Xalqaro shaxmat ustasi Javohir Sindorovga Prezidentimiz sovg‘asi topshirildi

0
165
marta ko‘rilgan.

Shaxmat bo‘yicha jahon va Osiyo chempionatlari g‘olibi, xalqaro shaxmat ustasi Javohir Sindorovga Prezidentimiz sovg‘asi topshirildi. 

Shu munosabat bilan Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov va boshqalar mamlakatimizda sportni, jumladan, bolalar sportini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, jahon maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir iste’dodli sportchilarni tayyorlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 3 iyundagi «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 10 avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarorlari soha rivojida muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Bugun yurtimiz sportchilari nufuzli sport anjumanlarida – jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida yuqori natijalarga erishib, Vatanimiz dovrug‘ini butun dunyoga tarannum etmoqda. 

Buni yosh shaxmatchimiz Javohir Sindorov misolida ham ko‘rish mumkin. To‘rt yarim yoshidan shaxmat bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan Javohirning erishgan yutuqlariga jahonning yetakchi shaxmatchilari ham havas qiladi. U 2012 yil Hindistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi. 2013 yil Eronda shaxmat bo‘yicha 18 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. 

2014 yil Gretsiyada maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida Javohir Sindorov biryo‘la ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi. Braziliyada maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida ham oltin medalga sazovor bo‘ldi. 2015 yil Tailandning Pattayya shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida yana shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. 2016 yil Rossiyada o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida kumush medal bilan taqdirlandi. 

2017 yilgi sport mavsumi ham shaxmatchimiz uchun muvaffaqiyatli bo‘lmoqda. Javohir aprel oyida poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 8-18 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

– Javohir juda tirishqoq va mehnatkash shaxmatchi, – deydi uning murabbiyi, xalqaro grossmeyster Marat Jumayev. – U bilan deyarli har kuni besh-olti soatdan mashg‘ulot o‘tkazamiz. Javohirning bugungi kunda erishayotgan natijalari kelajakda yanada katta yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonch bag‘ishlaydi. 

Yaqinda Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDening 88-Kongressida yosh shaxmatchimiz Javohir Sindorovga xalqaro shaxmat ustasi unvoni berilgani e’lon qilindi. 

Jahon va Osiyo chempionati g‘olibi, xalqaro shaxmat ustasi Javohir Sindorov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy noutbuk (Macbook) bilan taqdirlandi. 

– Prezidentimizning biz yoshlarga ko‘rsatayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rligidan minnatdormiz, – deydi Javohir Sindorov. – Xalqaro maydonda erishayotgan g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor tufaylidir. Prezidentimizning sovg‘asi meni yanada yuksak marralar sari ruhlantiradi, kelajakda xalqaro grossmeyster talabini bajarishimda yaqin ko‘makdoshim bo‘ladi. 

 

 

Bayram Aytmurodov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.