Mustaqil O‘zbekiston

0
3752
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida shunday deyiladi: “1 Sentyabr – Mustaqillik kuni mamlakatimiz istiqlolga erishgan, jahon xaritasida yangi, mustaqil va suveren davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘lgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan buyuk tarixiy sana bo‘lib, el – yurtimiz tomonidan eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida doimo katta shodu xurramlik bilan nishonlanib keladi”.

Darhaqiqat,”O‘zbekiston mustaqilligi ona xalqimizga XX asr so‘ngida nasib etgan ulkan tarixiy g‘alaba ekanligini o‘tgan yigirma olti yil isbot etdi. 1991 yil 31 avgustda respublikamiz Mustaqil deb e’lon etildi. Mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab oldi. O‘zbekiston 250 dan ortiq davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida bayrog‘imiz hilpirab turibdi.

Xalqimiz tanlagan yo‘l tinchlik, bosqichma – bosqich taraqqiyot yo‘lidir. Bugungi kunda o‘zbek modelini dunyo e’tirof etdi

Mustaqillik yillarida respublikada paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, pillachilik, meva-sabzavotchilik sohalari, sanoatning gaz, neft, qimmatbaho metallar qazib chiqarish turlari keng rivoj topdi. Neftni qayta ishlaydigan yangi zamonaviy zavod barpo etildi. Mavjudlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi Sho‘rton gaz-kimyo majmuasi kabi noyob korxonalarda tayyorlanayotgan suyultirilgan gaz, turli markadagi polietilen va boshqa mahsulotlarga talab nafaqat mamlakatimizda, balki chet ellarda ham katta.

Neft ishlab chiqarish 1990 yilga nisbatan uch baravar ortdi. Bugungi kunda O‘zbekiston aholining o‘sib kelayotgan talabini ta’minlash bilan birga eksport hajmini ham ko‘paytirishga erishdi. Andijon, Samarqand Xorazm viloyatlarida avtomobil zavodlari barpo etilgani tufayli mustaqillik yillarida avtomobillar soni keskin oshdi. Va har yuz oilaning avtomobil bilan ta’minlash darajasi, bir necha baravar o‘sdi. O‘z-o‘zidan ayonki mamlakatimizda benzin va yoqilg‘i – moylash mahsulotlariga bo‘lgan talab ham shunga mos ravishda o‘smoqda.

Qishloq xo‘jaligiga, masalan, g‘allachilik rivojiga e’tibor bersak ham ana shunday ulug‘vor yuksalishlarni ko‘rish mumkin. Mustaqillikning ilk yillarida aholi ehtiyojlari uchun g‘alla tashqaridan keltirilgan bo‘lsa, bugun O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligi tarkibidagi qo‘shni mamlakatlarga, shuningdek, Afg‘oniston, Eron va boshqa davlatlarga g‘alla va un mahsulotlarini eksport qilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek xalqining rizqi, noni butun bo‘ldi. Yetishtirilayotgan g‘allaning yuz foizi fermer xo‘jaliklari tomonidan tayyorlanayotganligi ularning egalik hissiyoti, manfaatdorlik va ma’suliyat tuyg‘usi kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek mamlakatimiz paxta yetishtirishda jahonda beshinchi o‘rinda turadi.

Istiqlol tufayli mamlakatimiz poytaxti-Toshkent “Islom madaniyati poytaxti” deb ulug‘landi!

O‘zbekiston qadim yurt. Yer yuzidagi birinchi qadimiy qo‘l yozma kitob”Avesto”ning vatani ham bizning mamlakatimiz. Hozir yurtimizda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy obidalarga boy mashhur shaharlarimiz mavjud.

Mamlakatimiz hududining kattaligi jihatdan jahonda 55 o‘rinda bo‘lib, 447 ming 400 km/kvni tashkil qiladi. Aholi soni jihatidan 42 o‘rinda turadi, o‘ttiz milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi.

 

Ajdodu avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik

Mustaqillikning birinchi kunidanoq mamlakatimizda azaliy va avvaliy milliy qadriyatlarimizga, qadimiy madaniy obidalarimizni ta’mirlashga, buyuk allomalarimizning nomlarini qayta tiklashga alohida e’tibor berila boshlandi.

Hozir O‘zbekistonda 74 tadan ortiq qadimiy ziyoratgoh mavjud. Ular mamlakatimizda yashab o‘tgan allomalarning nomlari bilan bog‘liq O‘zbekistonda asrlar mobaynida yaratilgan, rivojlantirilgan g‘oyat katta ilm, mo‘jizakor ijodiy mehnat bor. Jahon ilm durdonasiga behisob hissa qo‘shgan buyuk o‘g‘lonlari, o‘z zamonasining sultonlari yashab o‘tgan! Bugungi kunda jahon bo‘yicha ishlatilayotgan 1 dan 9 gacha bo‘lgan raqamlarga nolni kiritib, XX asr fani – kibernetikaga asos solgan olim deyarli 1200 yil avval yashab o‘tgan bizning ajdodimiz – al-Xorazmiy! Algebra fani, mashhur allomaning ismi bilan bog‘liqligi, ya’ni al-Jabr bora-bora algebraga aylanganini, Algaritm so‘zi Al-Xorazmiy so‘zining assimiliatsiyaga uchragan shakli ekanligini va bizning avlod uni o‘qib matematikani o‘rganayotganligini bugungi kunda jahon ahli tan olyapti.

Yerning dumaloq shaklda ekanligini isbotlab, dunyo xaritasini tuzgan va uni globus shaklida birinchi aks ettirgan ensiklopedik olim ham Al Xorazmiyga zamondosh. yurtdoshimiz Abu Rayhon Beruniy ekanligini o‘quvchilar ongi-shuuriga qayta-qayta quyish an’anaga aylanganligi kishida iftixor tuyg‘usini yuksaltiradi.

Mukammal tibbiyot qonunlarini yaratgan Beruniy va Xorazmiylarning zamondoshi Abu Ali ibn Sino kitoblaridan jahon tibbiyotida hamon dasturulamal sifatida foydalanilmoqda. Agar e’tibor bersak, “Tib qonunlari”da murakkab jarrohlikdan tortib, oddiy ovqatlanish madaniyatigacha o‘rgatilgan. Inson salomatligini avaylash avvalo o‘zidan, oddiy ovqatlanish madaniyatidan boshlanadi, degan o‘gitlari bugungi kunda har bir farzandga singdirilmoqda?!

Daryolar suvini o‘lchaydigan uskuna yaratgan va dastlab Nilning suv hajmiyu sig‘imini o‘lchab bergan bizning vatandoshimiz va yuqorida tilga olingan allomalarga zamondosh al-Farg‘oniy!

“Ziji Kurogoniy” asarida yulduzlar jadvalini tuzib falakiyot ilmini dunyoga tanitgan ham 14 asarda yashab o‘tgan bizning ajdodimiz Mirzo Ulug‘bek!

Hazrat Alisher Navoiy satrlari bilan ta’rifu tavsiflasak:

Temurxon naslidan sulton Ulug‘bek

Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek.

 

Ularga deyarli zamondosh Hazrat Alisher Navoiyning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlarida ajdodlarimizning ta’rifu-tavsiflari go‘zal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni e’tirof etganlar. Ajdodlarimizdan urf bo‘lgan bu an’anani kelgusi avlodlarimizga yetkazish bizning burchimiz. Beruniy, Xorazmiy, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘larimiz navqiron avlodning g‘urur tog‘laridir. Mamlakatimiz istiqloli tufayli Islom madaniyati va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Moturidiy kabi allomalarning kitoblari o‘rganila boshlandi

Darhaqiqat, Turonzamin sadosi – ma’naviyati, madaniyati, ma’rifati dunyo kabi qadimiy va ulug‘vor! Ajdodlarimiz mehnatining mahsuli bo‘lmish g‘oyat qimmatli va eng qadimiy qo‘lyozma “Avesto”dagi go‘zal bitiklar ham ana shundan dalolat beradi. Eramizdan oldingi davrda yaratilgan yozma manba “Avesto”da olamni munavvar qiluvchi quyosh Sharqdan chiqishi tilga olinadi. Zero, quyosh bilan olam munavvarlashadi, jamiki tabiatu mavjudot harakatga keladi.

Zero, tabiat o‘z quyoshi bilan, inson o‘z ijodiy faoliyati bilan ajralib turadi. Biz dunyoga mashhur allomalarni bejiz tilga olmadik. Ular ajdodlarni avlodlarga bog‘lovchi ma’naviy ko‘priklardir. Ularning hayot yo‘li yoshlarimiz uchun yorqin ibratdir. Hukumatimizning maqsadu muddaosi ham shu – millatning yuzi bo‘ladigan, buyuk Vatanimizga munosib komil inson tarbiyalash, ya’ni rango-rang “qadimiy gullar”ga hamohang “jajji chechaklarni” parvarishlashdir.

 

Barkamol avlod tarbiyasi-yurtimiz kelajagi

Mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashga mustaqillikning ilk kunlaridanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Komil farzand tarbiyalash vazifasiga bevosita katta kuch sarflaydigan xotin – qizlarning ijtimoiy himoyasiga ham alohida e’tibor berildi. Chunki, juda ko‘p mamlakatlarda bo‘lgani kabi mamlakatimiz aholisining 51,2 foizini xotin – qizlar tashkil etadi. Ularning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy jarayonlarida faol ishtirok etishi jamiyatning huquqiy davlat sari barqaror rivojlanishining, salohiyatli farzandlar tarbiyalashning muhim omillaridan biridir. Mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimov shunday deb ta’kidlagan edilar:”Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Ayniqsa, ayollarga Sharqona ehtirom va e’zoz biz uchun ibratli merosdir”. Darhaqiqat ayolga ehtirom yurt kelajagi-farzandlarimizga e’tibor demakdir. Chunki farzandlar tarbiyasi ularning qo‘lida. Shuning uchun yurtimizda ayollarning muammolari bilan bog‘liq siyosatni amalga oshiruvchi tizim ishlab turibdi. Respublika xotin – qizlar qo‘mitasining rahbari ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Viloyat va tuman xotin – qizlar qo‘mitalarining raislari hokim o‘rinbosari maqomida faoliyat yuritishadi. Ular xotin – qizlarning huquq va manfaatlarini qo‘llab quvvatlab salohiyatini ro‘yobga chiqarishda samarali ta’sir o‘tkazmoqdalar.

Bugungi kunda oila, onalik, bolalik ijtimoiy muhofazasini va ayollar huquq va erkinliklarini ta’minlovchi O‘zbekiston Respublikasining 80 yaqin qonuni va qonun osti hujjatlari mavjud.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ushbu yo‘nalishdagi xalqaro huquqiy normalarga ham qo‘shilgan. Masalan, Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan va 1981 yili kuchga kirgan”Xotin – qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvetsiyasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib, 1995 yili ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiya 30 moddadan iborat bo‘lib, unda xotin – qizlarning ijtimoiy muhofazasi, teng huquqliligi belgilangan.

Siyosatchi ayollarni yuzaga chiqaradigan huquqiy omillardan biri parlament saylovlarida ayollarga kvota belgilanganligidir.

Siyosiy partiyalardan Parlamentga nomzod ko‘rsatilayotganda ayollarga 30 foizlik kvota belgilandi. Saylov qonunchiligimizni bu tariqa takomillashtirilishi milliy xususiyatlarimizdan kelib chiqdi. Natijada ayollarning Milliy qonunchilikdagi faol ishtirokini ta’minladi. Ushbu kvota belgilanganligi tufayli parlament a’zolari bo‘lgan ayollar soni avvalgi parlament sayloviga ko‘ra ko‘payib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida “Ma’naviyat – eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz” degan tamoyilga muvofiq, aholining madaniy saviyasini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik, jumladan, elektron kitobxonlikni rivojlantirish, ijodkor ziyolilarning mehnatini munosib rag‘batlantirish va ularning yutuqlarini targ‘ib etish borasidagi ishlarni keng aks ettirish” lozimligini ta’kidlandi. Shuningdek qarorda ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini samarali olib borishga qaratilgan ishlarga alohida urg‘u berildi.

Kelajakda bu davr jamiyatimizda ayollarni ulug‘lash, ularning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish, pirovardida komil farzand tarbiyalash, umuman oila, onalik va bolalikning ijtimoiy muhofazasi davri sifatida tarixda o‘chmas iz qoldiradi.

 

 

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.