Ekologik va tibbiy madaniyat, sanitar-epidemiologik osoyishtalik – sog‘lom kelajak garovi

0
125
marta ko‘rilgan.

Shu kunlarda nafaqat biz, balki butun jahon murakkab sinovni boshidan kechirmoqda. Koronarovirus bilan xastalangan bemorlar soni dunyoda kun sayin ortib bormoqda. Jahonning eng taraqqiy etgan mamlakatlari pandemiyaga qarshi qanday yo‘l tutishni bilmay turgan bir paytda yurtimizda o‘z vaqtida va tezkor qat’iy choralar ko‘rildi. Davlatimiz rahbari tomonidan bu kasallikni barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimiz hamda barcha resurslarimiz safarbar etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko‘ra, davolash inson salomatligini ta’minlashning 10 foiz omili, xolos. Irsiy omillar 15 foiz, atrof-muhit 20 foiz, eng asosiysi, turmush tarzi 55 foizni tashkil etadi. Koronavirus kasalligi ham noto‘g‘ri turmush tarzi og‘ir oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatdi.

Pandemiyaning ta’siri natijasida butun dunyoda birinchi navbatda, iqtisodiyotning real sektori katta jabr ko‘rdi. Butun dunyoda ishsizlar soni keskin ortib bormoqda. Dunyoning qator mamlakatlarida ijtimoiy muammolar yuzaga kelmoqda. Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud bo‘lgan sharoitda yashash va ishlashga o‘rganish zarurligi to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelmoqda. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va umuman farovonlikni ta’minlashga qaratilgan 20 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi. Qadriyatlarimiz davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati yo‘lga qo‘yildi. Hyech mubolag‘asiz aytish kerakki, bu tashabbus xalqimiz birligini, uning beqiyos qudratini yorqin namoyon etdi.

Boz ustiga bugun tibbiyot sohasiga berilayotgan e’tiborning yorqin chizgilarini sohadagi islohotlarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yangidan yangi tashabbuslar soha xodimlari uchun chinakam rag‘bat bo‘layotir.

Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida tibbiyot jonkuyarlari haqiqiy fidoyilik ko‘rsatayotganlarini alohida e’tirof etish zarur. Bugun ular zamonamiz kahramonlariga aylandilar!

E’tirof etish joizki,  Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida ilk bor koronavirus pandemiyasi sabab yangi formatda onlayn muloqot rejimida o‘tkazilgan BMT Bosh Assammbleyasining 75-sessiyasidagi nutqida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga yana bir bor to‘xtalib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida har bir davlatning o‘z fuqarolari va hamkorlari oldidagi majburiyatlarini aniq belgilab beradigan Davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro Kodeksni ishlab chiqish bo‘yicha taklifi butun dunyo miqyosida “inson manfaatlari – oliy qadriyat” tamoyilini ro‘yobga chiqarish va to‘la to‘kis amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Pandemiya insoniyatni yangicha fikrlash, o‘z dunyoqarashini, hayot va turmush tarzini o‘zgartirishga majbur qilmoqda. Shifokorlar va mutaxassislar kasallikka chalinmaslik uchun avvalo karantin talablariga so‘zsiz bo‘ysinish, eng muhimi shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, sport bilan shug‘ullanishga da’vat etmoqda.

 Ta’kidlash joizki, inson salomatligiga ta’sir etuvchi omillar orasida tibbiy ta’minot 10 foizni, irsiy omillar 15 foizni, atrof-muhitning holati 20 foizni tashkil etadi. Eng muhimi, insonning turmush tarzi (jismoniy faollik, ovqatlanish, zararli odatlar) uning salomatligiga 55 foizgacha ta’sir ko‘rsatadi.

 Shu nuqtai nazardan olib qaraganda salomatlikning muhim omillaridan biri sog‘lom turmush tarziga amal qilishdir. Sog‘lom turmush tarzi bu — har qanday kasallik profilaktikasi va salomatlik garovi. Insonning turli qirralarini rivojlantirish, muvaffaqiyatga erishish omilidir. Bundan tashqari, Sog‘lom turmush tarzi – bu insonning hayoti va salomatligi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi asosida hayotiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishi hamda salomatligining yuqori darajada bo‘lishiga erishishni ta’minlovchi shakl bo‘lib, u kun tartibiga rioya qilish, faol jismoniy harakat asosida organizmni chiniqtirish, sport bilan shug‘ullanish, to‘liq va sifatli ovqatlanish,  shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, ekologik muloqot va madaniyatga erishish, umuminsoniy va qadriyatlar asosida ma’naviy tarbiya olish, zararli odatlardan o‘zini tuta bilish va hokazo holatlarning mavjudligi bilan tavsiflanadi.

Boz ustiga bugungi kunda aholining tibbiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga e’tiborni yanada kuchaytirish, yoshlarimizning sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga intilishini shakllantirish, bu borada oilaviy tarbiyaning rolini, ota-onalarning saviyasi va mas’uliyatini oshirish, atrof-muhitning inson reproduktiv salomatligiga ta’sirini inobatga olgan holda yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirishga alohida e’tibor berish muhim masala hisoblanadi.

Shuningdek, har bir oila oldidagi vazifalardan biri bu bolalar ongida yoshligidanoq ekologik ong va ekomadaniyatni shakllantirish, ularni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga o‘rgatish, noyob tabiatni asl holicha kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash hissini vujudga keltirish orqali atrof muhitga yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirning oldini olishdan iborat.

Hozirda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu virusning oldini olish uchun bir qator tavsiya va maslahatlarni berib bormoqda. Shulardan eng muhimi tozalik va poklikka rioya qilish, qo‘llarni sovun bilan yuvish, odamlar yig‘iladigan joylarga borishdan saqlanish, ovqatlanish tartibiga amal qilish va atrof-muhitni toza saqlashdir. Buning uchun aholi orasida ekologik va tibbiy madaniyatni targ‘ibot qilish, bu yo‘nalishda ularning bilimlarini oshirish juda muhimdir. Toza va ozoda joy shu yerda yashayotganlarga va bu yerga keluvchilarga osoyishtalik hissini bag‘ishlaydi.

Respublikada sanitar-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan karantin choralariga katta e’tibor berish lozim. Ko‘chaga chiqqanda niqob taqish, bozorlar, savdo komplekslari, supermarketlarda, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilish, turli tadbirlarda qatnashishni man etish, uyga kirganimizda gigiena qoidalariga rioya qilish, qariyalarimiz va bolalarimizni ehtiyot qilish. Biz juda ham ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan, karantin qoidalariga to‘liq amal qilishimiz shart. Davlatimizning katta xarajat va mehnat evaziga olib borayotgan ishlarini uyda o‘tirib qo‘llab-quvvatlashda davom etsak, tartib-qoidalarga qat’iy amal qilsak, birdamlik va hamjihatlik bo‘lsa, ijobiy natijalarga tezroq erishamiz.

Shu o‘rinda kasallanishdan xoli bo‘lishning oddiy qoidalariga amal qilsak nafaqat o‘zimizning, balki  oila-a’zolarimiz,  yaqinlarimizning salomatligini asragan bo‘lamiz.

Avvalo, doimo qo‘lingizni yuving, profilaktika uchun nam salfetkalar yoki dezinfeksiyali eritmalar ham mos keladi. Faqat shaxsiy gigiena vositalaridan foydalaning. Qo‘llaringizni burun va ko‘zlaringizga yaqin keltirmang. Virus juda tez shilliq qavat orqali tanaga kiradi. Aksirganda har doim ro‘molchangiz bilan yoping. Shuningdek,aholi gavjum joylarga bormaslikka harakat qiling, olomondan saqlaning, safarga chiqishdan saqlaning. Dunyoning turli mamlakatlari koronavirus bilan kurashayotganda, siz chet elga chiqmasligingiz kerak, ayniqsa koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskin bo‘lgan joylarga. Shuningdek, gadjetlarni va sensorli sirtlarni dezinfeksiyalash lozim. Eng muhimi, shamollashning ko‘ringan alomatlari (yo‘tal, aksirish, burun oqishi) bo‘lgan odamlar bilan bir xonada bo‘lmang. Surunkali kasalligi bor va yoshi keksa kishilarning profilaktika choralariga e’tibor bering.

Unutmang, sog‘ligingizni asrash o‘z qo‘lingizda.

  Umida Kamilova, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan  xalq deputatlari Toshkent  shahar kengashi deputati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.