Kipriklar go‘zalligini asrash borasida olti maslahat

0
646
marta ko‘rilgan.

To‘yimdan avval go‘zallik salonida kiprik ulatgandim.Natijadan ko‘nglim to‘ldi, biroq ikki oy o‘tganidan keyin sun’iy kipriklarim to‘kila boshladi. Ular yakkam-dukkam ko‘rinishga kela boshlagach, olib tashlashimga to‘g‘ri keldi. Biroq endi boshqa muammo qiynayapti, o‘zimning kipriklarim avvalgidan ham zaif va siyrak bo‘lib qolgan. Ularni hech bo‘lmaganda dastlabki holiga qaytarishni istayman. Buning uchun nima qilsam bo‘ladi?

Gulnora, Jizzax shahri

1. Avvalo mutaxassis o‘rnatgan kiprikni o‘zi olib tashlashi kerak

Odatda yopishtirilgan kipriklar to‘g‘ri olib tashlansa, tabiiy kipriklarga ziyon yetmaydi. Biroq, ko‘pgina ayollar ortiqcha xarajatdan qochib yoki vaqtlarini ayab, sun’iy kipriklarni uy sharoitida olib tashlashga urinadilar. Natijada ularga ziyon yetadi, kipriklar yulinib, sinib, ko‘rkamligini yo‘qotadi. Go‘zallik salonida esa mutaxassis yelimni erituvchi maxsus vositadan foydalanadi va tabiiy kipriklaringizga ziyon yetmaydi.

2. Afzali: sinalgan usul

Kanakunjut moyidan foydalanish kipriklarni qalinlashtiradi. Bu borada tengsiz bo‘lgan  ushbu moyni qanday ishlatgan afzal? Uxlashdan oldidan moyga shimdirilgan paxtani ko‘z ustiga qo‘ysangiz, ertalab qovoqlaringiz shishib ketishi mumkin. Buning oldini olish uchun obdan qaynatilib tozalangan shisha idishga kanakunjut va chakanda moylarini teng miqdorda aralashtirib, solib qo‘yishni tavsiya etamiz. Demak, aralashmani kiprikning o‘zigagina surtsangiz, ko‘z atrofidagi nozik terida shishlar paydo bo‘lmaydi. 15-20 daqiqadan keyin ortiqcha yog‘ni qoqoz sochiqchalar yordamida artib olasiz. Aralashmani muzlatgichda saqlash lozim. Shuningdek, boshqa yog‘larni ham qo‘llab ko‘rsangiz bo‘ladi. Masalan, bodom moyi kiprik to‘kilishining oldini olib, o‘sishini tezlashtiradi. Atirgul moyi esa qovoqlarning nozik terisiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ajinlar tushishiga qarshi ajoyib tabiiy vositadir.

3. Tabiiy vositalardan yana biri – o‘sma!

Momolarimiz necha asrlardan beri qo‘llab kelayotgan o‘sma qosh va kipriklar uchun tengi yo‘q malham va go‘zallik bag‘ishlovchi vositadir. Ajdodlarimiz qo‘llagan usulni bugunning o‘zidayoq boshlab, qoshlaringiz va kiprigingizni oziqlantiring.  Ular albatta ko‘rkinggizga ko‘rk bag‘ishlaydi va ko‘zlaringiz salomatligining garovidir.

4. Tabiiy usulda bo‘yaymiz

Agar kipriklaringizni qora rangga bo‘yashni istasangiz, sun’iy bo‘yoqqa murojaat qilib o‘tirmang. Buning tabiiy va sinalgan usuli mavjud. Demak, bir choy qoshiq kanakunjut moyiga xuddi shuncha miqdorda achchiq qilib damlangan qora choydan aralashtirib, kipriklarga surtasiz-da, 20 daqiqadan so‘ng qog‘oz sochiqcha bilan artasiz. Amaliyotni haftada ikki marta bajarib tursangiz, kipriklaringiz qora tusga kira boshlaydi.

5. Zardob va dorilar vaqtinchalik chora

Muammoning chorasini internet tarmog’idan izlasangiz, birinchi navbatda, siz singari muammoga duch kelgan ayollarni ko‘plab uchratishingiz mumkin. Shuningdek, o‘zlarining go‘zallik borasidagi maslahatlarini ayamaydigan bloggerlar ham bu borada o‘ziga xos fikrlarni aytib o‘tishadi. Ular orasida qimmatbaho zardoblar va ko‘z bosimini tushurish uchun mo‘ljallangan dorilardan foydalanishni tavsiya qiladiganlar ham uchraydi. Zinhor  ularning tavsiyalariga amal qila ko‘rmang. Birinchidan, bunday vositalarning natijasi uzoq muddatli emas. Foydalanishdan to‘xtasangiz, bir oy o‘tib, mo‘jiza tugaydi. Ikkinchidan, ularning tarkibida gormonlar mavjud bo‘lib, dori vositalari xastalikni davolashga mo‘ljallangan. Muntazam qo‘llanganda aks ta’sir ko‘rsatish ehtimoli mavjud. Biroq shifokor bilan maslahatlashgan holda V guruhi vitaminlarini qabul qilsangiz bo‘ladi.

6. Borini chiroyli ko‘rsatamiz

Kipriklarni avvalgi holiga keltirgandan so‘ng esa tushdan foydalanish mumkin. Bunda tushning sifati bilan birga chyotkasining turiga ham alohida e’tibor qarating. Masalan, silikondan tayyorlangan chyotkalar kalta va qalin kipriklarga mos keladi.

 Oliy toifali vrach Shoira Bekchanova

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.