2 fevral kuni O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi va Turkiya Hamkorlik va Muvofiqlashtirish Agentligi (TIKA) ning hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yosh fermerlar faoliyatiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha bir qancha ijobiy kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, endi Turkiya energiya manbalari yordamida sug‘orish tizimlarini rivojlantirish dasturi yosh fermerlar faoliyatida joriy etiladi. Ushbu innovatsion loyiha quyosh energiyasidan foydalanib, yerning tabiiy landshaft joylashuvi tufayli suv chiqishi qiyin bo‘lgan maydonlarni sug‘orish imkoniyatini beradi. Unga ko‘ra O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi tomonidan sug‘orish ishlarida jiddiy muammolarga duch kelayotgan yosh fermerlar faoliyati o‘rganib chiqilgan holda hamkorlarga tavsiya etiladi.
Uchrashuvda shuningdek, asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha ham bir qancha loyihalar ilgari surildi. Loyihalarga ko‘ra ikki tomonning kelishuvi asosida yosh fermerlarga Turkiyadan ona asalarilar hamda asalari ko‘paytirishda kerak bo‘ladigan tehnologiyalar yetkazib beriladi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun respublikamizning faol yosh fermerlari Turkiyada malaka oshirib qaytishlari ham rejalashtirilgan.
Ilyos Safarov,
O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi
matbuot xizmati rahbari