Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Milliy olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘ldi

0
149
marta ko‘rilgan.

Xalqaro Velosipedchilar Ittifoqi (UCI) Prezidenti David Laparte boshchiligidagi delegatsiya 21 dekabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Toshkentga uyushtirlgan safari davomida Lapartega Osiyo velosport Konfederatsiyasi Prezidenti Usama Ahmad Abdulloh al Shafar hamrohlik qilmoqda,  deya xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati. 

Delegatsiya tarkibidan shuningdek, UCI Xalqaro munosabatlar bo‘limi boshlig‘i Guillame Majorie, UCIning shosse velosporti bo‘yicha komissiyasi a’zosi, yevropa velosipedchilar Ittifoqi vitse-prezidenti Aleksandr Gusyatnikov, UCIning xalqaro munosabatlar bo‘limi mutaxassisi, Ozarbayjon velosport federatsiyasi Bosh kotibi Farxod Aliyev, Qozoqiston velosport federatsiyasi Bosh kotibi Tulpar Mansurov, ushbu federatsiya vitse-prezidenti, “Astana” Prezident sport klubi ijrochi direktori Amanbek Kulchikovlar joy olishgandi.


 
Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov kutib oldi. Shundan so‘ng qo‘mitaning muzokaralar zalida tomonlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Alisher Sultanov, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, shuningdek, Oybek Kasimov va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kozim O‘rinboyxo‘jayev ishtirok etishdi. 

A.Sultanov mehmonlarni qutlar ekan, velosport O‘zbekistonda eng ommaviy sport turlaridan biri ekanligiga alohida urg‘u berib o‘tdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi bilan aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtalarini rivojlantirishga har tomonlama tayyor ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Velosport aholini ommaviy tarzda sportga jalb etish masalasida juda qulay va samarali vosita ekanligini bildirdi. 

O‘z navbatida D.Laparte samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilar ekan, milliy federatsiyalar bilan aloqalarni mustahkamlash Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi uchun ham juda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi. Bu borada velosportning barcha yo‘nalishlarida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga va mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada ommalashtirish va rivojlantirish maslalarida yordam berishga tayyorligini izhor qildi. 

Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov esa O‘zbekistonda sportga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilishi, mamlakatimiz ajoyib sport infratuzilmasiga ega ekanligi va yurtimizda nufuzli xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha sharoitlar borligi xususida gapirdi. 

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda velosport turini yanada rivojlantirish maqsadida 2018 yilda Toshkent velotrekida Osiyo kubogi, 2019 yilda esa shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik doirasini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuv yakunida A.Sultanov mehmonlarga esdalik sovg‘alarini topshirdi. David Laparte esa iliq qabul uchun minnatorchilik izhor etar ekan, martabali mehmonlarning tashrif kitobiga o‘zining samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.  
 
Qayd etish kerak,  David Lapartening yurtimizga tashrifi O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi va Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi o‘rtasida  hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.