KORONAVIRUS BILAN BOG‘LIQ HAMDA ALLERGIK KO‘Z KASALLIKLARI HAQIDA BILASIZMI?

0
191
marta ko‘rilgan.

Ko‘z bilan bog‘liq xastaliklar hamda uning oldini olish borasida qator savollar bilan Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromovga murojaat qildik (1-qism).

– Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ayrimlarida nima uchun ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq asoratlar yuzaga kelmoqda?

– Ilmiy tekshirishlar asosida shuni aytish mumkinki, koronavirus ko‘z yoshi ishqoriyligiga juda yaqin. Aynan shuning uchun ko‘zlar koronavirus infeksiyasining organizmga tushishi uchun o‘ziga xos “darvoza”ga aylanadi. Koronavirus asoratlari haqida gapiradigan bo‘lsak, qon tomirlarining yorilishi, subkon’yunktival qon quyulishi, gemoftalm, tromb hosil bo‘lishi, to‘r parda markaziy arteriyasi okklyuziyasi, to‘r parda markaziy venasi tromboziyasi, kavernoz sinusi trombozi kabilarni keltirish mumkin.
Misol uchun, koronavirus tarqala boshlashi bilan subkon’yunktival qon quyulishli bemorlar soni ham ortdi. Bunday xollarda ko‘z tashqaridan ayanchli holatdagidek ko‘rinadi, lekin ko‘rish o‘tkirligi va ko‘zning ichki xolati yaxshi saqlanishi va ko‘zning ko‘rinadigan qismida quyulgan hol asoratsiz 10-14 kun ichida so‘rilib ketishi mumkin. Lekin, afsuski, ko‘z ichida tromb hosil bo‘lganda shifoxonaga kech murojaat qilingan holatlar ham uchrab turadi.

– Koronavirusga chalingan bemorlar ko‘z kasalliklaridan tuzalib ketadimi yoki asoratlari qoladimi?

– Har bir kasallik singari koronavirus tufayli yuzaga kelgan xastaliklar kechishi va asoratlari ham individual bo‘ladi. Immun tizim, ko‘zlarning kasallikdan avvalgi holati, shuningdek, davolanish choralari qay tarzda kechishiga qarab, asoratlar bo‘lish yoki bo‘lmasligi mumkin. Shuni aytish joizki, koronavirusda kech yuzaga keladigan asoratlar ham mavjud. Qon xususiyatlari va tromboz singari o‘zgarishlar qayta hosil bo‘lishi havfini tug‘dirishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun shifokor nazoratida bo‘lishi hamda laborator taxlillar muntazam tarzda bajarilishi kerak.

– Kuz mavsumida turli allergik kasalliklar ko‘payadi. Aytingchi, ushbu mavsumda ko‘z bilan bog‘liq qanday allergik kasalliklar avj oladi?

– Kuzda mavsumiy pollinoz kon’yunktivit, medikamentoz allergiya, allergik keratokon’yunktivit, atopik keratokon’yunktivit, yirik papillyar kon’yunktivit, xronik allergik kon’yunktivit xuruji kabi ko‘z kasalliklari avj olishi mumkin. Odatda allergiyaga moyilligi bor insonlar parhyez qilish haqida, shifokorga murojaat etish kerakligi to‘g‘risida yaxshi bilishadi. Lekin oxirgi paytda aholi orasida ko‘plab turli xil dori vositalarining o‘z bilganicha qo‘llanishi oqibatida allergiya holatlari ko‘paymoqda.

– Ko‘z bilan bog‘liq allergik kasaliklarni davolash va uning oldini olish borasida qanday tavsiyalar bera olasiz?

– Agar o‘zingizda allergiyaga moyillik sezsangiz, birinchi navbatda, iste’moldan allergenlarni olib tashlang. Antigistamin dori vositalarini betartib ishlatmang. Eng muhimi, ko‘z shifokori ko‘rigidan o‘tib, ular yozib bergan dori vositalarini o‘z vaqtidi qabul qiling.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.