Shamollashni xalqona davolash bo‘yicha o‘nta tavsiya

0
16548
marta ko‘rilgan.

Shamollash alomatlaridan qisqa muddat ichida shifo topishning xalqona  yo‘llari bilan tanishing.  U ham arzon ham oson bajariladi. Eng asosiysi barcha muolaja tabiiy mahsulotlardan iborat bo‘ladi.

Birinchidan, dam olishga alohida e’tibor berish kerak. Yozda shamollash qish kezlaridan ham og‘ir kechadi. Yoz xastasi qish xastasidan yomon, deydi xalqimiz. Shamollagan kishi birinchi navbatda hamma ishni surib qo‘yib dam olishi, yotishi kerak. Shunda organizm butun kuchini tuzalishga sarflaydi.

Ikkinchidan, vitamin C ga boy mahsulotlardan kuni bilan iste’mol qilib yuring. Limonli va malinali choy, klyukva sharbati, na’matak damlamasini kuniga kamida 3 litrdan ichsangiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Uchinchidan, behi yo‘tal bilan kechayotgan shamollashga koni foyda. Bir dona katta behini olib ikkiga bo‘lasiz. Har bir qismining o‘rtasidagi urug‘larini tozalab, chuqurcha yasaysiz. Chuqurchani asal to‘ldirib, duxovkada past olovda 1 soat davomida dimlaysiz. Behi juda yumshab rangi to‘q sariq bo‘lib qoladi. Issiqligida iste’mol qilsangiz yo‘talingiz tez o‘tadi.

To‘rtinchidan, namokob suv burun oqishini to‘xtatadi. Shuning uchun kuniga kamida 5 marta burningizni namokob suv bilan chaying. Buning uchun katta 20-40 mllik shpritsga namokob suvni to‘ldirib, boshingizni bir tomonga engashtirib burunning bir teshigiga quyasiz. Shunday bo‘lsinki namokob suv burunning bir teshigidan kirib, ikkinchi teshigidan chiqsin. Keyin boshqa burunga shunday tarzda quyasiz. Og‘iz ochiq turishi kerak. Namokob suv o‘zi bilan burundagi suyuqlikni ham olib chiqib ketadi.

Beshinchidan,  burun bitib qolgan bo‘lsa, u holda yalpiz, rayhonga boy so‘rg‘ich konfetlarni so‘rib yuring. Yalpiz, rayhon, sarimsoq, piyoz yoki evkalipt moyini hidlash ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Bularni qay birini xush ko‘rishingizga qarab ishlatasiz.

Oltinchidan, oyoqlaringizni kuniga kamida 3 marta issiq vannada ushlab o‘tirish ham  shifo bo‘ladi.  Suv teri kuymaydigan darajada issiq bo‘lishi kerak. Yoki uni tirsakingiz bilan o‘lchab ko‘rish mumkin. Tirsakingizga moydek yoqsa o‘sha suv ma’qul. Tog‘aradagi suv sovigan sari issiq suvdan oz-oz qo‘shib turing. Terlaguncha o‘tirish lozim. Imkoniyat bo‘lsa, nafaqat oyoqlar, balki butun badanni parli vannada ushlab tursangiz yaxshi natija beradi. Biroq, homilador ayollarga va ayrim bemorlar uchun ushbu muolaja man etiladi. Bu borada uchastka vrachingiz bilan maslahatlashing.

Yettinchidan, meva va sabzavotlarni ko‘p-ko‘p iste’mol qilish kerak. Chunki ular darmondorilarga ya’ni vitaminlarga mo‘l. Sabzavotli qaynatma sho‘rvalar juda-juda foydalidir. Yog‘li, qovrilgan hamda  xamirli ovqatlar, shirin pishiriqlar davolanishni cho‘zib yuborishi mumkin. Oz-oz, tez-tez suyuq ovqatlar  iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

Sakkizinchidan, uy tovuqining suyakli go‘shtlaridan tayyorlangan sho‘rvani achchiq muruch bilan yeb, issiq o‘ranib, dam olsangiz badaningiz ancha yayraganini sezasiz, uvishib turgan vujudingiz tetiklashadi.

To‘qqizinchidan, dumba yog‘ining  hidi yoqimsiz bo‘lgani bilan uning foydasi katta. Eritilgan dumba yog‘ini qo‘lingiz uchiga olib tavoningizga ishqalab surting. Massaj qilsangiz ham bo‘ladi. Issiq paypoq kiyib dam olib o‘tiring. Terlab badandagi shamollash alomatlari yo‘qoladi. Mabodo, yurak-qon tomir  kasalliklari mavjud bo‘lsa, bu muolaja og‘irlik qilishi mumkin. Bu borada vrach bilan maslahatlashing..

O‘ninchisi, yaxshi kayfiyat ila yashashga intilish. Deyarli barcha kasalliklarning asosi insonning psixologik holatidir. Inson qanchalik o‘zini ruhan tetik his qilsa, uning jismoniy salomatligi shunchalik mustahkam bo‘ladi. Demak, shamollaganda faqat yaxshilikni o‘ylab, xush kayfiyatda bo‘lish lozim. Kayfiyatingizni ko‘tarish uchun o‘zingizga yoqadigan musiqani qo‘yib raqsga tushing.  Orombahsh musiqa ostida yengil badan tarbiya bilan shug‘ullaning.

Atrofdagilar bilan ham xushmuomala bo‘ling.  Shunda  yaqinlaringiz ham siz bilan yaxshi muomalada bo‘ladi. E’tiborini ayamaydi. Davolanish uchun xushkayfiyat juda muhimligini yana bir bor ta’kidlaymiz.

Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.