Vatan timsollari maqaddasdir

0
1626
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti uchun huquqiy zamin yaratdi, shu bilan birga demokratik rivojlanishning poydevori bo‘lib xizmat qilayotgan davlatimiz, millatimiz timsolidir. Bosh qonunimiz davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining ifodachisidir.

Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazilishi mustaqqil yurtimizda an’anaga aylandi. Xalqimiz ushbu tantanali marosimni hamisha orziqib kutadi. Chunki, mamlakatimiz prezidenti o‘z ma’ruzasida o‘tayotgan yilni sarhisob qilib, kelgusi yilning muhim va ustuvor vazifalarini belgilab beradi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev an’anaga binoan bu yilni ”Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”deb e’lon qilgani ayni muddao bo‘ldi.

 

Davlatimiz ramzlaridan biri – bayroq

Mustaqil O‘zbekiston ahli yana bir tantana davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kunni ketma ket nishonlaydi.

Konstitutsiyamizning 5-moddasida shunday deyiladi: O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan o‘zbek davlat ramzlari-bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega”. Bayrog‘i, gerbi, madhiyasi kabi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining ko‘zgusi, timsolidir.

O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashning navbatdan tashqari o‘tkazilgan VIII sessiyasida 1991 yil 18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan edi Mana shunga ham yigirma olti yil to‘lyapti.

O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i bugungi O‘zbekiston sarhadini qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.

Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzidir. Bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuxrat va sadoqatni bildiradi. Amir Temur davlatining bayrog‘i ham moviy rangda bo‘lgan.

Oq rang muqaddas tinchlikni ifodalaydi, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang poklik, beg‘uborlik, soflikni hamda ichki go‘zallikka intilishni ham o‘zida ifodalaydi.

Yashil rang-tabiatning yangilanishi ramzi. U umid, navqironlik va shodumonlik timsolidir.

Qizil chiziqlar vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.

Navqiron yarim oy tasviri biznig tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni kunda qo‘lga kiritilgan mustaqqilligimiz ramzidir.

Yulduzlar barcha uchun ruhiy quvvat, ilohiy timsol hisoblanadi. Bayrog‘imizdagi 12ta yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi quyosh yilnomamizga bevosita aloqadordir. Bizning 12 yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz mamlakatimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida”Nujum ilmi” taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Shuningdek, u o‘zbek xalqi madaniyati qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushinish lozim.

Bayrog‘imiz xalqaro tashkilot BMTi binosida hilpiraganda, rasmiy uchrashuvlarda, sport maydonlarida baland ko‘tarilganda qalbimizni faxr tuyg‘usi qamrab olishi ana shundandir.

 

Madhiya

Mustaqil O‘zbekiston ahli uchun 10 dekabr kuni Davlat gimni qabul qilingan kun sifatida tarixga muhrlangan. Konstitutsiya shodiyonalariga gimn quvonchlari qo‘shilib ketishi tasodif emas. Yurtga baland shuhratu shukuh tilab uyushtirilgan go‘zal, e’zozli an’anadir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashning XI sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Xuddi shu sessiyada 10 dekabr kuni Mustaqil respublikaning Davlat gimni haqidagi Qonun ham tasdiqlandi. Mana shunga yigirma olti yil bo‘lyapti.

Mutal Burxonov musiqasi, Abdulla Oripov she’ridan iborat gimn. xalqimizning faxriga, g‘ururiga aylandi. Zero, “Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy g‘ururimizni, yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri-katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir”, deydi mamlakatimiz birinchi prezidenti I. Karimov. Bu ayni haqiqat! Mamlakatimiz bosh Qomusi va gimni qabul qilingan ushbu sessiyada deputat sifatida qatnashgan bolalarimning otasi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist Namoz Sa’dullayevning uyga quvonch bilan kirib kelganligini hamon eslayman. U hayajon bilan shunday degan edi: ”Mustaqillik tom ma’noda mustahkamlandi. Kecha Konstitutsiyamiz qabul qilingan bo‘lsa, bugun madhiyamiz tarix sahifalariga muhrlandi. Endi u mamlakatimizning ramzi sifatida jahon siyosat maydonlarida jaranglaydi. Vatan mustaqilligi, tinchligi, farovonligi, taraqqiyoti abadiy bo‘lsin. Endi yagona Vatan, yagona taqdirmiz” degan edi. Va u zavq-shavq bilan Cho‘lponning yillar davomida ta’qiqlangan olovli she’rini jaranglatib o‘qigan edi.

Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir.

Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir

Xalq qo‘zg‘olsa kuch yo‘qdirkim to‘xtatsin,

Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsin.

Milliy g‘urur, millat iftixori u kishini ruhlantirgan edi. Milliy g‘urur shunday kuchli ruhiy holatki, u tufayli tarixiy yaxlitlik, til, madaniyat, ma’naviyat, iqtisodiy hayot va kelajak birligi millat vakillarining qalbida chuqur o‘rin olib, milliy birdamlik tuyg‘usini uyg‘otadi. Milliy birdamlik esa yetuk va mukammal ma’naviy fazilat sifatida qadrlanadi.

Mustaqil O‘zbekiston gimnining maqsad-muddaosi murg‘ak jondagi shaxsni uyg‘otish, yuksak ijtimoiy murod-maqsadlar mezonlariga muvofiq ravishda kamol toptirishdan iboratdir.

Bundan ko‘p yillar oldin jurnalist sifatida Shovot tumanida mustaqillik sharofati bilan yangi ochilgan xususiy bolalar bog‘chasiga kirdim. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib gimnni kuylayotgan jajji bolalarni ko‘rib to‘lqinlanib ketdim. Ular orasida endigina til chiqarayotgan jajji go‘daklar ham bo‘lib, ular ham zavq-shavq bilan gimnga jo‘r bo‘lishayotgan edi. “Har kungi faoliyatimizni gimni kuylash bilan boshlaymiz” – dedi tarbiyachi.

Bu go‘zallik, mehr-muhabbat qalbimni nurlantirdi. Meni nevaralarim ham gimnni bilarmikan deb o‘ylanib qoldim. Toshkentga qaytgach, katta nevaram Rasulbekdan gimnni yoddan o‘qib berishni so‘radim. U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib biror satrini tushirmasdan ifodali yodladi. Uning yonida turgan ikkinchi nevaram Oybek esa “buvijon men endi gimnni sizga kuylab beraman” dedida qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi. U kuylashga boshlaganida yonida turgan nevaram Madina va jiyanlarim ham qo‘shildi. Xonani bir quchoq bolalarning qo‘shiqlari qamrab oldi. Mening qalbim esa yayradi.

Ha, bu dunyoga har birimiz mehmonmiz! Faqat Vatangina mangu! Insondagi ezgulik, yaxshilik qoladi. Imon-e’tiqod esa abadiy! Ana shu ezgulikni, imon-e’tiqodni avlodlardan avlodlarga uzatuvchi avlod ham bugungi bolalarimizdir!

Zero, endilikda Istiqlolni avaylash o‘zligini avaylash ekanligini yoshu qari biladi. Istiqlol bilan, yurtimizga qadriyatlarimiz, an’analarimiz bahor qaldirg‘ochlari yanglig‘ qaytib keldi. Madaniyatimiz, san’atimiz, tariximiz, g‘ururimiz, milliyligimiz qadr topdi. Gimn bizning milliyligimizni ham o‘zida ifoda etadi.

Gimn yangrayapti. Men nimani qalbga tuyaman?! Mustaqillik yillarida respublikada paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, pillachilik, meva-sabzavotchilik sohalari, sanoatning gaz, neft, qimmatbaho metallar qazib chiqarish turlari keng rivoj topdi.

Tong bilan televizorni qo‘yaman. Gimnni eshitib turib kundalik faoliyatimni boshlayman. Men nimani qalbga tuyaman?! Vatanimizning uzoq o‘tmishdan sadosi – ma’naviyati, madaniyati, ma’rifati dunyo kabi qadimiy va ulug‘vorligini qalbga tuyaman! Ajdodlarimiz mehnatining mahsuli bo‘lmish g‘oyat qimmatli va eng qadimiy qo‘lyozma “Avesto”dagi go‘zal bitiklar ham ana shundan dalolat beradi. Mamlakatimizda asrlar mobaynida yaratilgan, rivojlantirilgan g‘oyat katta ilm, mo‘jizakor ijodiy mehnat ham bor. Jahon ilm durdonasiga behisob hissa qo‘shgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Farg‘oniy, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyukdan buyuk allomayu sarkardalarimiz bilan faxrlanaman!

Gimn yangrayapti… Men nimani qalbga tuyaman?!. Qayta tiklangan go‘zal va ulug‘vor tariximiz, istiqlol bergan buyuk o‘zgarishlar, yurt kengliklari, oppoq paxtazoru xirmon – xirmon paxta uyumlari, shig‘il-shig‘il yetilgan mevali go‘zal bog‘larimiz, saf bo‘lib uchayotgan turnalardek keng va ravon ko‘chalarimizda tizilgan milliy avtomashinalarimiz, ona zaminimiz tuhfasi-g‘ishtga monand sap-sariq tovlanayotgan tillalarimiz, tandirdan yangi uzulgan nondek ko‘zni quvontiruvchi nashrlarimiz ko‘z oldimdan bir-bir o‘tadi.

Yurtimiz madhiyasi yangraganda… bolalarimizning ko‘zlaridagi yolqinlangan uchkunlar, xalqaro sport maydonlarida hilpirayotgan bayrog‘imiz gavdalanadi.

Gimn ohanglari taralayotganda… Mustaqqilligimiz timsoli mamlakat Prezidentining xalqaro siyosat maydonlariga tashrifi vaqtidagi yangragan Vatan timsoli bayroqimizning hilpirashi iftixor tuyg‘ulariga cho‘lg‘ab to‘lqinlantirib yuboradi. Siyosiy rahbarimizning xalqaro minbarlarda bayrog‘imiz ostida o‘qiyotgan mara’ruzalari, munozaralari gavdalanadi.

Gimn yangraganda… Yigirma olti yil ichida bosib o‘tgan yo‘limiz bosqichma-bosqich amalga oshirilgan taraqiyot yo‘limiz, o‘zbek modeli ko‘z oldimizdan bir-bir o‘tadi. Mamlakatimiz erishgan darajalar jahoniy mezonlarga muqoyasa qilinganida quvonchlarimiz gavdalanadi…

Madhiya yangraganda… Istiqlol bilan xalqimiz boshqa xalqlarning go‘zal tajribasidan, umuminsoniy qadriyatlaridan o‘rganib, o‘zining ildizlariga – xalq salohiyatining munosib o‘zanlariga, asrlar davomida qaror topgan axloqiy mezonlarga suyanib, o‘ziga xos, o‘ziga mos yo‘lni tanlab oldi. Agar e’tibor bersangiz nafaqat odamzotning, balki millatlarning, davlatlarning ham yashash tarzi, yuksalish a’mollari ana shundan iborat! Izlanish, o‘rganish, yaratish… Zero, yuksalishni ko‘zlagan har qaysi mamlakat o‘zi belgilagan yorug‘ manzil sari bosqichma-bosqich qadam qo‘yib, o‘z qadriyatlariga va jahon tajribalariga tayanib yuqorilab boraveradi. Shu ma’noda davlatimiz ham mustaqqillikni mustahkamlash jarayonida murakkab yo‘lni bosib o‘tdi.

Gimn yangrayapti…

Buning zamirida esa ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot yaratish maqsadi jamuljam bo‘lyapti…

Madhiya yangrayati… Bizda esa ertangi kunga ishonch tuyg‘usi kuchayadi, u qalblarga quvonch, vujudlarga hayrat, ruhiyatga shijoat baxsh etadi.

 

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.