O‘t pufagi kasalligi tushunchasi va uy sharoitida davolash

0
37327
marta ko‘rilgan.

Mushtariylar o‘t pufak bilan bog‘liq kasalliklar haqida batafsil ma’lumot berishimizni so‘rashgandi. Aynan ushbu mavzudagi savollarga javob olish maqsadida biz oliy toifali vrach Xolida Ochilovaga murojaat qildik.

— O‘t pufagi kasalligining kelib chiqish sabablari nimada?

— O‘t pufagi jigar ishlab chiqargan o‘t suyuqligi uchun rezervuar hisoblanib, u ovqatlanish vaqtida o‘t suyuqligini 12 barmoqli ichakka  haydab berish vazifasini bajaradi. O‘t pufagi kasalliklari betartib, pala partish ovqatlanish, yog‘li mahsulotlarni ortiq darajada is’temol qilish, kam harakatlilik, o‘t suyuqligining dimlanishi paydo bo‘ladi.  Shuningdek, o‘tda o‘t yig‘ilganidan so‘ng, o‘t pufagi devorlari taranglashadi va qon aylanishi buziladi, natijada ikkilamchi infeksiya vujudga keladi, organizmda yallig‘lanish paydo bo‘lishi mumkin.

—  O‘t pufagi kasalliklarining turlari bormi, ular qaysilar?

— O‘t pufagi kasalligi xoletsistit bo‘lib, u o‘t pufagining yallig‘lanishidir. Uning ikki xil turi bor. O‘tkir xollitsistit—yallig‘lanish jarayoningng boshlanishi va surunkali xollitsistit—o‘z vaqtida davolanmagan yallig‘lanish bora-bora umr davomida surunkali, ya’ni vaqti-vaqti bilan qaytalab turuvchi yallig‘lanishga o‘tadi, Shuningdek, bu dard toshli va toshsiz xoletsistitlarga ajratiladi.

— O‘t pufagi kasalliklari asosan necha yoshdagilar orasida uchraydi? Davolash muddati qancha?

— Xoletsistit 50 yoshdan oshgan ayollarda ko‘proq uchraydi. Bu dard bilan erkaklar ayollarga nisbatan kam kasallanadi. Bolalarda esa kam uchraydi. Kasallikni davolash muddati xoletsistit  turiga bog‘lik bo‘ladi. Masalan: toshsiz xoletsistitlar parxezga qat’iy  rioya qilish, infeksiyaga qarshi dori vositalari ichish, o‘t  suyuqligining dimlanishini bartaraf qilish bilan tez davolanishi mumkin. Toshli xoletsistitlar esa ko‘p xolatlarda jarrohlik yo‘li bilan davolanadi.

— O‘t pufagi dimlanishining dastlabki belgilari va uni uy sharoitida qanday davolash mumkin.

—O‘t pufagi dimlanganligining birinchi belgilari – ovqatlangandan so‘ng o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, nahorda og‘iz bo‘shlig‘ida taxirlik sezilishi, holsizlik hisoblanadi.

Uy sharoitida parxezga rioya qilish, passiv dyubajni qo‘llash, o‘t haydovchi dori vositalarini ichish, jo‘xori popugi  damlamasini qabul qilish tavsiya etiladi.

 Uy sharoitida dyubaj: Buning uchun och qoringa magniy sulfat eritmasi ichiladi.  30 daqiqadan keyin o‘ng qovurg‘a osti sohasiga issiq qo‘yilib, chap yonbosh bilan yotiladi. Yoki mineral suvni ho‘plab ho‘plab  uyqudan uyg‘ongach yotgan joyda  yarim soat davomida ichish lozim bo‘ladi. Shuni e’tiborga olish kerakki, bu davolashda  o‘t pufagida toshlar bo‘lmasligi kerak, aks holda tosh o‘t yo‘liga tushib «tana  sariqligi»ni keltirib chiqaradi, og‘riq kuchayadi. Bu borada albatta, shifokor mutaxassis bilan maslahatlashish lozim.

— O‘t pufagidagi toshlar ko‘proq tuz sababli yig‘iladimi yoki yog‘danmi?

— O‘t toshlari ko‘proq yog‘li, xolestiringa boy mahsulotlar iste’mol qilish natijasida hosil bo‘ladi.

— O‘t pufagi qanday sabablarga ko‘ra olib tashlanishi mumkin?

—O‘t tosh kasalligi, o‘tkir va tez-tez qaytalanuvchi surunkali  toshli xoletsistitlarda, o‘ng pufagi istisqosida, o‘t pufagi flegmona  va o‘smasi aniqlangan holatlarda olib tashlanadi.

— O‘t pufagi olib tashlangandan so‘ng kishi organizmida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi, u nimalarga amal qilishi lozim bo‘ladi va jarrohlikdan so‘ng o‘t pufak faoliyatini qaysi organlar o‘z  zimmasiga oladi?

— O‘t pufagi olib tashlangach, uning vazifasini jigar bajaradi. O‘t pufagi olib tashlangach ovqat hazm qilishda biroz o‘zgarishlar kuzatiladi, ya’ni yog‘li, hamirli  xolestiringa boy mahsulotlar, quyuq ovqatlarni hazm bo‘lishi qiyinlashadi. Shu sababli operatsiyadan so‘ng 6 oy parxez buyuriladi. Ushbu operatsiyani boshidan kechirgan bemorlar tez hazm bo‘ladigan taomlar, mevalar, sharbatlarni iste’mol qilishlari tavsiya etiladi. Shu bilan birga yog‘li, hamirli xolestiringa boy, ya’ni qovurilgan hamda  quyuq ovkatlar iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi.

Xolida Ochilova, oliy toifali vrach

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.