Sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi

0
66
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimdagi nutqidan:

Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq bo‘lmaguncha u aybdor hisoblanmasligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarni amalda ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Albatta, bu qoidani hayotga to‘liq tatbiq etish, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqilligi, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambarchas bog‘liq.

Shu maqsadda biz sud tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor berib kelmoqdamiz. Jumladan, yagona sud amaliyotini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirildi.

Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi.

Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Shu asosda sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi.

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda fuqarolarimizning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilsa, ular har bir tuman va shaharda tuzilgan ma’muriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin.

Sudlarning xalq oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan o‘tkazilmoqda. Fuqarolarning ijobiy fikri mavjud bo‘lgan taqdirdagina ular lavozimga tayinlanmoqda.

Sudning tarbiyaviy rolini kuchaytirish, uning faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, sud hukmlarini qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olishga jiddiy e’tibor qaratildi.

Shu maqsadda sud ishlarini sayyor tartibda ko‘rish yo‘lga qo‘yildi. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida sudlar tomonidan 373 ming 256 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, shundan 169 ming 289 tasi yoki 45 foizi sayyor sud muhokamalarida ko‘rildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.