Toshkent shahri atrofida yer usti xalqa metro liniyasi qurilishi boshlandi

0
80
marta ko‘rilgan.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur qurilish bilan tanishdi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga zamonaviy transport xizmati ko‘rsatishni kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 

Aholining talab va ehtiyojlari, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishi inobatga olinib, Toshkent shahrida yer usti xalqa metro liniyasini barpo etish bo‘yicha ishlar boshlandi. 

Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yo‘nalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi, 1,6 kilometri yer ustida quriladi. 

2017-2021 yillarga mo‘ljallangan loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining “Do‘stlik” bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismi quriladi. Uzunligi 11 kilometr bo‘lgan ushbu qismda sakkizta bekat bunyod etilishi mo‘ljallanmoqda. 

Ikkinchi bosqich Qo‘yliq bozori bilan “Olmazor” bekatini bog‘laydi. Uchinchi bosqichda “Olmazor”dan “Beruniy” bekatigacha bo‘lgan qism barpo etiladi. Keyingi bosqichda inshoot “Beruniy”dan “Bodomzor” bekatigacha quriladi, so‘nggi bosqichda “Do‘stlik” bekatiga ulanadi. 

Ayni paytda estakadalar uchun monolit usulda beton ustunlar quyish ishlari boshlandi. Qurilish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. 

Har tomonlama qulay, arzon va xavfsiz bo‘lgan mazkur transport tarmog‘i barpo etilishi poytaxtimiz uchun ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega, dedi Shavkat Mirziyoyev. Toshkent shahrida transportga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash, bu masalaga oqilona yechim topish doimiy e’tibordagi masalalardan. Mazkur loyihani amalga oshirishda aholi uchun qulay bo‘ladigan yechimlarga tayanildi. Natijada metroning boshqa yo‘nalishlari bilan oqilona bog‘lash orqali shahar transporti yuklamasini yengillashtirishga olib keladigan ushbu loyiha tanlandi. 

Prezidentimiz aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi zamonaviy transport liniyasini 2020 yilgacha to‘liq foydalanishga topshirish bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi. 

Davlatimiz rahbari Yashnobod tumanidagi “Vatandosh” mahalla fuqarolar yig‘inida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent shahar tumanlari hokimlari va faollari bilan uchrashdi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda kommunal, yo‘l-transport, ta’lim, tibbiyot, fan-texnika sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar va yechimini kutayotgan dolzarb masalalar xususida so‘z yuritildi. 

Shavkat Mirziyoyev mazkur mahalladagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari do‘konida ham bo‘ldi va aholi ehtiyojlari uchun zarur mahsulotlar turi va narxi bilan qiziqdi. 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.