Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari soni yana bittaga ko‘paydi

0
191
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kuni-kecha qabul qilingan qaroriga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etildi.
Aytish joizki, bugungi kunda hududlarda tibbiy kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar tibbiy xizmat sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi davolash-profilaktika muassasalarida ham 2000 nafarga yaqin shifokorga ehtiyoj bor. Ayniqsa, viloyatdagi QVPlar va qishloq oilaviy poliklinikalarini umumiy amaliyot shifokorlari bilan ta’minlash darajasi 50 foizga ham yetmaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarda, jumladan, joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashib, boshqa sohalar bilan bir qatorda sog‘liqni saqlash tizimida mavjud bunday muammolarni bartaraf etish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edi. Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etilishi bu muammo yechimi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 23 yanvardagi 12-sonli bayonnomasi asosida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialiga joriy o‘quv yili uchun 300 nafar surxondaryolik yoshlar tumanlar kesimidagi shifokorlarga bo‘lgan extiyojlarni qoplash maqsadida ajratilgan kvotalar asosida qabul qilindi. Quvonarlisi shundaki, ushbu talabalar bugungi kunda aniq maqsadi va ish joyiga ega. Chunki, har bir talaba viloyat xokimligi bilan kelishgan holda qishloq oilaviy poliklinikalari, kishloq vrachlik punktlarida ishlash uchun shartnoma imzolagan.

Ta’kidlash lozimki, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali eng so‘nggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyotga oid barcha asbob-uskunalar — fantom va mulyajlar, laboratoriya anjomlari bilan jihozlangan. Oliy ta’lim dargohida tibbiyotga oid adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlangan axborot resurs markazi, turar joy va yotoqxonalar, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy yopiq sport inshootlari barpo etilgan.

— Xalqimizga jahon andozalari darajasida zamonaviy tibbiy yordamni tashkil etishda malakali mutaxassislarning o‘rni nihoyatda muhim, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i O‘ktam Ismailov. — Ayniqsa, tibbiyotning birlamchi tuzilmalarida malakali shifokorlarning faoliyat yuritishi kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va xalqimizning sog‘lig‘ini muhofazalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining ochilishi bu borada muhim qadam bo‘ldi. Yangi tibbiy oliy o‘quv yurtida talabalarning puxta bilim olishlari uchun moddiy-texnik baza bilan bir qatorda, malakali pedagoglarning faoliyati muhim o‘rin tutadi. Shuni e’tiborga olgan holda yangi tibbiy oliy ta’lim muassasasiga Toshkent tibbiyot akademiyasining tajribali professor-o‘qituvchilari ham jalb qilindi. Shuningdek, masofadan turib, Toshkent tibbiyot akademiyasining auditoriyalarida olib boriladigan ma’ruzalar va darslarni to‘g‘ridan- to‘g‘ri talabalarga namoyish etish imkoniyati yaratildi.

Yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatida doimiy yashaydigan, hozirgi paytda respublikaning oliy tibbiyot ta’lim muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shaklida ta’lim olayotgan 4 – 5-bosqich talabalari ham o‘z xohishlariga ko‘ra, filialga davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi. Mazkur tibbiy oliy o‘quv yurtini bitirgan barcha talabalar kelgusida Surxondaryo viloyatidagi shifokorlar yetishmayotgan tibbiyot muassasalarida o‘n yil ishlab berishlari majburiy etib belgilangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.