Qonun hujjatida korrupsiyaviy omil bor yoki yo‘qligi cheklistda aks ettiriladi

0
59
marta ko‘rilgan.

“Transparency International” tashkilotining 2020 yilda e’lon qilgan reytinglariga ko‘ra, O‘zbekiston korrupsiya bo‘yicha 26 ball bilan 183 mamlakat orasida 146-o‘rinda qayd qilingan. Bu achinarli holat, albatta.

Korrupsiya darajasini qisqartirishga turli omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ularning biri qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining o‘zida korrupsion normalarning mavjudligi va bunday normalarning amaliyotga joriy etilishining oldini olishdir.

Shunga ko‘ra, joriy yilning 24 fevralida Adliya vaziri buyrug‘i bilan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklist to‘ldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tartib joriy etildi. Bunda, hujjatning har bir normasi va qoidasi tahlil qilinib, korrupsiyaviy omil bor yoki yo‘qligi cheklistda aks ettiriladi.

Shu bilan birga, korrupsiyaviy omillar to‘liq qayta ko‘rib chiqildi hamda huquqni qo‘llovchilar va fuqarolarga ularning ma’nosi aniq, lo‘nda va batafsil misollar bilan yoritilgan metodika asosida tushuntirib berildi. Jumladan, qonunchilikda asossiz ravishda instisnolar kiritilishini nazarda tutish cheklandi, qabul qilinayotgan norma barcha uchun yagona va umumiy bo‘lishi belgilandi. Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida korrupsiyaviy omillarga aniq misollar keltirildi.

Endilikda loyihalarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda jamoatchilik keng jalb qilinadi. Bunda fuqarolar regulation.gov.uz portalida cheklist to‘ldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin.

Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi hozirgi kunda samarali yo‘lga qo‘yilgan huquqiy monitoring tizimi doirasida o‘tkazilishi belgilandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaning qonuniylashtirilishiga o‘z vaqtida chek qo‘yishdir.

Muattar Burhonova, O‘zA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.