Qilichbozlarimiz ertaga Jahon Kubogidagi ishtiroklarini boshlashadi

0
61
marta ko‘rilgan.

Germaniyaning Haydenhaym shahrida 25 yanvar kuni qilichbozlikning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha Jahon Kubogi bosqichi start oladi. Mazkur turnirda mamlakatimiz sharafini to‘rt nafar sportchi himoya qiladi. 

Shpagachilarimiz musobaqada quyidagi tarkibda ishtirok etishadi: Roman Aleksandrov, Igor Knyazyev, Javohirbek Nurmatov , Abdulvosid Nasirdinov. 
Sportchilarimiz 22 yanvar kuni bosh murabbiy Ruslan Kudayev boshchiligida Germaniyaga jo‘nab ketishdi. Safar oldidan terma jamoamiz vakillari musobaqaga ko‘rilgan tayyorgarlik jarayoni haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.


Ruslan Kudayev (shpaga yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, Jahon chempionati finalchisi, Osiyo chempionati kumush medali sohibi, London Olimpiadasi ishtirokchisi):– Germaniyada Jahon Kubogi doirasidagi birinchi musobaqa bo‘lib o‘tadi. Tayyorgarlikni biz o‘tgan yilning sentyabr oyidan boshlab yuborganmiz, xususan, uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida bo‘ldik, Yaponiya, Rossiya kabi mamlakatlarda yig‘inlar o‘tkazdik.

 Bugungi kunda qilichbozlik barcha mamlakatlarda rivojlanmoqda. Osiyo mamlakatlari ham hozirda kuchli. Janubiy Koreya, Yaponiya va Qozog‘istonlik sportchilar doimiy ravishda yuqori natijalarni ko‘rsatib kelmoqdalar. Biz aynan kimga qarshi kurashishimiz qur’a tashlash jarayonida aniqlanadi va unga ko‘p narsa bog‘liq. 

Qilichbozlikning eng ommaviy turi shpagadir. Bu yo‘nalish barcha mamlakatlarda rivojlangan. Misol uchun, Estoniya va Qirg‘isizston kabi davlatlarda faqat shpaga yo‘nalishi mavjud. Bu holat ko‘plab boshqa mamlakatlarda ham kuzatiladi”. 

Igor Knyazyev (O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, sport ustasi, Navoiy viloyati, yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatlarida ikki marotaba kumush medal sohibi, ko‘p marotaba O‘zbekiston chempioni. 12 yildan beri qilichbozlik bilan shug‘ullanib kelmoqda): –Germaniyadagi musobaqa nufuzli. U yerda dunyoning eng kuchli sportchilari qatnashadi. Jahon kubogi o‘z ichiga bir qator musobaqalarni oladi va barcha mamlakatlar bu musobaqaga o‘zining eng kuchli sportchilarini yuborishadi. Ushbu sport asoschilari bo‘lmish fransiyalik qilichbozlarga qarshi kurashish doim mushkul vazifa bo‘lib kelgan. Bundan tashqari Koreya, Xitoy, Yaponiya va Italiyadan tashrif buyuradigan sportchilar ham juda kuchli. Murabbiyim ta’kidlab o‘tganidek, ko‘p narsa qur’a tashlash jarayonida hal bo‘ladi. Ammo, bizda qo‘rquv yo‘q. Chunki biz puxta tayyorgarlik ko‘rdik va yangi mavsumni omadli boshlashni maqsad qilib qo‘yganmiz. 
Musobaqa 25-27 yanvar kunlari o‘tkaziladi. Unda sportchilarimiz yakkalik va jamoaviy bahslarda o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi. Terma jamoamiz Toshkentga 29 yanvar kuni qaytib keladi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.