Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti hamkorligida qo‘shma ta’lim dasturi ochildi

0
55
marta ko‘rilgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti bilan hamkorligida «Axborot texnologiyalar va tadbirkorlik» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturining ochilish marosimi onlayn shaklda bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov,  mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati  va Turku amaliy fanlar universiteti rektori Vesa Taatila,  Yevropaning eng yirik innovator tadbirkori Piter Vasterbaka  hamda «Finest Future» vakillari ishtirok etishdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida mamlakatimizda ta’lim sohasida dunyoning yetakchi va ilg‘or tajribaga ega universitetlari bilan yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Finlyandiya ta’limi va innovatsiyasi g‘oyalarini yurtimiz oliy ta’lim dasturlariga tadbiq etish vazifalari shular jumlasidandir.  Hozirda Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va ushbu mamlakatning «Finest Future» kompaniyasi bilan hamkorlikda  axborot-kommunikatsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarga start berilgan.  Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ushbu loyihalarda ilk hamkor oliy ta’lim muassasasi sifatida ishtirok etmoqda.

Dasturning o‘ziga xosligi shundan iboratki, unda talabalar 1+3 shaklida ta’lim oladilar. Talabalarga, shuningdek, Finlyandiya kompaniyalariga ishga joylashish imkoniyati beriladi. Ya’ni, dastur ishtirokchilari dastlabki 1 yilni O‘zbekistonda va keyingi 3 yilni Finlyandiyada o‘tkazadilar. Shuningdek, dastur ishtirokchilari  Finlyandiyaning yirik AKT kompaniyalari va startaplarida amaliyot o‘tashadi.

Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, qo‘shma ta’lim dasturi bakalavriat bosqichida «Axborot texnologiyalari va tadbirkolik» hamda «Biznes axborot texnologiyalari va tadbirkorlik» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni qabul qilishi rejalashtirilgan.

Loyiha yevropaning eng yirik innovator tadbirkori Piter Vasterbaka yetakchiligida amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyiha orqali o‘zbekistonlik talabalar eng yaxshi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan holda Finlyandiyadan yangi g‘oyalar va tajribalarni egallab yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi hukumat  portali

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.