TIL MADANIYAT KO‘ZGUSI VA RUHIMIZ QANOTI

0
193
marta ko‘rilgan.

Bu yil o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilganiga 31 yil to‘ladi. Til Alloh tomonidan in’om etilgan buyuk ne’mat.  Shubhasiz, insondagi hamma ezgu sifatlar, go‘zal fazilatlar benazir va betakror  ona tilimiz sharofaatidandir.

Tilimiz nafaqat kishilar o‘rtasidagi  muomala vositasi, balki shu  xalqning urf-odati, turmush tarzi, tarixi,  madaniyatini ham ifoda etishi bilan jozibalidir.

 Kim o‘z  tilini e’zozlasa, qadrlasa, uning rivojlanishi uchun astoydil jon kuydirsa til umrboqiy yashaydi. Shu bois har bir millat, o‘z tilini asrab, uning taraqqiyoti uchun harakat qiladi. Negaki, xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati tilda mujassam.

Bu yil mamlakatimizda  o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilganiga 31 yil to‘ladi. Bu yurtimiz hayotida shubhasiz buyuk tarixiy voqyea. O‘zbekistonda mustaqillik sari qo‘yilgan ilk kunlardanoq til taraqqiyotiga alohida ahamiyat berildi.  Davlatimiz mustaqilligi  e’lon qilinishi bilan ona tilimiz o‘zining haqiqiy o‘rnini va mavqyeini topdi.

Ma’lumki, tilimiz dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri xisoblanadi. Davlatimiz, hukumatimiz tomonidan uning mavqyeini oshirish, sofligini ta’minlash maqsadida  qonunchiligimizda ulkan ishlar, yangi islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘tgan yili tilimizning ijtimoiy ahamiyatini, xalqaro miqyosdagi obro‘-nufuzini tubdan yuksaltirish,  mamlakatimizda davlat tilining to‘laqonli joriy etilishini ta’minlash maqsadida 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqyeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonga muvofiq Hukumat tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi, shuningdek, qaror bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, muassasa hamda boshqa tashkilotlarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, o‘zbek tilini rivojlantirishni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi (mas’ul xodim) lavozimi ham tashkil  etildi.

Shuningdek, 2020 yil 10 aprel kuni Muhtaram Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni imzolandi. Unga muvofiq 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi.  Ma’lumki, ona tilimiz  ham davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, konstitutsiyasi kabi  muqaddas hisoblanadi. Shunday ekan, o‘zbek tilimiz qonun yo‘li bilan himoyada ekanligini unutmasligimiz zarur.

Har yili bu  bayram mamlakatimizda keng nishonlanadi. Ona tilimizning jozibadorligini, go‘zalligi, mukammalligi, boy va mazmundorligini ko‘rsatib berish, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha  millat vakillarini ham muqaddas burchi sanaladi.  Buni teran xis qilgan yurtdoshlarimiz bir jon bo‘lib,  tilimizning pokligi va o‘ziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqdalar.

Boshqa davlat xalqlaridan tubdan farq qiluvchi odamlarning o‘zaro samimiy suhbatlarida, yuksak ma’naviyatida tilimizning jozibadorligi, betakrorligining guvohi bo‘lib,  beixtiyor shunday yurtning farzandi bo‘lganimdan quvonaman. Eng avvalo, bizning tilimizdagi hayo, ibo, oriyat, mehr-oqibat so‘zlarining betakrorligi, uni boshqa tillarga tarjima qilib bo‘lmasligining o‘ziyoq tilimizning naqadar boy ekanligidan dalolat beradi. Tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o‘g‘iz  lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek tili ana shu lahjalar asosida ma’lum bir me’yorga kelgan.  U tinimsiz o‘sib, rivojlanib bormoqda.

Ogahiy hazratlarining so‘z haqidagi quyidagi misralari bu to‘g‘ridagi tasavvurlarimizni to‘liq namoyon etishi bilan yanada xarakterlidir. “…kishidin to qiyomatg‘acha qolaturg‘an yodgor va farzandi saodatosor yaxshi so‘zdir… Alqissa, so‘z martabasi nihoyatsiz baland va so‘z ahli hamisha aziz va arjumanddurlar”.

Ha, donishmand ota-bobolarimiz so‘zni mulk sifatida qadrlab, o‘z asarlarida ham uni o‘z o‘rnida qo‘llaganliklarini, tilimizni avaylab-asrash, e’zozlash muhim ekanligini  e’tirof qilganlar. Zero, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak madaniyatga, ma’naviyat va istiqbolga da’vat qiluvchi benazir ne’mat.  Shuning uchun har birimiz o‘z ona tilimizni  avraylab-asrashimiz lozim. Tilga e’tiborli bo‘lsak, millatimiz, kelajagimiz hyech qachon kam bo‘lmaydi. 

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga, qonun va qarorlar ijrosini ta’minlashga boshqarmamiz tomonidan tashkilotlar bilan hamkorlikda  qator  chora-tadbirlar,  rejalar belgilanib,  ijroga qaratildi.   Bosma nashrlarda chop qilinayotgan “Til yashasa millat yashar”, “Ona tilim-jonu dilim”, “Ona tilim-faxrim mening”, “Tilga e’tibor-til e’tibor”  kabi ruknlar ostida yuzlab rang-barang maqolalar e’lon qilingan. Xorazm teleradiokompaniyasi orqali “Tilimizni o‘rganamiz” ko‘rsatuvi muntazam ravishda  efirga uzatib kelinmoqda. Shuningdek, boshqarmaning yangi talqindagi veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va sahifalarida  mavzu doirasida maqolalar, intervyular joylashtirildi. Boshqarma tomonidan tayyorlangan “Tilga e’tibor-elga e’tibor”  mavzusida rolik tayyorlandi va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib etildi.

Qonun ijrosini ta’minlashda mas’uliyatni yanada yuksaltirish, o‘zbek tili me’yorlariga qat’iy rioya etishni tashkillashtirish maqsadida matbaa korxonalari, nashriyot va noshirlik bo‘limlari, tahririyatlar xodimlari  bilan muntazam ravishda seminarlar, ZOOM dasturi orqali onlayn konferensiyalar o‘tkazilib, zaruriy tavsiyalar chiqarilmoqda. Davlat idoralari va tashkilotlarning veb-saytlari, tarmoqlardagi  kanallar va sahifalarida viloyatda bu borada olib borilayotgan ishlar muntazam yoritib borilmoqda. Tashkilotlarning axborot xizmati rahbarlari tomonidan  keng targ‘ibot ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat, shaharlar va tumanlar hokimliklarining o‘zbek tilini rivojlantirishni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari bilan o‘zaro ijodiy hamkorlik o‘rnatilgan.

Til-ruhimizga qanot bag‘ishlovchi noyob xazina, ma’naviyat ko‘zgusi. Uni hamisha, har joyda ko‘z qorachig‘idek  asrashimiz kerak. Til tom ma’noda millat, yurt  taqdirini belgilar ekan, uning sofligi,  taraqqiyoti, barhayotligi uchun  barchamiz birdek  mas’ulmiz.

Dilbar BEKChANOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi

Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.