AROMATERAPIYA – xushbo‘y iforlar bilan davolash

0
332
marta ko‘rilgan.

Qadimdan xalqimiz xonadonlarida yotoqxona behi va olmalarni yotoqxona va mehmonxona tokchalariga terib qo‘yish urf bo‘lgan. Ularni tinchlantiruvchi xususiyatga egaligini bilishgan.

Momolarimiz rayxonni quloqlariga ildirib yurishni xush ko‘rishgan. Bu ham bejiz emas. Chunki u antiseptik xususiyatga ega bo‘lib, turli xil hashoratlar hididan qochgan. Isiriqni ta’riflamasa ham bo‘ladi. Uning shifobaxsh xususiyatlarini barcha yaxshi biladi. Atrguldan xushbo‘y murabbolar tayyorlashgan.

Qadimdan dunyodagi barcha halqlar turli hid va iforlar kishiga shifo bag‘ishlashi va uning salomatlikka ijobiy ta’siri haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishgan. Atrofimizda tasodifiy hidlar yo‘q, ularning har biri tanamiz yoki uning bir nechta a’zosiga, shuningdek, kayfiyatimiz va salomatligimizga ta’sir qiladi. Ba’zi iforlar quvonchli holatlarga sabab bo‘lsa, boshqasi tinch va xotirjam uxlashga ko‘mak berishi bilan ahamiyatlidir. Alloma Abu Ali ibn Sino o‘z kitoblarida bular haqida batafsil yozib qoldirgan.

Darhaqiqat, ishdagi charchoqlar, bosh og‘rig‘idan holi bo‘lish, ertangi kun uchun kuch-quvvat yig‘ishda xushbo‘y iforlarning tutgan o‘rni o‘zgacha. Biz buni bir so‘z bilan – aromaterapiya deb ataymiz.

Aromaterapiya bilan davolash 3 guruhga bo‘linadi. Quyida ular bilan qisqacha tanishtiramiz.

Iforli vanna qabul qilish
Qadimdan issiq hammom qabul qilishda efir moyidan foydalanish an’anasi mavjud. Efir moyini asal va sutning kosmetik aralashmasiga qo‘shishingiz mumkin. Bunday aromatik vannani qabul qilish 5 daqiqadan 30 daqiqagacha davom etadi. Uning turli foydali xususiyatlari bor. Masalan, bir necha tomchi mandarin moyi qo‘shib cho‘milish charchoqni bartaraf qiladi va kayfiyatni ko‘taradi.

 Xonani xushbo‘ylantirish
Xonani tez-tez iforli chiroqlar va shamlar yoki  yoqimli hidga ega tayoqchalar yordamida xushbo‘ylantirish mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, har narsada me’yor bo‘lgani ma’qul. Ulardan muntazam foydalanish, kam shamollatladigan xonalarda qo‘llash tavsiya etilmaydi. Har qanday iforli shamlar parafin va turli xildagi bo‘yoqlar aralashmasidan tayyorlangani sababli ularning yonishi, tutashi jarayonida toksik (zaharli) moddalar – benzol va toluol moddalarining qismlari ajralib chiqadi. Bu esa astma, teri kasalliklari, ekzemaga sabab bo‘lishi mumkin.

 Xushbo‘y yog‘lar vositasida uqalash
Bu yoqimli va foydali davo sanaladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, efir moyidan   teriga mo‘l surtib ishlatilsa,, allergiya ham chaqirishi mumkin.

Aromaterapiyani qo‘llashga qarshi ko‘rsatmalar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bu borada, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi ko‘rsatmalar mavjud emas. Ammo, allergik xastaliklar bilan og‘rigan kishilar ifor tanlashda o‘ta e’tiborli bo‘lishlari kerak. Sitrus mevalardan allergiyasi bo‘lganlarga limon, mandarin, apelsin va greyfrut hamda bergamot ifori  tavsiya etilmaydi.

 Ifor tanlash katta ahamiyatga ega
O‘zingiz uchun notanish bo‘lgan iforli suyuqlikni xarid qilishda ehtiyot bo‘ling. Ba’zilari  bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Chunki, odam organizmining har biri o‘ziga xos.

Turli iforlar haridida ayniqsa, homilador va emizikli ayollar e’tiborli bo‘lgani ma’qul. Noto‘g‘ri tanlangan mahsulot nojo‘ya ta’sir etishi oqibatida homilador ayollarda qon ketishi, emizikli ayollarda esa bolada allergiyaning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xushbo‘y iforlardan foydalanganda farmatsevi va vrachlar bilan maslahatlashing, Ehtiyotkorlik bilan ishlating!
Bayram oqshomida xonadoningiz xushbo‘y iforlarga, quchoq-quchoq anvoyi gullarga to‘lsin!

 Fazilat Sa’dullayeva,

1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.