Bolalarda immunitet pastligi qanday aniqlanadi?

0
4535
marta ko‘rilgan.

Avvalo, immunitet haqida tushuncha berib o‘tsak. U bizga nima uchun kerak?  Infeksiya va bakteriyalarga qarshi tanamizdagi immun tizimi kurashadi. Immunitet har bir organizmda individual shakl­langan bo‘ladi. Bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarda esa immunitet ona organizmidan go‘dakka ona suti orqali o‘tadi va shuning natijasida bolada tabiiy immunitet hosil bo‘ladi. Bu esa bolani turli kasalliklardan himoya qiladi. Tug‘ilgandan so‘ng bolada sun’iy immunitet hosil bo‘lishi uchun bola profilaktik tarzda emlanadi. Natijada bola organizmida turli xil infeksion kasalliklarga qarshi immunitet paydo bo‘ladi.

So‘nggi paytlarda bir yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida shamollash ko‘p uchrab turibdi. Sababi onaning homiladorlik davrida ko‘p shamollashi, ota-onaning TORCH infeksiyasini yuqtirib olganligi va ularda anemiya (kamqonlik) kabi kasalliklar aniqlangani asosiy sabablardan biridir. Shuningdek, bo‘lajak onaning homiladorlikda to‘g‘ri ovqatlanmasligi ham buning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bolada immunitet tanqisligiga yuqoridagilar yetarli sabab bo‘la oladi.

Immunitet bilan bog‘liq muammolarga yana bir qancha omillar sabab bo‘lib, avvalo bolani pediatr-shifokor tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, so‘ng aniq xulosaga kelish mumkin.

Nasldan-naslga o‘tuvchi yuqumli, infeksion va surunkali kasalliklar ham bolaga ota-onadan o‘tishi tibbiyotda isbotlangan. Shu sababli ota-ona salomatligi bola hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Birinchi navbatda homiladorlikni rejalashtirishdan avval ona o‘z salomatligini tiklashi va sog‘lom farzand dunyoga keltirishi uchun qayg‘urmog‘i kerak. Onaning salomatligi, homiladorlik davrini yaxshi kayfiyatda o‘tkazishi bolaning sog‘lig‘i uchun muhimdir.

Immunitet pastligi qanday aniqlanadi? Agarda bola yil davomida O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiya), gripp, bronxit kabi kasalliklarga tez-tez chalinsa, unda immunitet pasayganini bilish mumkin. Yana go‘dakda kamqonlik aniqlangan bo‘lsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi) immunitet tizimi ish faoliya­tini susaytiradi.

Kasallikning tez-tez qaytalanishi hamda bemor go‘dakning kasal bo‘lgan kunlarining cho‘zilishi ham uning salomatligiga jiddiy ta’sir etadi.

Shuningdek, bolaning umumiy ahvolidan ham uning immuniteti pastligini bilish mumkin. Masalan, bemorning ko‘z atrofi ko‘karishi mumkin. Unda holsizlanish va kamquvvatlilik kabi belgilar kuzatiladi.

Ko‘pchilik bolalarda jigarning kattalashishi bilan immunitet tizimi faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

Tez-tez allergik kasalliklarga chalinadigan hamda disbakterioz xastaligiga moyil bolalarda immunitet pastligi kuzatiladi.

Yuqoridagi holatlardan biri bolada mavjud bo‘lsa darhol shifokorga murojaat qilish zarur. O‘z vaqtida bolani davolash uning salomatligini tezda tiklashda yordam beradi.

Shoira Bekchanova,

tibbiyot fanlari nomzodi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.