INSON SALOMATLIGIGA XAZON YOQIShNING ZARARINI BILASIZMI?

0
213
marta ko‘rilgan.

Daraxtlarning inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishda ahamiyati katta bo‘lib, bitta ko‘p yillik daraxt bir mavsumda bir yilda o‘n kishi iste’mol qiladigan miqdorda kislorod ishlab chiqaradi.

Bir gektar daraxtzor esa  bir kunda 220-280 kg. karbonat angidrid yutadi va 180-220 kg. kislorod chikaradi. Daraxtzorlar havodagi chang miqdorini va shovqinni kamaytiradi. O‘simlik dunyosi tabiatning issiqlik va radiatsion muvozanatini boshqaradi, havoning namligini ta’minlaydi,

Tabiiy tabiblarimiz – daraxtlar ekilgan bog‘da yarim soatlik sayr  bir necha xil turdagi dori vositalari o‘rnini bosadi.  Inson asablarini tinchlantiradi, moddalar almashinuvini me’yorlashtiradi. Yoz oylarida yurak kasalliklari, yuqori qon bosimi bor insonlar emanzorlarda, nafas olish yo‘llari kasalliklari bor insonlar qarag‘ayzorlarda sayr qilsa sog‘liklari tiklanadi.

Oltin kuz fasli – xazonrezgilik davri! Bu mavsumda ayrim fuqarolar tomonidan shox-shabbalarning yoqib yuborishi ham kuzatiladi. Bu noto‘g‘ri, salomatlikka zararlidir.

Yonayotgan xazonning nechog‘lik zararli ekanini statistik ma’lumotlar orqali ko‘raylik. Bir tonna xazon yoqilganda, atmosfera havosiga 30 kg uglerod oksidi ajralib chiqadi. Yana inson salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi oltingugurt angidridi, qurum, azot oksidi va murakkab tarkibli organik birikmalar – dioksinlar ham tashlanadi. Xazondan chiqayotgan tutun atmosfera tarkibidagi kislorod miqdorini kamaytiradi. Ayniqsa chala yongan xazon o‘zidan zaharli gaz chiqazadi.

 Zararli moddalarga to‘yingan havodan nafas olgan kishining nafas yo‘llari, ko‘zi hamda markaziy asab tizimi shikastlanadi. Shu bilan birga, organizmda o‘pka saratoni, bronxial astma kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishi xavfi ortadi. Xazonni yoqishdan kelib chiqadigan zararli tutun, ayniqsa, bolalar, yurak qon tomir va nafas olish yo‘llari xastaliklariga chalingan hamda allergiyasi bor insonlarga ko‘proq salbiy ta’sir etadi.

Shuni unutmaslik kerakki, koronavirus pandemiyasi sharoitida atmosferaning turli moddalar bilan ifloslanishi, ushbu kasallik bilan kasallanganlar va tuzalib chiqqanlar uchun  nihoyatda zararlidir.

Shuning uchun xazonni yoqish kerak emas. Aksincha, undan unumli foydalanish lozim. Uni  biror joyga to‘plab, ko‘mib qo‘ysangiz. Kelgusi yil uchun u yaxshi tabiiy o‘g‘it bo‘ladi. Daraxtlaringizning gurkirab o‘sishiga yordam beradi.  Tabiatning o‘zi dori degani shuda! Kimyoviy til bilan aytsak, bordan yo‘q bo‘lmaydi, yo‘qdan bor bo‘lmaydi. Tabiatda hamma narsa almashib turadi, bilib ishlatsangiz ham salomatlikka ham Ona tabiatga koni foyda.

Umida KAMILOVA, tibbiyot fanlari doktori, professor

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.