O‘zbekistonda koryeys millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qilayotganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim ishtirokchilariga

0
105
marta ko‘rilgan.

Aziz do‘stlar! 
Hurmatli mehmonlar! 

Shu kunlarda ko‘p millatli xalqimiz koryeys millatiga mansub yurtdoshlarimiz O‘zbekistonda istiqomat qilayotganining 80 yilligini nishonlamoqda. 

O‘tgan asrning muhtojlikka yo‘g‘rilgan g‘oyat murakkab davri – 30-yillarida shafqatsiz siyosiy tuzum tazyiqi ostida o‘n minglab koryeyslar Uzoq Sharqdan O‘zbekiston zaminiga kelib qolishgan. O‘zbek xalqi o‘ziga xos olijanoblik va bag‘rikenglik bilan taqdir hukmiga tashlab qo‘yilgan koryeyslarga mehr ko‘rsatdi, bag‘riga olib, boshpana berdi. 

Mehnatsevarligi, qat’iy irodasi, ahilligi, intizomi, yerga mehri bilan, dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz o‘xshashligi tufayli koryeyslar O‘zbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, ko‘p millatli O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylandi, hurmat-e’tibor qozondi. Xalqimiz shunday yurtdoshlari bilan faxrlanadi. 

Biz koryeys millatiga mansub yurtdoshlarimizning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish – sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyatini mustahkamlash, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini yuksak qadrlaymiz. 

Ular yurtimizdagi cho‘llarni o‘zlashtirishda faol ishtirok etdi, qiyin sharoitlarda qo‘riq yerlarga ishlov berdi, yerning tilini biladigan omilkor dehqon sifatida kyeyinchalik eng ilg‘orlar qatoridan joy olgan xo‘jaliklar barpo etdi. 

Koryeys millatiga mansub yurtdoshlarimizning shonli va fidokorona mehnati, O‘zbekistonning har tomonlama taraqqiy topishi va farovon bo‘lishiga qaratilgan bunyodkorlik faoliyati mamlakatimiz erishgan yutuqlar solnomasida yorqin sahifa bo‘lib qoladi. 

Mamlakatimizda katta obro‘-e’tibor qozongan 283 nafar koryeys millatiga mansub yurtdoshimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan. 

Ular orasida deputatlar, hukumat a’zolari, xizmat ko‘rsatgan fan, madaniyat va san’at arboblari, yuqori malakali mutaxassislar bor. Bular qatorida taniqli qishloq xo‘jaligi xodimlari Kim Pen Xva va Xvan Man Gim, O‘zbekiston Qahramoni, Xivadagi Mehribonlik uyi direktori Vera Pak, maktabgacha ta’lim vaziri, senator Agrippina Shin, senator Valeriy Tyan, O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchisi Vitaliy Fen, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Koryeys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak, boks bo‘yicha jahon kubogi sohibi Vladimir Shin, rassom Nikolay Shin, akademik Vladimir Kim, tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksandr Shek va boshqalarni alohida e’tirof etish kerak.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 200 mingdan ziyod koryeys millati vakillari istiqomat qilmoqda. Ularning aksariyati o‘zbek tilida so‘zlasha olishi, madaniyatimizni yaxshi bilishini alohida qayd etish zarur. Buni biz o‘zbek xalqiga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtirom sifatida qabul qilamiz. 

Koryeys diasporasi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining ajralmas bo‘lagi bo‘lib, an’anaviy tarzda respublika miqyosida o‘tkaziladigan barcha ommaviy va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etadi. 

Joriy yilning iyun oyida poytaxtimizdagi “Do‘stlik bog‘i”da koryeys diasporasi tomonidan saxovatli o‘zbek zaminidagi bag‘rikenglik, samimiylik va g‘amxo‘rlik, tinch va osoyishta hayot uchun minnatdorlik belgisi sifatida yodgorlik monumenti barpo etildi. 

Mamlakatimizda boshqa millat va elat vakillari qatori koryeys millatiga mansub yurtdoshlarimiz uchun ham o‘z milliy madaniyati, tili, urf-odat va an’analarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Misol uchun, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Samarqand davlat chet tillar institutida koryeys filologiyasi o‘qitilmoqda. 

O‘zbekiston Koryeys madaniyat markazlari uyushmasi tomonidan bu borada ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Koryeys tilida kitob va gazetalar chop etilmoqda, ko‘rgazmalar, konsertlar, festivallar, ijodiy jamoalarning O‘zbekiston bo‘ylab va xorijga gastrollari, yoshlar o‘rtasida turli sport musobaqalari tashkil etilmoqda. 

Ayni paytda Toshkentda Koryeya Respublikasi hukumati ko‘magida Koryeys madaniyat va san’at uyi bunyod etilmoqda. O‘ylaymanki, u bizning tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stligimizning yorqin timsoli, yoshlar va ziyolilarni o‘ziga jalb qiluvchi maskan, madaniyatlarimizni o‘zaro boyitish markaziga aylanadi. 

O‘zbekistonda Koryeya Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, koryeys diasporasi bunga katta hissa qo‘shmoqda. 

Yaqin kunlarda Koryeya Respublikasiga oliy darajadagi tashrif rejalashtirilgan bo‘lib, uning doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi stratyegik sheriklikni yanada mustahkamlash, jumladan, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi. 

Qadrli tadbir ishtirokchilari, Siz va sizning timsolingizda barcha koryeys yurtdoshlarimizga umumiy uyimiz – jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi fidokorona va samarali mehnatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. 

Barchangizga mustahkam sog‘liq, muvaffaqiyat, oilaviy baxt va farovonlik tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma’ruza Prezident.uz saytidan olindi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.