“O‘zbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi”ga asos solindi

0
283
marta ko‘rilgan.

30 mart kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi anjumanlar zalida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan bir qator mutasaddi hodimlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda shuningdek, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, Bosh kotib Jasur Matchanov, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Adliya vazirligi, “Barkamol avlod” sport jamiyati va “Talaba” sport Assotsiatsiyasi vakillari ham ishtirok etishdi. 

“Xabaringiz bor, bugungi kunda talabalarimizni sportga jalb qilish masalasini ham alohida ko‘rib chiqyapmiz. Bundan buyon talabalar o‘rtasida jamoaviy sport tularini rivojlantirishimiz kerak. Respublikamizda 80 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari mavjud. Endi ular o‘rtasida turli musobaqalar tashkil qilamiz. Yaxshi bilamiz, mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida sport bilan shug‘ullanish uchun yaxshi sharoitlar bor. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, u yerda tayyor bazalar mavjud. Talabalar ichidan ham kuchli sportchilarni saralab olishimiz kerak. 

Yangi taqvim-reja ishlab chiqib, qiziqarli va ommabop musobaqalar yangi yo‘nalishda tashkil qilinadi. Bunday turnirlar talabalarning o‘zi uchun ham juda qiziq bo‘ladi deb o‘ylaymiz.

Maqsadimiz barcha talabalarni sportga jalb qilib olish. Ular o‘qishdan bo‘sh vaqtida sport bilan shug‘ullanishsin”, – dedi Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Umid Ahmadjonov. 

Shundan so‘ng Bosh kotib Jasur Matchanov konferensiya kun tartibi bilan tanishtirib o‘tdi.
 
Hisobot saylov-konferensiyasida bungacha faoliyat olib borgan “Barkamol avlod”  sport jamiyati hamda “Talaba” sport assotsiatsiyasi negizida yangi “O‘zbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi” tashkil qilish taklifi berildi. Mazkur taklif yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. 

Yangi Assotsiatsiya raisi lavozimiga O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Urishevich Majidov nomzodi taklif etildi. Delegatlar bir ovozdan ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatladilar. Bosh kotib lavozimiga esa O‘zbekiston “Barkamol avlod” sport jamiyati Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Erkin Ibragimovich Qodirov saylandi. 

Shuningdek, Assotsiatsiya vitse-prezidentlari lavozimlariga O‘zbekiston sport fahriylari kengashi raisi, Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti maslahatchisi Komiljon Xudoyberganov, Sport fahriylari kengashi raisi maslahatchisi Rashid Qodirov, Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti kafedra mudiri Aleksandr Istominlar saylanishdi. 

Konferensiyada shuningdek, Assotsiatsiya Ijroiya qo‘mitasi va uning nizomi tasdiqlandi. 

“O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi” Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda ish olib boradi. O‘z navbatida Umid Ahmadjonov yangi tashkil etilgan Assotsiatsiyaga zarur yordam ko‘rsatilishi va moliyaviy tomondan qo‘llab quvvatlanishini ham ta’kidlab o‘tdi. 

Yig‘ilishda Assotsiatsiya vitse-prezidentligiga saylangan Komiljon Xudoyberganov so‘z olib, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish uchun barcha sharoitlar bor ekanligi, mavjud kamchiliklar esa bartaraf etilishi haqida gapirdi. 

Bundan buyon yurtimizda tashkil qilinadigan uch bosqichli sport o‘yinlari endi boshqacha yo‘nalishda, yangi formatda o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Konferensiya davomida bundan buyon oliy o‘quv yurtlarida sportning voleybol, basketbol, gandbol va stol tennisi bo‘yicha terma jamoalar tashkil etish va mazkur jamoalar o‘rtasida muntazam musobaqalar o‘tkazish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddi xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. 

“Maqsadimiz talabalarni ommaviy tarzda sportga jalb qilish va shu orqali yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish. Ularning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga sharoit yaratish. Avval hududiy keyinchalik esa Respublika miqyosida bo‘lib o‘tadigan musobaqalar orqali mamlakat terma jamoasini shakllantiramiz. Sportchi-talabalar orasida eng munosiblari keyinchalilk Butunjahon Universiada o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilishadi, – dedi MOQ rahbari.

Manzil: O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.