Prezident Shavkat Mirziyoyev Luvr muzeyiga tashrif buyurdi.

0
69
marta ko‘rilgan.

Dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri bo‘lmish Luvr Fransiyaning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”dir. U badiiy kolleksiyasi bo‘yicha jahonda birinchi, maydonining kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi.  Ushbu muzeyga har yili qariyb 10 million sayyoh tashrif buyuradi.

Muzey binosi 1190 yilda Fransiya qiroli Filippe Avguste tomonidan qal’a sifatida bunyod etilgan. Luvr so‘zi mazkur mudofaa qo‘rg‘oni nomidan olingan. U bir necha asr davomida Fransiya qirollarining qarorgohi bo‘lgan. Keyinchalik Versal saroyi qurilgach, 1793 yilda muzeyga aylantirilgan.  

Luvr muzeyida eramizdan avvalgi 7 asrdan hozirgi davrgacha mansub bo‘lgan 300 mingdan ziyod eksponat saqlanadi. Muzey zallarida ularning faqat 35 mingtasigina namoyish etiladi. “Miloslik Venera” haykali va Xammurapi qonunlari ustuni, Leonardo da Vinchining “Jokonda” va Yan Vermeerning “Chevar qiz” kartinalari ular orasida eng mashhurlaridir.   

Muzey eksponatlari 6 ta kolleksiyaga ajratilgan. Sharq kolleksiyasining o‘zi 24 ta zalni egallagan. U yerda mamlakatimiz tarixiga oid minglab ashyolar bor. Jumladan, Amir Temur bobomizning Qirol Sharl VIga yozgan maktubi, Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun Sohibqiron yasattirgan shamdonlardan biri, qadimiy qurol-aslahalar, qabrtoshlardagi bitiklar va boshqa buyumlar buyuk o‘tmishdan so‘zlaydi.  

Davlatimiz rahbari ushbu eksponatlarni tomosha qildi, ularning tarixi bilan qiziqdi. O‘zbekiston va Fransiya muzeylari hamkorligida ko‘rgazmalar tashkil etish, olimlar o‘rtasida ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish zarurligini qayd etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.