Ruh (sink) tanqisligida tavsiya qilinadigan mahsulotlar

0
1526
marta ko‘rilgan.

Inson organizmida ruh (sink) darmondorisi tanqisligida qaysi kasalliklar kelib chiqadi va unday paytda qaysi mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak? Ushbu savollarga javobni tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach  Shoira Bekchanova suhbati asosida tayyorladik.

Ayni kunlarda koronavirusga chalingan bemorlarga ruh (sink) darmondorisi tavsiya etilmoqda. Nega? Chunki, ushbu modda kishi organizmida miqdoridan kam bo‘lsa tez-tez shamollash alomatlari kuzatiladi. Shuning uchun ham koronavirusga chalinganlarga bu darmondori tavsiya etilmoqda. Yana odam organizmida sink moddasi yetarli bo‘lmasa avvalo sezish qobiliyatlari – ko‘rish, hidlash, ta’m bilish izdan chiqadi. 

Bu esa o‘z navbatida ishtaha yo‘qolishiga, ovqat hazm qilishning buzilishiga, shapko‘rlik kabi kasalliklarga olib kelishi mumkin. Tushkun kayfiyat, charchoq, hayotga bo‘lgan qiziqishning so‘nishi rux yetishmasligining asosiy belgilaridir. Soch to‘kilishi, tirnoqlarda oq dog‘lar paydo bo‘lishi, dermatit va yaralarning sekin bitishi, suyaklarning mo‘rt bo‘lib, revmatizm va artrit kasalliklari kelib chiqishi, naslsizlik, bolalarda pakanalik  ham ruh yetishmasligi tufaylidir.

Shuningdek, ruh tanqisligi homilador ayollarda,  oshqozon-ichak dardi bor odamlarda, vegetirian kishilarda hamda spirt ichish dardiga yo‘liqqanlarda ko‘p uchraydi.

Ushbu darmondorining bir kunlik  me’yori erkaklar organizmi uchun 11 mg, ayollar uchun esa 8 mg dir.

Sink moddasini o‘zida saqlaydigan mahsulotlar va ulardagi miqdorlar bilan tanishing:

Dengiz mahsulotlarining 100 grammida   78, 6 mg ruh mavjud. Bu bir kunlik me’yordan besh baravar ortiqdir. Shuning uchun ushbu mahsulotlarni tez-tez iste’mol qilish mumkin emas. Xalqimiz “oyda baliq, yilda kalla” degan matalni bejiz aytmagan. Ya’ni har oyda bir marta baliqli taomlar bilan ovqatlanish kerak.

Go‘sht mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilib turish ham ushbu darmondoriga bo‘lgan talabni ta’minlaydi. Mol, qo‘y, qo‘yon, tovuq kabi go‘shtlar ham ushbu moddaga boy hisoblanadi.  Masalan, 100 gramm mol go‘shtida – 12,3 mg sink mavjud.

Kapakli un ham ushbu ne’matga mo‘l manbalardan biridir. Uning 100 grammida – 16, 7 mg ruh darmondorisi mavjud.  Uni turli pishiriqlarda ishlatish maqsadga muvofiqdir.

Ko‘katlar va ismaloq. Ismaloq – mazkur vitaminni o‘zida asrovchi barcha ko‘katlarning “sultonidir”. Ushbu ko‘kat yana A E K hamda kalsiy, temir, magniy va kaliy kabi darmondorilarni  o‘z ichiga oladi. Ismaloqning 100 grammida  0, 8 mg ruh mavjud.  Navro‘zi ayyomda momolarimizning ko‘katlardan pishiriqlar tayyorlashi  qadimiy go‘zal an’ana bo‘lib, “qari bilganni pari bilmaydi” degan matal ham bejiz emas.

Qovoq  urug‘i, kunjut, kungaboqar  ham juda foydali. Ularning 100 grammida  10, 3 mg ruh mavjud.
Yong‘oqlarning turlari juda ko‘p va barchasida ushbu vitamin mo‘l. Ularning 100 grammini iste’mol qilsangiz  5, 6 mg  ruh bilan to‘yingan bo‘lasiz.

Kakao va shokolad  faqat mazali bo‘libgina qolmay juda foydalidir. Kakao kukunining 100 grammida 6, 8 mg ruh saqlanadi. Shokoladning o‘shancha miqdorida  9, 6 mg ruh mavjud.

Sabzavotlar (karam, kartoshka, sabzi, qovoq)  va no‘xot laviya kabi dukkakli don o‘simliklari  ham ruh manbaidir.

Sut mahsulotlari (qatiq, pishloq, brinza, yogurt) ham ushbu ne’matga boy manba hisoblanadi. Ayniqsa qatiq juda foydalidir. Uning 100 grammida 3 mg ushbu darmondori mavjud.

Mevalarda ham ruh moddasi mavjud, biroq, kishi vujudiga  yetarli darajada boy deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, ona yurt ne’mati bo‘lmish anor,   maymunjon, xo‘jag‘at, do‘lana kabi mahsulotlarda boshqa mevalarga nisbatan ko‘proq.

Xulosa qilib shuni aytamizki, inson immunitetining  holati shu mineralga bog‘liq bo‘lib, shamollash, gripp va koronavirusning dastlabki belgilari namoyon bo‘lganida vitamin C bilan birga ruh tavsiya etiladi. 

Gujum.uz

Tahririyatdan: Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi  granti asosida uyushtirildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.