YILNING ENG YAXShI YOSh FERMERI

0
176
marta ko‘rilgan.

Kecha “Istiqlol” san’at saroyida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda qator vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim,   san’at, madaniyat, jurnalistika ijtimoiy va sport sohalaridagi fidoyi yoshlar hamda OAV ishtirok etdi.
Ushbu mukofot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning 52-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyida tashkil etilgan edi.

Mukofot yoshlarga  33 ta nominatsiya bo‘yicha berilib, uning miqdor har bir sovrindor uchun eng kam ish haqining 30 baravarini tashkil etdi.
Mukofotga vazirlik, idora va tashkilotlar hamda Qoraqalpoqiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar tomonidan 33 ta nominatsiya bo‘yicha 700 nafardan ortiq nomzodlar tavsiya etildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida tuzilgan ekspertlar komissiyasi tomonidan nomzodlarning hujjatlari o‘rganilib, 24 ta nominatsiya bo‘yicha 70 nafar yoshlar saralab olindi.

Nomzodlarni saralashda yoshlarning yil davomidagi ish samaradorligi, o‘z sohasini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, o‘z sohasiga kiritgan innovatsiyasi, faoliyati orqali davlat va jamiyat hayotiga keltirgan amaliy foydasi, jamoat ishlaridagi faolligi, davlat va xalqaro miqyosda erishgan yutuqlari, shuningdek, mehnatsevarligi, fidoyiligi, intizomi va iqtidoriga e’tibor qaratildi.

Har bir nominatsiya bo‘yicha saralangan 3 nafardan nomzodlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining www.mukofot.yi.uz saytida joylashtirilib, ularga keng jamoatchilik va yoshlar tomonidan ochiq ovozga qo‘yildi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti sovrindori bo‘lishdi. Jumladan, “Yilning eng yaxshi yosh fermeri“ nominatsiyasida Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Obod turmush kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari Nargizaxon Mamanova mukofotga munosib topildi.

U ushbu yo‘nalishda Surxondaryo viloyatidagi “Soqchi don” fermer xo‘jaligi rahbari Alpomish Noraliyev va Toshkent viloyatidagi “Temur” fermer xo‘jaligi rahbari Zafar Toirovlardan ko‘proq ovoz yig‘ishga erishdi.
Nargizaxon Mamanova o‘z mehnat faoliyatini 2012-yilda Karmana tumanidagi “Sevoltepa ravnaqi” fermer xo‘jaligida huquqshunoslikdan boshlagan.

2013-yilda “Obod turmush kelajagi” fermer xo‘jaligini tashkil etgan. Ayni paytda fermer xo‘jaligi ixtiyorida 110 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 44 gektarida paxta, 22 gektarida g‘alla yetishtiriladi. Qolgan yer maydoni yaylovlardan iborat.
2017-yilda har bir gektar paxta maydonidan 40 sentnerdan hosil yetishtirib, 80 tonna paxta, 70 sentnerdan g‘alla hosili olib, davlatga 154 tonna sotgan. Fermer xo‘jaligida o‘n besh nafar odam doimiy ish bilan ta’minlangan. Xo‘jalik o‘z texnikasiga ega.

Yilning eng yaxshi yosh fermeri o‘z  xo‘jaligini yanada rivojlantirish, jumladan intensiv bog‘ yaratish, naslli chorvachilikni yo‘lga qo‘yish, meva-sabzavot mahsulotlarini saralash uchun zamonaviy muzlatkichli omborxona qurish borasidagi loyihalarni ilgari surmoqda.

Ilyos Safarov,
O‘zbekiston Yosh fermerlari Kengashi matbuot kotibi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.