Do‘lana

0
2144
marta ko‘rilgan.

Xalqimizda “ jondan kechmasang jonona qayda, toqqa chiqmasang do‘lana qayda” degan maqol bor. Bu maqolning zamirida ko‘pgina hikmatli o‘g‘itlar mujassam. Shuningdek, do‘lananing bebaho ne’mat ekanligidan ham dalolat beradi.
Darhaqiqat, do‘lana mevalar ichida nafaqat xushxo‘rligi, balki shifobaxshligi bilan ham ajralib turadi. Alloma bobokalonimiz, tabobat ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” kitobining sodda dorilar xususiyatiga bag‘ishlangan bobida do‘lanaga baho berib, “uning mevalari sariq va qizil rangli bo‘lib, burushturuvchandir, burushtirish ta’siri jiydanikidan kuchlidir, safroni so‘ndiradi va ichni to‘xtatadi” deb yozadi.
Hozirgi zamon tabobatida ham do‘lananing mevasi va guli yurak-qon tomir kasalliklarini oldini olish va davolashda hamda asabni tinchlantiruvchi va qon bosimini pasaytiruvchi dori sifatida ishlatiladi. Do‘lana Ra’nodoshlar (Rosaceae) oilasiga mansub, bo‘yi 5m. yetadigan daraxt bo‘lib, respublikamizning tog‘li tumanlarida tarqalgan.

O‘zbekistonda do‘lananing bir nechta turi uchraydi, ayniqsa sariq rangli do‘lana (Crateagus pontica L.) keng tarqalgan bo‘lib, mevasi iste’mol qilinadi. Tibbiyotda esa do‘lanani 6 turining mevasi va gullari ishlatilishga ruxsat etilgan. Asosan keng tarqalgan qizil do‘lana-ya’ni, Turkiston do‘lanasi (Crateagus turkestanica) ishlatiladi.

Bu daraxtning bargi, gullari va mevalari shifobaxshdir.Uning bir hovuchi iste’mol qilinsa, kun bo‘yi kishini nafaqat tashnalik, balki ochlikdan ham asraydi. U insonga yaxshi kayfiyat, bardamlik va quvvat baxsh etadi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, do‘lanani lotin tilida “gratas” (kuchli) deb ataydilar.

Meva tarkibida 20 foiz qand, 8 foiz yog‘, flavonoidlar, xolin, atsetilxolin, oshlovchi moddalar, karotin, S vitamini, organik kislotalar kabi moddalar mavjud. O‘zbekiston sharoitida o‘sadigan do‘lananing ba’zi turlarida V1, V2, RR, S, ye vitaminlari borligi aniqlangan.

Ko‘pgina xalqlar xalq tabobatida do‘lana ich ketish, toliqish, aqliy horg‘inlik, uyqusizlik va asabiylashganda qo‘llaniladi. Shuningdek, bu meva yurak og‘riganda, klimaks davrida, revmatizm asoratidan paydo bo‘lgan revmokarditda, aterosklerozda, qon bosimi oshganda, bosh aylanishi, yo‘talda ham iste’mol qilinadi. Hozirda farmatsevtika sanoatida do‘lana gullaridan tayyorlangan tindirma va turli boshqa giyohlar bilan birga tayyorlangan dori vositalari ateroskleroz, nevroz, asab tizimi va yurak- qon tomir kasalliklarida keng foydalanilmoqda.

Eslatma: Do‘lanani och qoringa iste’mol qilmaslik kerak. Chunki, u ichakni siqib, kishini qayt qildiradi. Bu mevani iste’mol qilgandan keyin ustidan sovuq suv ichish mumkin emas. Aks holda u me’da-ichaklar sanchig‘iga sabab bo‘lishini unutmang. Shuningdek, uni ortiqcha iste’mol qilish buyrakka zararlidir. Yana me’da-ichakni zaiflashtirib, qulanj (kolit) xastaligi, ko‘ngil aynishi, qayt qilishni paydo qiladi.

Mevaning qaynatma, damlama, qiyom va undan tayyorlangan dori vositalari bilan davolanish faqat shifokor maslahati bilan va uning nazorati ostida qo‘llanishi lozim.

Fazilat Sa’dullayeva,

1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.