning 57, haykaltaroshlarning 3 asari namoyish etilmoqda. Ikkinchi zaldan fotorassomlarning 80 ijodiy ishi o‘rin olgan. 

– Ko‘rgazma eksponantlari bilan tanishish asnosida Birinchi Prezidentimizning yangi qirralarini kashf etish mumkin. Bu yerdagi har bir asar tarixga daxldor, – deydi san’atshunoslik fanlari doktori, akademik Akbar Hakimov. – Shu bois, bu ko‘rgazma xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinishiga ishonchimiz komil. 

Shu kuni Islom Karimov haykali poyi gullarga burkandi. Keng jamoatchilik vakillari Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov so‘zga chiqdi. 

Ulug‘bek Asrorov, Muhammad Amin(surat), O‘zA.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.