Ixlos-xalos yohud kasal bola parvarishining oson yullari – e’tibor va mehr

0
347
marta ko‘rilgan.

Bolasi kasal bo‘lganida onaning ko‘ziga dunyo tor keladi, ko‘ngliga hyech narsa sig‘may qoladi. Farzandi uchun qimmatbaho dorilarga pulini ham, shifokorlar qabuliga tushish uchun vaqtini ham ayamaydi.

Bunday paytlarda ona go‘zal sa’y-harakatlari hamda kuchli mehr-muhabbati ila bemor bolasini davolashi mumkin. Buning uchun faqat ezguliklarga  to‘la qalb bilan shirin-shakar so‘zlarni qalashtiruvchi zuvon talab etiladi, xalos.

 Ona mehri – vitamin. Quyidagi oddiy so‘zlar bilan ona bola organizmini foydali vitaminlar ya’ni darmondorilar bilan to‘yintiradi: «Sen mening hayotimsan. Eng kerakli insonimsan. Sen men uchun  juda-juda qadrlisan. Men sensiz yashay olmayman. Dadang va men seni juda-juda yaxshi ko‘ramiz!». Har bir onada ana shu juda-juda so‘zi tez-tez takrorlanib, mehrli ko‘zlar porlab turishi kerak.

Ona-terapiya. yengil kasalliklarda davo vositasi: «Sen juda kuchlisan va sog‘lomsan. Sening yuraging, tanang va qorning kuchli va sog‘lom. Sen yaxshi ovqatlanasan va sog‘lom rivojlanasan. Sen juda kam kasal bo‘lasan, tezda tuzalib ketasan».

 Ruhiy ko‘mak. Bolaning ruhiyati osoyishta bo‘lishi jarohatlanmasligi, o‘ziga ishonchi ortib borishi uchun ham unga madad berib turish lozim. «Sen yoqimtoyimsan. Pishillab, miriqib  uxlaysan. Ana shunda yanada dadil va quvnoq bo‘lasan. Asablaring mustahkam bo‘ladi. Kasalliklarga chidamli, sabr-toqatli va aqlli bolasan. Tiling yaxshi rivojlangan. Gaplaring burro-burro. Miyang yaxshi ishlaydi. Mana bu yong‘oqni qara, nimaga o‘xshaydi? Miyaga! Qani bittagina yeginchi, miyang yanada yaxshi ishlaydigan bo‘ladi.

Bola qattiq kasal bo‘lganida dori vositalaridan tashqari onaning mehr va e’tibori nihoyatda kerak. Ona o‘zining shirin so‘z-u mehri bilan kasallikka zarba berishi lozim. «Seni juda-juda yaxshi ko‘raman. Sen bizga keraksan, oilamizning kelajagisan. Kasalliklaring yo‘q bo‘lib ketsin. Badjahl bo‘riga borsin. Chishlog‘ich itga borsin. Yovvoyi mushukka borsin. Siypab turib kasalligingni olib tashlab yuboraman. Birgalikda ko‘rmaganday bo‘lib unutib yuboramiz».

Kuchli zarba. Bola ota-onasidan hadeb tanbeh eshitaversa, badjahl va kasalliklarga moyil bo‘lib qoladi. Ota-onasiga ishonchini yo‘qotgan, tez-tez tanbeh eshitaveradigan bolaning darddan xalos bo‘lishi qiyinroq kechadi. Bolaga nisbatan mehringizni tez-tez namoyon qilib turing, sizga suyanib o‘tirganlarida mahkamroq quching, shirin so‘zlaringizni kanda qilmang. Shirin so‘z-u mehringiz bolaning kuchiga kuch, ruhiyatiga orom, qalbiga osoyishtalik inom etadi.

Tavsiyalarimizni barcha ota-ona biladi. Biroq o‘zidan ortib bolasiga imkoniyat topa olmaydi.  Oilaning, ota-onaning birinchi vazifasi bolaga e’tibordir. Mehr-muhabbat og‘ushida, ezgu amallarni ko‘rib, kuzatib ulg‘aygan bolaning vujudida sog‘lomlik, o‘ziga ishonch va odamlar bilan munosabatda dadillik ufurib turadi.

Ota-ona bolaga horg‘in, alamli va ranjigan nazarlar bilan qarasa, bolaning hayotida omadsizliklar va kasalliklar ko‘p yuz beradi, deydi allomalar. Bu hayotiy tasdiqlangan dalildir.

Har kuni bolaga kamida 3 marta ota-ona mehrga to‘la so‘zlarini aytishi lozim. Bola onasining gaplarini his eta olishi, tinglay bilishi kerak. Bemor bolaga esa, bundan-da  ko‘proq, mehr va e’tibor talab etiladi.

Mehrioy maslahatlari 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.