O‘zbekiston  va BMT: Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida suv ta’minoti takomillashtiriladi

0
82
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi munosabatlar qamrovi keng. Mamlakatimiz 1992 yil 2 martda ushbu jahondagi eng nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo bo‘ldi. O‘tgan davrda tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi xavf –  xatarlarga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida O‘zbekiston BMT bilan izchil hamkorlik qilib keladi.

Koka-Kola jamg‘armasi Orol dengizi bo‘yicha BMTning Qo‘shma dasturi doirasida Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida suv ta’minotini takomillashtirish bo‘yicha loyihaga 100 000 AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritmoqda.

BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda jahon aholisining 40 foizdan ko‘prog‘i suv tanqisligidan aziyat chekmoqda, sayyoramizda istiqomat qiluvchilarning 884 million nafari toza suv ta’minotidan mahrum va daryo havzalari hududida yashovchi 1,7 milliarddan ko‘proq odamlar qo‘shimcha chuchuk suv manbalariga ehtiyoj sezmoqdalar. 

Orol dengizining qurishi natijasida Qoraqalpog‘istonda ham bir qator ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar vujudga kelgan. Natijada mahalliy aholining faqatgina 50,8 foizi suv ta’minotining markazlashgan tizimi xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega. Uzoq tumanlarda istiqomat qiluvchilar esa joylarda o‘rnatilgan suv manbalari orqali, hamda chuqurligi 400-500 metr bo‘lgan artezian quduqlaridan olinadigan suvni iste’mol qilishmoqda. Hozirgi vaqtda Taxtako‘pir tumanining “Atako‘l” qishloq fuqarolar yig‘inining “Makpalko‘l” ovulida ichimlik suvini faqatgina qo‘l nasoslari yordamida yoki qishloq fuqarolar yig‘iniga olib kelinadigan sisternalardan olish imkoni mavjud. Bu esa salomatlik va sanitariya borasida muammolarni yuzaga keltirmoqda.

  Koka-Kola jamg‘armasi hamda Global suv resurslari muammolari bo‘yicha tashkiloti (Global Water Challenge – GW) hamkorligi natijasida amalga oshirilayotgan Yangi Olam Dasturining (New World Program – NWP) moliyaviy ko‘magida ish boshlaydigan “Orolbo‘yidagi qishloq hududlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” nomli yangi loyiha 2018 yilning oxirigacha suvni taqsimlash stansiyasini tiklash bo‘yicha qator tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutadi. Stansiyada ta’mirlash ishlari yakuniga yetgach va yangi zamonaviy uskuna o‘rnatilgach 1 948 nafar kishi o‘z ehtiyojlari uchun toza artezian suvidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

BMT Taraqqiyot dasturi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi hamda Taxtako‘pir tumani hokimiyati ishtirokida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha NWP tashkiloti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

Yangi Olam Dasturi (New World Program – NWP) nima? “Yangi dunyo: Insonning barqaror inklyuziv rivoji tashabbuslari” dasturi Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM)ni qo‘llab-quvvatlash orqali barqaror jamoalarni qurishga qaratilgan yetakchi dastur hisoblanadi. U 2014 yildan buyon BMT Taraqqiyot Dasturining Koka-Kola jamg‘armasi bilan hamkorlik mexanizmi sifatida fuqarolik jamiyati tashkilotlari (nodavlat, jamoat tashkilotlari)ni innovatsion, o‘zida bir qator masalalarni qamrab oluvchi, jumladan BMTning BRM sari suv va sanitariya muammolarini bartaraf etish maqsadida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Yangi loyiha doirasida  stansiyani to‘laqonli ishini ta’minlash va suv ta’minoti tizimidan doimiy foydalanishni amalga oshirish uchun Tashabbus guruhi tashkil etiladi. Mahalliy aholi va tuman ma’muriyati ishtirokida o‘quv maskanlari va tibbiyot muassasalarida sanitariya va gigiena qoidalari masalalari bo‘yicha turkum treninglar va seminarlar tashkil etiladi. Mazkur loyihani joriy qilish tajribasi boshqa aholi turar joy maskanlari uchun ham foydali bo‘lishi, Orolbo‘yi mintaqasida inson salomatligi xavfsizligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shishi kutilmoqda.

Malika Musayeva,

BMT Matbuot xizmati 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.