XORAZMDA “ENG ULUG‘, ENG AZIZ” Respublika an’anaviy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi

0
99
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma to‘qqiz yillik bayrami munosabati bilan “Sen-qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan “ENG ULUG‘, ENG AZIZ” Respublika an’anaviy ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari, viloyat madaniyat boshqarmasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yozuvchi va shoirlar, tasviriy san’at namoyandalari, foto va dizayn ustalari, yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirni tashkiliy qo‘mita raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘i Dilbar Bekchanova ochib berdi.

Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanovning ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga tabrigini viloyati hokimligi yetakchi mutaxassisi Jahongir Nurmetov o‘qib eshittirdi.

Tanlovning nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarini O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Rajabboy Rajabov, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari O‘tkirbek Matqurbonov, “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova samimiy tabrikladilar.

Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma to‘qqiz yillik bayrami munosabati bilan tabriklab, tanlovga qo‘yilgan asarlarda mamlakatimizning ijtimoiy- iqtisodiy sohalarida amalga oshirilayotgan yaratuvchanlik ishlari, yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, zamondoshlarimiz fidoyiliklari, jamiyatimizda millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhiti tobora mustahkamlanib borayotganligi, betakror merosimiz, boy tariximiz, Vatan taqdiri, yurt istiqboliga dahldorlik tuyg‘usi mujassam ekanligini ta’kidladilar.

Tashkiliy qo‘mita hamda xay’at a’zolari xulosasiga ko‘ra “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari” nominatsiyasi bo‘yicha “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyatida muxbiri Sevara Ro‘zmetova, “Televidenie va radio ijodkorlarining materiallari” nominatsiyasi bo‘yicha Xorazm teleradiokompaniyasi muharriri Azamat Safarov, “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari” nominatsiyasi bo‘yicha shoir va yozuvchi Xudaybergan Shomurodov, “Tasviriy san’at, foto dizayn asarlari” nominatsiyasi bo‘yicha “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi foto dizayneri Elbek Musayevlar g‘olib deb topilib, kompyuter jamlanmasi bilan taqdirlandilar.
Nominatsiyalar bo‘yicha ikkinchi va uchinchi darajali diplom sohiblariga, shuningdek, tanlovning rag‘batlantiruvchi “Eng yaxshi jurnalistik material uchun”, “Tasviriy san’at asarlari” uchun ishtirokchilariga ham viloyat hokimligining diplom va qimmabaho sovg‘alari topshirildi.

Tadbir so‘nggida “Yuksalish” umummilliy harakati Xorazm viloyati bo‘limi tomonidan boshqarma boshlig‘i Dilbar Bekchanovaga “Yuksalish” umummilliy harakatining a’zolik sertifikati berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.