Xalqlar do‘stligi – yurt tinchligi va taraqqiyoti kafolati

0
557
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistonda koryeys millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qilayotganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim ishtirokchilariga”  yo‘llagan tabriknomasini o‘qiganimda jurnalistik faoliyatimda o‘zim suhbatlashgan turfa sohalarda ishlab, Vatanimiz taraqqiyotiga, tinchligiga munosib hissa qo‘shib kelishayotgan koryeys millatiga mansub fidoyi kishilar ko‘z oldimdan o‘tdi. Jumladan, unda shunday deyiladi: “Mehnatsevarligi, qat’iy irodasi, ahilligi, intizomi, yerga mehri bilan, dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz o‘xshashligi tufayli koryeyslar O‘zbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, ko‘p millatli O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylandi, hurmat-e’tibor qozondi. Xalqimiz shunday yurtdoshlari bilan faxrlanadi… Mamlakatimizda katta obro‘-e’tibor qozongan 283 nafar koryeys millatiga mansub yurtdoshimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan”. 

Darhaqiqat, Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi. Ayni kunda u qo‘mitaga aylantirildi. Ushbu tashkilot  chorak asrdir-ki, xalqlar do‘stligini ulug‘lab,  yurtimiz fuqarolarining birdamligiga, ahilligiga, Vatanimiz tinchligiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ayni kunlarda mamlakatimizda 130dan ortiq millat vakillari do‘stona umriguzoronlik qilmoqda. Mamlakatimizda tashkil etilgan turli millat vakillarining milliy madaniyat markazlari o‘z faoliyati bilan ham bu ishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ulardan biri Koryeys milliy madaniyat markazidir.

Mamlakat prezidenti tilga olgan Koryeys milliy madaniyat markazi a’zolaridan biri Xivadagi Mehribonlik uyi direktori, O‘zbekiston qahramoni Vera Pak. U uzoq yillardan beri yetakchilik qilayotgan Xiva Mehribonlik uyi mamlakatimizdagi eng qadimiy maskanlardan biri  hisoblanadi. Ikki –uch yil avval ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalovchi ushbu muassasa zamonaviy kottej tipidagi yangi maskanga ko‘chib o‘tdi. O‘z qadriyatlari va an’analariga ega bu dargoh  “Eng yaxshi Mehribonlik uyi”, “Eng yaxshi Mehribonlik uyi tarbiyachisi” ko‘rik tanlovlarining  respublika bosqichi g‘olibi bo‘lishga  erishgan. “Eng mehmondo‘st  Mehribonlik uyi”, “Eng yaxshi ta’lim-tarbiya dasturini ishlab chiqqan Mehribonlik uyi” kabi yo‘nalishlarda ham sovrinlar olishga muyassar bo‘lgan. Ularning bitiruvchilar bilan olib borayotgan ishlari, o‘quvchilarning oliy o‘quv muassasalariga o‘qishga kirishi, yangi joyga moslashishi, kasb tanlashi, umuman ularning ijtimoiy integratsiyasi masalalari xalqaro forumlarda ham  ommalashtirilgan. Albatta bu yutuqlarda mamlakatimizning g‘amxo‘rligi va O‘zbekiston qahramoni Vera Pakning fidoyiligi uyg‘unlashgan.

Koryeys millatiga mansub men suhbatlashgan yana bir ayol  O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan vrach Svetlana Soy. U xalq bilan muloqotni afzal biladigan va inson manfaatlarini oliy qadriyat deb hisoblaydigan zahmatkash, fidoyi kishilardan. Xalq bilan muloqatni xush ko‘ruvchi xususiyati uni elga tanitdi. Oddiy vrachlikdan viloyat boshqarmasining boshlig‘i darajasiga ko‘tardi. “Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yetakchilik qilganimda xalqimizning bag‘ri kengligini, do‘stona samimiyatni qadrlashini yanada yaqindan his etdim. Men Vatanimiz bilan, ko‘p millatli ahil yashayotgan xalqimiz  bilan faxrlanaman”,- deydi u.

Uning  o‘zbekcha bemalol gapirayotganini yurtga mehr, do‘stlik timsoli deb tushindim. Bu ayni haqiqat edi. Mamlakatimizda  bo‘lgani kabi Xorazm viloyatida ham ko‘pgina millatlar ahil yashaydi. Barining – mahalliy xalq bilan to‘yi bir, azasi bir. Rus maktabida tahsil olgan Svetlana Soyni faqat  zohiriy ko‘rinishi va familiyasidangina boshqa millatga mansubligini sezish mumkin. Undan o‘zbek tilini qayda o‘rgandingiz deya so‘ragan edim. “Albatta, mahallada” deya javob qaytarib shunday dedi: “Mahalla deganda o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, to‘kin-sochin xonadonlar, ezgulik, mehr-oqibat uyg‘unligi ko‘z oldimizga keladi. Bizning mahallalarimiz tajribasini butun jahon o‘rgansa arziydi. Undagi insoniylikka, bir-birovning dardini, tashvishlarini his etish fazilatlariga e’tibor bering: To‘y egasi marosimni boshlashdan oldin birinchi kimlarni yo‘qlaydi? Avvalo qo‘sha-qarigan, farishtali qariyalarning huzuriga ikkita issiq non olib kirib, oq fotiha oladi. So‘ngra, yotgan kasallarni yo‘qlaydi. Mahallada azador bo‘lsa, kirib ko‘ngil so‘rab, to‘yga rozilik oladi. Uning haqqi hurmati musiqani balandlatmaydi. Oliyjanoblik oddiy tuyg‘ulardan boshlanadi. Mehr-muhabbat, e’tibor kimni quvontirmaydi?! Bu qadriyatlar respublikamizning har bir mahalla va qishlog‘ida mavjud. Men ana shunday o‘zbek mahallasida ulg‘aydim. Bundan xursandman. Mahalla kuchli muloqot vositasi, muloqot bo‘lsa, inson bir-birini tushinib boradi va mehr qo‘yadi”.

Bir  necha yil avval AQSh Prezidenti Klintonning rafiqasi Xillari Klintonning kitobi o‘zbek tiliga o‘girildi. Uni qiziqib, o‘qib chiqdim. Uning mazmun-mohiyatida bir-birini qadrlab, bir-biriga mehr oqibat ko‘rsatib, go‘zal qo‘shnichilik asosida, xuddi bizning mahallalardagidek  yashash tarzi orzuligi yozilgan edi. Kitobda kattalar o‘rtasida, qo‘ni-qo‘shnilar orasida mehr-oqibat  kuchaytirilsa, bola tarbiyasi ham yaxshi bo‘lishi ta’kidlanadi.  Bu bizning mahalla-yu, qishloqlarimizda qadriyatga aylantirilgan urf-odatdir. Dunyoning eng rivojlangan davlati hisoblangan AQSh turli millat vakillari mahallaga uyushib ahil yashashni orzu qilayotgan ekan, bizda esa u allaqachon shakllanib bo‘lgan. Bu uyushma bizga, ming-ming yillar qa’ridan kelayotgan go‘zal an’ana, milliy qadriyatdir.

Xorazm viloyatining uzoq Gurlan tumanida Guliston qishlog‘i bor. Bu yerlik o‘zbek ayollari koryeyscha salat tayyorlashni juda yaxshi bilishadi. Maktabini so‘rasangiz, qishloqimizda koreys oilalari ko‘p biz bir-birimizdan ko‘p narsani o‘rganamiz,  deb javob berishadi.  Bu yerda turkman nusxa gulli paypoqlar to‘qishni ham xush ko‘rishadi. O‘zbek xonadonlari beshbarmoq pishirishni ham qoyillatishadi. Chunki, bu qishloqda o‘zbek, turkman, qozoq, koryeys millatiga mansub kishilar bir-birining milliy qadriyatlarini ulug‘lab yashashadi. O‘zbek muallimalari koryeys bolalariga darsdan bo‘sh vaqtlarida matematikadan saboq berishsa, koryeys millatiga mansub muallimalar koryeys va rus tilini o‘rgatishadi. Urganch tumanidagi Chandirqiyot qishlog‘ida  turkman maktabi bor. U yerda saboq olgan bolalar, yillar o‘tib o‘zbek maktabida dars berayapti. O‘zbek tilida saboq olib, turkman tilida dars berayotgan muallimalar ham bor. Urganch tumanining Cholish qishlog‘ida esa 2ta qozoq maktabi mavjud. Bu yerda ham xuddi shu manzarani kuzatish mumkin. Chunki ular yonma-yon yashab bir-birining tilini o‘rganib olishgan.

Svetlana Soy nafaqaga chiqishlan oldin Toshkentdagi nufuzli shifoxonalardan biri– Respublika pediatriya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bosh vrach bo‘lib ishladi. U paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputat bo‘lib faoliyat olib borardim.  Saylovchilarimdan biri qizini ishga joylash masalasida iltimos bilan murojaat qildi.  Shu munosabat bilan telefon qilib, ustozlik qilishni iltimos qildim. “ Mening ham tibbiyot sohasidagi ustozim o‘zbek bo‘lgan.  O‘zbek xalqining ustoz- shogirdlik an’analarini qadrlayman. Aytayotgan qizingizni taniyman. Suhbatlashgan edim. Bizda bo‘sh o‘rinlar yo‘q, Biroq, boshqa tibbiy maskanga joylashtirishga harakat qilaman, deb va’da bergandim. Surishtirdim. Toshkent viloyatining qishloq poliklinikasida  bo‘sh o‘rin bor ekan. U yerni chekka joy deb ma’qul ko‘rmasligi mumkin. Biroq uni shunga ko‘ndirish kerak. U yerda xalq ichiga kiradi, turli xil dard bilan og‘riyotgan bemorlarni qabul qilishi tajribasini orttiradi va mas’uliyatini kuchaytiradi. O‘zim ham dastlab ana shunday joyda ishlaganman. Ilmli- bilimli qiz har qanday joydan yorib chiqadi”,-dedi. Darhaqiqat, olima qiz Svetlana  Soyning maslahatini olib, u yerga borib, elga singib ketdi, har kuni odamlar bilan muloqat qilib, ham hayotiy ham tibbiy tajriba to‘plab, obro‘-e’tibor topdi. Xalq bilan muloqot qilishning afzalligini, bu usul boshqagagina emas, o‘ziga ham yordam berishini shu  ikkala tibbiyot xodimi misolida ko‘rdim.

Mazkur yilni mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoev  “xalq bilan muloqat va inson manfaatlari” yili deb e’lon qildi. Bu yurtimiz odamlariga ma’qul keldi.

Zero, inson xalq ichiga kirmaguncha, uning dardiga hamdard bo‘lmaguncha do‘stona muhitni ham, o‘zligini ham topa olmasligini  ana shu jafokash insonlar taqdirida his qildim.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.