Pandemiya davrida gipertoniya va uning asoratlari

0
165
marta ko‘rilgan.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova bilan pandemiya davrida gipertoniya va uning asoratlari xususida suhbatlashdik.

– Koronavirus pandemiyasi davrida covid-19  asosan yoshi ulug‘larda og‘ir kechyapti.  Bolalarda, yoshlarda yengil o‘tyapti.  Sababi nimada?

– Chunki,  yoshi ulug‘larning  yillar davomida orttirilgan kasalliklari covid-19  bilan uyg‘unlashib ketyapti.
Masalan, gipertoniya kasalligini olaylik.  Gipertoniya kasalligi – bu arterial bosimning turg‘un baland bo‘lib,  yuqori chegarasi muntazam 140 mm simob ustuni va pastki qismi esa 90 mm simob ustunidan baland bo‘lishidir. Hozirgi kunda ushbu xastalik jahonda barcha kasalliklar ichida birinchi o‘rinda turadi.

Bemor o‘z vaqtida davolanmasa yoki noto‘g‘ri davolansa juda og‘ir asoratlarga sabab bo‘ladi. Uning asoratlaridan biri – miokard infarkti bo‘lib, yurak sohasidagi kuchli og‘riqlar, yurakning tez-tez urib ketishi, kuchli holsizlik, sovuq ter bosishi kabi holatlar bilan namoyon bo‘ladi. Miokard infarktining asorati  esa nogironlikdir.

 Qon bosimining keskin ko‘tarilib ketishidan kelib chiqadigan kasalliklardan yana biri – insult  bo‘lib,  miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi yoki miyaga qon quyilishidir. Xastalikning belgilari tana yarmining yoki  qo‘l-oyoqlarning ishlamay qolishidir. Nutqning buzilishi, boshda kuchli og‘riq bo‘lishi shuningdek, xastalik boshning aylanishi bilan kuzatiladi.

Yurak yetishmovchiligi ham qon bosimining asoratlaridan bo‘lib, kasallik bemorda hansirash, tez charchash, oyoqlarda shish paydo bo‘lishi bilan kechadi.

Agar bemorlar qon bosimini doim nazorat qilib tursa, ushbu asoratlar kuzatilmaydi. Qon bosimining yuqorigi chegarasi 120 mm simob ustuni, pastki qismi 80 mm simob usunidan oshmasligi kerak.

Gipertoniya kasalligiga uchramaslik uchun doimo tana vaznining oshib ketmasligiga harakat qilish kerak. Hayvon yog‘larini kam iste’mol qilish maqsadga muofiq.  Dukkakli mahsulotlarni, sabzavotlarni, mevalarni ko‘proq iste’mol qilish sog‘liq uchun foydalidir. Spirtli ichimliklar,  tamaki mahsulotlarini chekish ta’qiqlanadi. Sport bilan muntazam shug‘ullanish esa koni foyda.

Eng asosiysi sog‘lom turmush tarziga rioya qilish ya’ni to‘g‘ri ovqatlanish, o‘z vaqtida dam olish va badantarbiya mashqlari bilan muntazam shug‘ullanish lozim.

Ra’no ZARIPOVA tayyorladi.

Tahririyatdan: Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi  granti asosida uyushtirildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.