O‘rikning foydali xususiyatlari

0
7560
marta ko‘rilgan.

O‘zbek xalqining eng sevimli ne’matlaridan biri–o‘rikning ayni yetilib pishgan pallasi! U o‘zining betakror ta’mi bilan barchamizga xush yoqadi. Turshaki esa qishda ham  jonga darmon bo‘ladi. 

Ulug‘ alloma, tabib Abu Ali ibn Sino o‘rik mevasi va yelimidan oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilashda foydalangan. Mevasi kishiga darmon bag‘ishlaydi, kamqonlikka davodir, deya ta’kidlagan. Tarkibidagi kaliy tuzlari yurak-qon tomir sistemasi kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarga shifo beradi. O‘rik mag‘zidan damlangan choyni xafaqonga tavsiya qilgan. Nafas yo‘llari yallig‘lanishi, ko‘kyo‘tal, nefrit kasalligini tuzatishda ham mag‘zidan foydalangan.

O‘rik tarkibi

Sarhil o‘rik tarkibining 10,5 foizini shakar tashkil etadi. Bundan tashqari, unda yana inulin, olma, limon va uzum kislotalari, hamda organizmdan ortiqcha xolesterin va zaharli moddalarni chiqaruvchi kraxmal va pektin ham mavjud.

Uning  tarkibidagi  A vitamini, organizmning  yuqumli kasalliklarga qarshiligini oshiradi, terining tashqi holatini yaxshilaydi.

B vitamini yurak-qon tomirlari tizimi bilan bog‘liq xastaliklarni davolashda muhim shifobaxsh xususiyatlarga ega.

C vitamini organizmning umumiy qarshiligini oshirib, ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilaydi. Ushbu vitaminning yetarli darajada bo‘lishi ko‘plab og‘ir yuqumli xastaliklarning oldini oladi.

Qolaversa, o‘rik mevasi juda ko‘p mineral tuzlarga ega bo‘lib, ularning odam organizmida kam miqdorda bo‘lishi suyaklarning yemirilishiga olib keladi. Mineral tuzlar kishining asab tizimi va moddalar almashinuvida katta ahamiyatga ega.

 O‘rikning foydali xususiyatlari

O‘rik iste’mol qilish kishining umumiy ahvoliga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yurak-qon tomir va oshqozon-ichak kasalligiga chalingan yoki ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi kishilar mazkur mevaga ko‘proq e’tibor qaratishlari lozim.

O‘rik mevasi gipovitaminoz yoki avitaminozda va kamqonlikda yaxshi yordam beradi. U, shuningdek, saraton xastaligida ham sog‘liqni mustahkamlaydi. Bu ajoyib, ishtaha ochuvchi meva organizmning turli xastaliklarga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi va organizmning hayotiy muhim funksiyalarini qayta tiklaydi.

Semirishga qarshi o‘rik parhyez mahsuloti sifatida yeyiladi. Butun dunyo dietologlari o‘rik moddalar almashinuvi va ovqat hazm qilish jarayoni uchun foydali mahsulot degan fikrga kelgan.

Har kuni undan atigi 100 gramm tanovvul qilish orqali muntazam ich kelishiga erishish va ichaklardagi gazdan xalos bo‘lish mumkin. Temir moddasiga boyligi tufayli uning 100 grammi 250 gramm jigarning o‘rnini bosadi.

Miyaning faolligi uchun magniy va fosforga boy ushbu mevani iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uning tarkibidagi magniy yuqori qon bosimini pasaytirishda ham qo‘l keladi.

Turshak sharbati

Qadimda xalqimiz holdan toygan bemorlarga  sarxil o‘rik  sharbati tavsiya etishgan. Sarxil o‘rik sharbati mevaning o‘ziga qaraganda yengil o‘zlashtiriladi.

O‘rik sharbati homilador ayollar, qolaversa bolalar uchun juda foydali hisoblanadi. Chunki, u ko‘p miqdordagi kalsiy tuzlari va temir moddasiga ega. 150 gramm o‘rik sharbati ichish orqali organizmning karotinga bo‘lgan kunlik ehtiyojini qanoatlantirish mumkin.

Yangi uzilgan o‘rik mevalari bo‘lmagan hollarda uning o‘rnini turshak ham bosa oladi. Kechqurun turshak ustidan qaynoq suv quyib  saharda ichilsa,  ich qotish(kolit) kasalidan forig‘ bo‘ladi. Ko‘pgina kasalliklar ichning o‘z vaqtida surilmaganidan kelib chiqadi.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.