Velosport. Hamyurtlarimiz Osiyo chempionatida kumush va bronza medallari sohiblari

0
140
marta ko‘rilgan.

16-20 fevral kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida erkaklar, ayollar va yoshlar o‘rtasida velosport bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.

Ushbu qit’a birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari ham ishtirok etdilar. Musobaqada velosport-trek yo‘nalishi bo‘yicha bahslarda qatnashgan hamyurtimiz Murodjon Xolmurodov bronza medali sohibiga aylandi. Hamyurtimiz bahslarda jahon kubogi g‘olibi Nikita Panassenko (Qozog‘iston) va Osiyo chempioni Shunsuke Imamura (Yaponiya) larni ortda qoldirgani e’tiborga molik.

Musobaqada birinchi o‘rinni Birlashgan Arab Amirliklari vakili Mirza al Hammadi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin gonkonglik Chong King Lukka nasib qildi.

Yoshlar o‘rtasida Omnium bahslari finalida boshqa bir sportchimiz Danil Yevdokimov marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va kumush medal sohibiga aylandi.


 
Musobaqaning oltin va bronza medallarini Janubiy Koreya va Xitoy Taypeyidan tashrif buyurgan sportchilar qo‘lga kiritishdi. 

Shuningdek, 18-19 fevral kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Osiyo Velosport Konfederatsiyasi(ASS)ning Kongressi o‘tkazildi. 

Kongress davomida O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kozim O‘rinboyxo‘jaev Osiyo Velosport Konfederatsiyasining vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.

Kongressda O‘zbekiston 2019 yilgi Osiyo chempionati mezbonligi huquqini qo‘lga kiritdi. Undan tashqari Osiyo Velosport Konfederatsiyasining navbatdagi Kongressi ham poytaxtimizda o‘tkaziladigan bo‘ldi. 

Ma’lumot uchun: Velosport bo‘yicha Osiyo Chempionati kontinental musobaqa hisoblanib, ilk bora 1963 yilda tashkil qilingan. U o‘z ichiga shosse va trek yo‘nalishlarini qamrab oladi. Mazkur musobaqada qit’amizning 500 nafardan ortiq velosportchilari qatnashadilar.

Javlon SA’DULLAEV tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.