Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi 10 martda davom etdi

0
194
marta ko‘rilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi parlamentining Majlisi namoyandagon palatasi raisi Shukurjon Zuhurovni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi o‘zaro munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani, tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha yakdil kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Ayniqsa, davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma va fuqarolarning o‘zaro qatnoviga qulaylik yaratishga oid bitim mamlakatlarimiz munosabatlari, xalqlarimizning do‘stona aloqalariga zamin bo‘lishi alohida ta’kidlandi. Avtomobil va temir yo‘llarning ochilgani, Ishbilarmonlar kengashi tuzilgani ham bu borada muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. 

Oliy darajada imzolangan hujjatlarni ratifikatsiya qilish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalariga to‘talib o‘tildi. Qonun chiqaruvchi organlardagi do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish, o‘zaro tashriflar va tajriba almashinuvni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. 

Oliy darajadagi uchrashuvlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka doir barcha masalalar hal etilib, uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingani ta’kidlandi. Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik kabi sohalardagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan hujjatlar yuqori baholandi.
 
Xususan, tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejasi ikki mamlakat hukumatlariga katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi. Muloqotda mazkur kelishuvlarni bajarish, savdo aylanmasini ko‘paytirish va tarkibini diversifikatsiya qilish, biznes uchun qulay muhit yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini, buning uchun barcha zarur sharoit yaratilishini ta’kidladi. 

Qohir Rasulzoda O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamraisi sifatida o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish, qo‘shimcha imkoniyatlar bo‘yicha takliflar tayyorlashga alohida ahamiyat berishini qayd etdi. 

Ikki mamlakat hududlari va yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, tranzit yuk tashishni ko‘paytirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.  
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi.

Tojikiston davlati va xalqining bu voqyeadan xursandligi butun tashrif davomida, har bir jabhada yaqqol sezilib turdi.

Shavkat Mirziyoyevni Dushanbe xalqaro aeroportiga Emomali Rahmonning o‘zi kuzatib qo‘ydi. Bu ham protokolda ko‘zda tutilmagan, ilgari kuzatilmagan holat bo‘ldi.

Ushbu tashrif o‘zaro munosabatlar tarixida  O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga ilk davlat tashrifidir.

Ushbu uchrashuvlar, muzokaralar mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi, uni amaliy mazmun bilan boyitdi.

Prezident.uz sayti materiallari asosida R. Zaripova tayyorladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.